18:54 / 02.02.2023
5187

Avstriya rossiyalik to‘rt nafar diplomatni chiqarib yuborishini e’lon qildi

Ularga 8 fevralga qadar mamlakatni tark etish buyurilgan.

Foto: AP

Avstriya rossiyalik to‘rt nafar diplomatni «persona non grata» deb e’lon qildi. Avstriya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ular bir hafta ichida mamlakatni tark etishi kerak.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qaror Rossiya elchixonasining ikki xodimiga tegishli. Ular «diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar»da ayblangan. Ulardan tashqari Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ikki diplomati ham «persona non grata» deb e’lon qilindi. Ular, deb yozadi Tashqi ishlar vazirligi, Vena shahrida «shtab-kvartira kelishuviga mos kelmaydigan harakatlar» qilgan.

Rossiya diplomatlari 8 fevralgacha Avstriyani tark etishi kerak. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi hozircha vaziyatga izoh bermadi.

2 fevral kuni surishtiruvchi jurnalist va Bellingcat rahbari Xristo Grozev xavfsizligiga ehtimoliy tahdid tufayli 20 yildan beri yashab kelgan Venani tark etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «shaharda politsiyachilardan ko‘ra rus agentlari va informatorlari ko‘proq».

2022 yil aprel oyida Avstriya Rossiya elchixonasining uch xodimini va Zalsburgdagi bosh konsulligining bir xodimini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bunga javoban Rossiya TIV Avstriya elchixonasining to‘rt nafar xodimini chiqarib yuborgan edi.

2023 yil yanvar oyi oxirida Litva Tashqi ishlar vazirligi rahbari Gabriyelius Landsbergis Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiya elchilarini chiqarib yuborishga chaqirdi. Bungacha Estoniya va Latviya Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi. Litva buni 2022 yil aprel oyida amalga oshirdi.

Top