16:38 / 07.09.2022
53823

Super-kontrakt bo‘yicha yangi tartib belgilandi

O‘zi tanlagan 1-yo‘nalishiga kirolmay, lekin 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan abituriyentlarga o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishga ruxsat berildi. Beshala yo‘nalishda ham imtihondan yiqilgan abituriyentlar esa bu beshta yo‘nalishning istalgan bittasida super-kontraktda o‘qishi mumkin bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Davlat qabul komissiyasi qarori bilan super-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha tartiblar belgilandi. Bu haqda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev xabar bermoqda. Oliy ta’lim vazirligi hozircha bu borada ma’lumot bermadi.

“Eng katta yangilik, bu – abituriyent o‘zi tanlagan BIRINChI yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, unda o‘z xohishi bilan BIRINChI tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat beriladi.

Bu istisno 2-, 3- yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni beshinchi yo‘nalishga o‘qishga kirgan abituriyent ikkinchi yoki to‘rtinchi yo‘nalishni tanlab super-kontrakt qila olmaydi, faqat BIRINChI yo‘nalishga qilishi mumkin.

Shuningdek, tanlagan beshala yo‘nalishiga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, super-kontraktda o‘qishiga ruxsat beriladi”, – deya yozdi bloger.

Eslatib o‘tamiz, super-kontrakt bo‘yicha arizalar 1 oktyabrgacha, kontrakt.edu.uz sayti orqali qabul qilinadi.

Top