16:26 / 30.12.2022
33580

O‘zgarishlarga boy kun: yangi vazirlar tayinlanishi va vazirlar o‘rni almashishi kutilmoqda

Bugun, 30 dekabr sanasi jiddiy o‘zgarishlar va xabarlarga boy kun bo‘lishi kutilyapti. Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ertalabdan tarqalgan gaplar kun davomida o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2021 yilning noyabr oyida sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan Behzod Musayev o‘z lavozimidan ozod etilgan. Hilola Umarova esa maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi. U 2020 yildan beri Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori bo‘lib ishlagan.

Shuningdek, rasman tasdiqlamagan ma’lumotlarga ko‘ra:

  • Behzod Anvarovich Musayev kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga o‘tib, shu kunga qadar sog‘liqni saqlash vazirining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Amrillo Shodiyevich Inoyatov sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lishi;
  • Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev iqtisodiyot va moliya vaziri bo‘lishi;
  • Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov esa tabiat resurslari vaziri bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan avval Xolbo‘tayev Nodirjon (Nodir Jonuzoq) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani hamda prezidentning tegishli farmoni bilan Vladimir Norov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga shu paytgacha xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan Baxtiyor Saidov tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida ma’lum qilingan edi.

Mavzuga oid
Top