«Siyosiy andishasi bilan ajralib turmagan» - To‘qayev Nazarboyev haqida
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev intervyu berib, mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning Putin bilan munosabatlari haqida gapirdi. Uning eslashicha, Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin «siyosiy andishasi bilan ajralib turmagan» va amaldorlar bilan yig‘ilishlarni davom ettirgan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Ona tili» gazetasiga bergan intervyusida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan munosabatlari haqida gapirdi. Intervyu davomida u 2021 yilda Nazarboyevning «siyosiy andishasizligi» hatto xorijlik diplomatlarni ham hayron qoldirganini ta’kidlab o‘tdi.
To‘qayev Nazarboyev boshqaruviga baho berar ekan, har qanday tarixiy davrning «yorqin va qorong‘i tomonlari» borligini, lekin ijobiy tomonlari uning fikricha, «har holda ancha ko‘p bo‘lganini» ta’kidladi.
«Bunday yutuqlarni rad etish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biz adolatli davlat qurar ekanmiz, tarix va uni yaratganlarga ham shu kabi munosabatda bo‘lishimiz kerak. Bu millatimiz kelajagi uchun kerak. Siyosiy kon’yunktura foydasiga tarixni qaytadan bichish mumkin emas va ayniqsa, tarixni toza qog‘ozga qaytadan yozish xavfli», — deydi Qozog‘iston yetakchisi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Nazarboyevning ko‘p yillik boshqaruvi davrida «kamchiliklar» bo‘lgan, ammo «ishlamagan odamgina xato qilmaydi».
«Iste’foga chiqqanidan so‘ng Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolib, ochig‘ini aytganda, u siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi, bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazdi. Bunga hatto xorijlik rahbar va diplomatlar ham hayrat bilan qaradi, jamoatchiligimiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hatto «iste’fodan keyin Nazarboyevning lavozimi oshib, prezidentni ham o‘ziga bo‘ysundirdi», degan hazil paydo bo‘ldi. Ammo aslida hazillashadigan vaziyat emasdi», — deydi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
Ta’kidlanishicha, bunday vaziyat ikki hokimiyatchilik haqida mish-mishlar to‘lqinini keltirib chiqargan. «Mansabdorlar sinfi goh u, goh bu kabinetga kirib, topshiriqlarni chalkashtirib, sarosimaga tushib qoldi. Qator amaldorlar hatto «Elboshi instituti prezident hokimiyatidan yuqori turishi kerak», deya bu g‘ayritabiiy vaziyatni yuridik jihatdan asoslashga harakat qildi», — deydi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidentining qayd etishicha, Nazarboyevning 2021 yil noyabr oyida o‘tkazilgan Astana Club yig‘ilishida 92 yoshli Maxatxir Muhammadga havola bergan holda Oq o‘rdaga qaytish imkoniyati haqidagi bayonoti va sobiq prezidentning o‘sha yilning dekabr oyida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH sammitidagi ishtiroki hokimiyat inqiroziga olib kelgan muhim burilish bo‘lgan.
«Ammo hozir sog‘lom fikr yuritib, Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston oldidagi tarixiy xizmatlarini munosib baholash kerak. Prezident sifatida davlat manfaatlari va xalqimiz birligini o‘ylashga majburman», — deydi To‘qayev.
Shuningdek, Qosim-Jo‘mart To‘qayev hozirgi kunda taxminan oyda bir marotaba Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qilib turishini ma’lum qilgan.
Intervyu davomida To‘qayev dekabr oyida Nazarboyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuviga ham izoh berdi.
«Nursulton Nazarboyev o‘tgan yilda Vladimir Putin bilan ikki marotaba uchrashdi. Kuz boshlaridagi birinchi uchrashuv haqida OAVda xabar berilmadi.
Ular, aftidan, eski do‘st va hamkasb sifatida uchrashadi, birga eslaydigan narsalari bor. Bunday uchrashuvlarning tashabbuskori Nursulton Abishevich bo‘lib, bu uning uchun juda muhim. Qozog‘iston SSR Ministrlar Sovetining sobiq raisi, partiya rahbari va keyinchalik suveren Qozog‘iston prezidenti sifatida u ma’naviy va siyosiy jihatdan Kreml bilan chambarchas bog‘liq ekanini unutmaslik kerak. Axir Moskvaga xizmat safarlarida, s’yezdlar va plenumlarda, ishchi va rasmiy tashriflarda qancha vaqt o‘tkazilgan», — dedi To‘qayev.
To‘qayev 1991 yildan buyon Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan va bu lavozimni 25 yildan ortiq egallab turgan Nursulton Nazarboyevning vorisi hisoblanadi. 2019 yil mart oyida Nazarboyev iste’foga chiqdi. O‘sha paytda Senat raisi bo‘lgan To‘qayev davlat rahbari v.b.ga aylandi. 2019 yil yozida u Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi.
2022 yil sentabr oyida u konstitutsiyaga o‘zgartirishlar qabul qilingandan so‘ng muddatidan oldin ovoz berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Asosiy qonun yangi tahririga ko‘ra, vakolat muddati besh yildan yetti yilgacha oshirildi, qayta saylanish taqiqlandi. 2022 yilning noyabrida To‘qayev yana qayta saylandi.
Mavzuga oid
20:25
Qozog‘istonda AZAL yo‘lovchilarini qutqarishda ishtirok etgan 19 kishiga davlat mukofotlari topshirildi
17:13
Qozog‘iston O‘zbekistonga olib chiquvchi yangi temiryo‘lni 2027 yilda ishga tushirmoqchi
21:48 / 04.01.2025
To‘qayev davlat gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni ochiq tanqid qildi
16:46 / 03.01.2025