10:01 / 03.02.2023
9065

Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha XOQni Rossiya va Belarus bo‘yicha tanqid qildi

Litva, Latviya, Estoniya va Polsha rossiyalik va belaruslik sportchilarning xalqaro musobaqalarda neytral bayroq ostida qatnashish uchun qaytishini nomaqbul deb hisoblaydi.

Foto: Ieva Lūka/LETA

Litva, Latviya, Estoniya va Polsha hukumatlaridagi sportni rivojlantirishga mas’ul vazirlar Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Rossiya va Belarus sportchilarining xalqaro musobaqalarda neytral bayroq ostida qatnashishiga ruxsat berish g‘oyasini keskin qoraladilar. 2 fevral, payshanba kuni bu borada vazirliklarning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

Avvalroq, 25 yanvar kuni XOQ bayonot berib, tashkilotning ukrainalik sportchilar bilan birdamligi hamda ular 2024 va 2026 yilgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashishlari uchun hamma narsani qilish niyatida ekanliklarini bildirgan edi. Shu bilan birga, ayni hujjatda sportchilarni faqat pasportlari asosida musobaqalardan chetlashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlangan.

Shu munosabat bilan XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilarga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng ular to‘xtatilgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga qaytishga ruxsat berishni taklif qildi. Shu bilan birga, ikkita shart ilgari surildi: sportchilarning neytral maqomi, ya’ni ularning Rossiya yoki Belarusga tegishli ekanligini ko‘rsatadigan davlat bayrog‘i, madhiyasi va boshqa atributlarning yo‘qligi. Ikkinchi talab - qat’iy antidoping nazorati va sportchi XOQning tinch missiyasini qo‘llab-quvvatlashi.

Betaraflik niqobi ostida rossiyalik va belaruslik sportchilarni xalqaro musobaqalarga qaytarishga urinishlar Rossiya va Belarusning siyosiy qarorlari va u yerda keng tarqalgan tashviqotni qonuniylashtiradi, deyiladi Boltiqbo‘yi va Polsha sport vazirlari bayonotida. Ularning fikriga ko‘ra, bu holda sport Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligidan e’tiborni chalg‘itish uchun ishlatiladi.

Bundan tashqari, rossiyalik va belaruslik sportchilarning xalqaro musobaqalarga qo‘yilishi, xususan, Rossiya yoki Belarusdan bo‘lgan raqiblar bilan bellashishi yoki ularning muxlislari bilan to‘qnash kelishi kerak bo‘lsa, ukrainalik sportchilarni qiyin ahvolga solib qo‘yadi, deydi mualliflar.

Top