Jahon | 19:29 / 22.09.2025
13042
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir – Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi va bir qator muhim bayonotlarni berdi. U raketaga qarshi mudofaa tizimlarini koinotda joylashtirish bo‘yicha AQSh rejalarini tanqid qildi va Rossiya «keskinlikning yanada kuchayishidan va qurollanish poygasini rag‘batlantirishdan manfaatdor emas» ekanini aytdi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 sentabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi va bir qator muhim bayonotlarni berdi. Kreml rahbarining ta’kidlashicha, strategik barqarorlik sohasidagi vaziyat yomonlashishda davom etmoqda.

«Bugun men milliy manfaatlarimizni, Rossiya suverenitetini himoya qilish, umuman xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun favqulodda muhim va prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa masaladan boshlashni istardim. Men strategik barqarorlik sohasidagi vaziyatni nazarda tutyapman. U, afsuski, tanazzulga yuz tutishda davom etmoqda», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mavjud tahdidlarning kuchayishi va yangi strategik xavflarning paydo bo‘lishiga olib keladigan bir qator salbiy omillarning birgalikdagi ta’siri» bilan bog‘liq.

Putinning ta’kidlashicha, G‘arbning vayronkor qadamlari tufayli yadroviy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik poydevoriga jiddiy putur yetdi.

«G‘arb davlatlari tomonidan ilgari qo‘yilgan yetarlicha halokatli qadamlar oqibatida yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlar va amaliy hamkorlik poydevoriga jiddiy putur yetdi. Muloqot, tegishli ikki va ko‘p tomonlama formatlar uchun asoslar zaif bo‘lib chiqdi», dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya 2026 yil 5 fevraldan keyin Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma (SHQSh) bo‘yicha miqdoriy cheklovlarga yana bir yil amal qilishga tayyor, agar AQSh ham shunday qilsa.

«Strategik qurollanish poygasining davom etishini qo‘zg‘atmaslik, maqbul darajadagi bashorat qilish va vazminlikni ta’minlash uchun biz hozirgi yetarlicha turbulent bosqichda SHQSh tufayli shakllangan status-kvoni saqlab qolishga harakat qilishni oqilona deb hisoblaymiz. Shuning uchun Rossiya 2026 yil 5 fevraldan keyin bir yil davomida ushbu shartnoma bo‘yicha markaziy miqdoriy cheklovlarga rioya qilishni davom ettirishga tayyor», dedi Putin.

«O‘ylaymizki, ushbu chora faqat AQSh ham xuddi shunday harakat qilganda va mavjud tiyib turish salohiyati nisbatiga putur yetkazadigan yoki buzadigan qadamlar qo‘ymagan taqdirdagina hayotiy bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Kreml rahbari so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har qanday tahdidlarga so‘z bilan emas, balki harbiy-texnik choralarni qo‘llash orqali javob berishga qodir, ammo shu bilan birga, u qurollanish poygasini rag‘batlantirishdan manfaatdor emas.

«Ta’kidlayman va bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerakki, Rossiya har qanday mavjud va yangi paydo bo‘layotgan tahdidlarga javob bera oladi: so‘z bilan emas, balki harbiy-texnik choralarni qo‘llash orqali», dedi Putin.

U Rossiyaning o‘rta va qisqa masofali yerusti raketalarini joylashtirishga bir tomonlama moratoriydan voz kechish to‘g‘risidagi qarorini misol qilib keltirdi. «Bu Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Amerika va boshqa G‘arbda ishlab chiqarilgan shunga o‘xshash qurollarni joylashtirish dasturlariga munosib javob berish zarurati tufayli majburiy qadam bo‘ldi, bu esa Rossiya xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi», dedi Putin.

Shu bilan birga, prezidentning ta’kidlashicha, Rossiya «keskinlikning yanada kuchayishidan va qurollanish poygasini rag‘batlantirishdan manfaatdor emas».

Putin so‘zlariga ko‘ra, koinotda AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimi elementlarini joylashtirish Moskvaning strategik hujum qurollari (SHQ) sohasidagi status-kvoni saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

«Tegishli idoralardan Amerika tomonining tegishli faoliyatini, birinchi navbatda, SHQ arsenalini sinchkovlik bilan kuzatishda davom etishini so‘rayman», dedi u.

Prezidentning ta’kidlashicha, «AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimining strategik tarkibiy qismlarini kengaytirish rejalariga, jumladan, koinotda urib tushirish vositalarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rishga ham alohida e’tibor qaratish kerak».

«Shunga asoslanamizki, bunday beqarorlashtiruvchi harakatlarning amalga oshirilishi SHQ sohasidagi status-kvoni saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Shunga yarasha munosabat bildiramiz», dedi u.

Mavzuga oid