10:18 / 29.01.2023
67380

Eronning strategik obektlariga hujum qilindi

Isroil ushbu mamlakat hududida harbiy amaliyot boshlagani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Yakshanbaga o‘tar kechasi Erondagi harbiy infratuzilma obektlarida davomli portlashlar ro‘y berdi.

IRNA agentligi xabariga ko‘ra, Eron shimoli-g‘arbidagi Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi Azarshahrda motor moylari ishlab chiqariladigan yirik zavod yonib ketgan. Bu region shu kuni 5,9 balli zilzila qayd etilib, 2 kishi halok bo‘lgan va 580 kishi jabrlangan G‘arbiy Ozarboyjon viloyati bilan chegaradosh hisoblanadi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador sanalgan Fars agentligiga ko‘ra, Sharqiy Ozarboyjon viloyati markazi bo‘lmish Tabriz shahri atrofidagi korxonada yong‘in ro‘y bergan.

Tasnim yangiliklar agentligi xabar qilishicha, mamlakat markaziy qismidagi Isfahon provinsiyasida joylashgan o‘q-dori ishlab chiqariladigan harbiy zavod ham dronlar hujumiga uchragan.

Shuningdek Eron g‘arbidagi Dizful shahridagi aviabazada portlash ro‘y bergan, mamlakat g‘arbidagi Hamadon hamda mamlakat shimolidagi Risht shahrida portlash va yong‘inlar kuzatilgani xabar qilingan.

Tehronda ham portlash ovozlarini eshitishgan, mahalliy aholi ma’lumotiga ko‘ra, hukumat binolariga hujumlar uyushtirilgan. Guvohlar xabar qilishicha, Eron poytaxti osmoniga qiruvchi samolyotlar ko‘tarilgan.

Ayni vaqtda qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Eron mudofaa vazirligi Isfahondagi o‘q-dori ishlab chiqariladigan zavodga dronlar tomonidan hujum qilinganini tasdiqladi.

«2023 yil 28 yanvar kuni soat 23:30 atrofida mudofaa markazlaridan biriga dronlardan foydalangan holda muvaffaqiyatsiz hujum uyushtirildi. Ulardan biri havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirildi, boshqa ikkisi mudofaa qopqonlariga tushib qoldi va portlab ketdi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Eronlik harbiylarga ko‘ra, bino tomi «biroz shikastlangan».

Britaniya mudofaa tadqiqotlari institutiga (RUSI) ko‘ra, Isfahon yaqinida Shahed Aviation Industries korxonasi joylashgan, bu yerda ishlab chiqariladigan Shahed 131/136 dronlari Rossiya tomonidan Ukraina hududida qo‘llanmoqda.

Eron hukumati mamlakat harbiy obektiga aynan qaysi mamlakat dronlari hujum qilganiga aniqlik kiritmagan.

Isfahon - shu nomdagi viloyat markazi bo‘lib, Tehrondan 330 kilometr janubda joylashgan.

Al Arabiya telekanali xabariga ko‘ra, Isroil Eron harbiy sanoatini yo‘q qilish uchun ushbu mamlakat hududida maxsus harbiy amaliyot boshlagan.

Isroil tomoni bu xabar yuzasidan munosabat bildirmadi.

Top