12:49 / 31.01.2022
29153

«UzIMEI – O‘zbekistonni orqaga tortayotgan, tushunarsiz byurokratik tizim» – Jahon banki eksperti

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi, ekspert Vinayak Nagaraj UzIMEI «tushunarsiz byurokratik» tizimligini qayd etib, O‘zbekistonni orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanligi haqida yozdi.

Foto: Kun.uz

Ekspert, ushbu tvitini davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirovning UzIMEI tizimiga doir postidan ilhomlanib yozganini aytadi.

«Boshqa davlatlarning tajribasidan mobil telefonlarni qanday qilib samarali ro‘yxatga olish va «kulrang bozor» muammosini yo‘q qilish bo‘yicha ko‘plab dars olish mumkin. Hozirgi UzIMEI tizimi fuqarolar va ayniqsa mamlakatda 30 kundan ortiq qolayotgan xorijliklar uchun juda og‘riqli muammo.

UzIMEI byurokratik va noqulay bo‘lishi bilan birga, yangi texnologiyalarni joriy etish va IOT (The Internet of things)ni keng qo‘llashga to‘sqinlik qilib turibdi. IOT qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega.

Yana davom etishim mumkin, lekin bu mening har yillik umidsizligim ifodasi. O‘zbekistonning salohiyati va undagi islohotlarga juda ijobiy qarayman, qisqa vaqt ichida ko‘p narsa o‘zgardi. Lekin, UzIMEI juda qalbimni og‘rityapti – kichkina chivin shuncha azob beryapti.

Mening, har yillik umidim va iltimosim – telekommunikatsiya sohasidagi islohotlar yakuniga yetsin, O‘zbekistonda telefonlarni registratsiya qilish sodda va aloqaga ta’sir qilmaydigan tizimga aylansin», - deb yozadi Jahon banki eksperti.

O‘zbekistonda 2020 yildan mobil qurilmalarni IMEI tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan vaqtda ko‘plab tushunmovchilik va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Xususan, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgandi.

«Mening fikrim» portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaat e’lon qilinganidan so‘ng bir yil o‘tib Qonunchilik palatasi tomonidan rad qilingan.

Kun.uz jamiyatni qiynab kelayotgan ushbu tizim borasida ekspertlar va jamoatchilik faollarining fikrlari, taklif va tanqidlarini jamlab, berib kelmoqda

Tizimdagi kamchiliklar yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUKka 2021 yil noyabr oyida Kun.uz tomonidan yuborilgan jurnalistik so‘rovga esa vazirlik javob ham, izoh ham bermadi.

2021 yil oktabr oyida «O‘zbekiston TTBRM» DUKka borgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi ishga tushirilishi hamda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun osonlashtirishi haqida gapirdi, lekin bu ham hozircha quruq gapligicha qolib ketdi.

Bundan tashqari, o‘tgan yillar mobaynida UzIMEI tizimida noqonuniy mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun minglab fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini o‘g‘irlagan shaxslar ustidan ochilgan jinoiy ishlar yuzasidan ham javob berilmayapti. 

Mavzuga oid
Top