Jahon | 20:32
2157
3 daqiqa o‘qiladi

Eron norozilik namoyishlarida 3 mingdan ortiq odam halok bo‘lganini rasman e’lon qildi

Halok bo‘lganlarning 2427 nafari tinch aholi va xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. Qolganlar haqida ma’lumot berilmadi.

Foto: AFP/Getty Images

Eron rasmiylari ommaviy norozilik namoyishlari qurbonlari haqidagi rasmiy ma’lumotlarni e’lon qilib, 3117 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib Euronews xabar berdi.

Halok bo‘lganlarning 2427 nafari tinch aholi va xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. Qolganlar haqida ma’lumot berilmadi.

Ta’kidlanishicha, bu raqamlar inson huquqlari tashkilotlari bergan baholardan ancha past. Masalan, AQShda joylashgan HRANA (Human Righs Activiss) agentligi kamida 4902 qurbon haqida xabar bergan bo‘lsa, Reuters’ning Eron rasmiylari orasidagi manbasi 18 yanvar kuni «tasdiqlangan» 5000 qurbon haqida ma’lum qilib, bu raqam «sezilarsiz darajada oshishi» mumkinligini ta’kidladi.

Euronews nashrining qayd etishicha, Eron rasmiylari norozilik namoyishlari chog‘ida internet va xalqaro qo‘ng‘iroqlarni to‘sib qo‘ygan, shuningdek, jurnalistlar faoliyatini cheklagan, bu esa zo‘ravonlik ko‘lamini mustaqil baholashni qiyinlashtirgan. Shu bilan birga, davlat tashviqot resurslari namoyishchilarni AQSh va Isroil tomonidan motivatsiya qilingan «isyonchilar» sifatida ko‘rsatgan.

Iqtisodiy qiyinchiliklar fonida 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari umummilliy chiqishlarga aylanib ketdi. HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 26,5 ming kishi hibsga olingan. Eron sud tizimi vakili Asqar Jahongirning ta’kidlashicha, hibsga olinganlarning ba’zilari «Xudoga qarshi isyon»da ayblanmoqda, mamlakat Jinoyat kodeksiga ko‘ra ularga o‘lim jazosi belgilanishi mumkin.

Avvalroq, eronlik namoyishchilarga yordam va’da qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp 16 yanvar kuni Tehron 800 nafardan ortiq namoyishchiga nisbatan o‘lim jazosini ijro etishdan bosh tortganini aytib, Eronga zarba bermaslikka qaror qilganini ta’kidladi. Biroq, ertasi kuniyoq prokuror Ali Solihiy Trampning so‘zlarini «safsata va bema’ni» deb atadi va ko‘plab ishlar allaqachon sudlarga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy, o‘z navbatida, «ichki jinoyatchilar»ni ayamaslikni talab qildi. Ko‘p o‘tmay Tramp «Eron uchun yangi rahbariyat izlash vaqti kelganini» aytib, Xominaiyni «kasal odam» deb atadi.

Mavzuga oid