12:29 / 11.03.2022
7231

UzAuto Motors AJ IPO tashkillashtirish uchun tender e’lon qildi

2023 yilning oxiriga qadar UzAuto Motors mahalliy va xorijiy IPO’da 30 foizgacha aksiyalarini sotadi.

Foto: Kun.uz

9 mart kuni UzAuto Motors tomonidan O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida tender e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, dastlab «Toshkent» fond birjasida mahalliy IPO o‘tkaziladi. Keyin anderrayterning tavsiyasiga ko‘ra, aksiyalarni chet elda joylashtirish uchun mos platforma tanlanadi. 

Ilova qilingan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil oxirigacha UzAuto Motors o‘zining 5 foizgacha aksiyalarini joylashtiradi. Bundan tashqari, 2023 yil oxiriga qadar xorijiy IPO o‘tkaziladi — unga kompaniyaning 25 foizgacha aksiyalari qo‘yiladi. Bu haqda Spot xabar bermoqda.

«O‘zavtosanoat» tomonidan taklif etilayotgan xizmatlarning boshlang‘ich narxi 9 mln dollarni tashkil etadi.

«UzAuto Motors AJ tomonidan mahalliy va xorijiy fond bozorlarida IPO amalga oshirilishi kompaniya uchun yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirgan holda faoliyatni yanada kengaytirish, investitsion jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur IPO ayniqsa mahalliy bozorda investorlar uchun jozibador bo‘lgan yangi qimmatli qog‘ozlar taklifini shakllantiradi va likvidlik oshishiga hissa qo‘shadi», deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, «Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingandi. Unda bir qator aksiyadorlik jamiyatlari, xususan UzAuto Motors’dagi davlat ulushi ham IPO orqali sotilishi ko‘zda tutilgandi.

IPO (ingliz tilidan olingan – Initial Public Offering) – aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini birlamchi oshkora taklif etish degan ma’noni bildiradi. Ya’ni aksiyalarning cheklanmagan shaxslar orasidagi dastlabki sotuvi va dastlabki taklif qilinishidir. IPO’ni o‘tkazishdan asosiy maqsad korxonani rivojlantirish uchun keng doiradagi investorlardan kapital jalb qilish hisoblanadi.

Top