09:53 / 09.02.2023
7192

NATO davlatlari Ukrainaga 120 mlrd dollarlik yordam berdi

Deyarli bir yillik urushda NATOning 30 ittifoqchisi Ukrainaga misli ko‘rilmagan yordam ko‘rsatdi, dedi Yyens Stoltenberg. Uning fikricha, bu AQSh, Kanada va Yevropa «yelkama-yelka» turganda qancha ish qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

Yyens Stoltenberg / Foto: Reuters

NATO davlatlari Ukrainaga 120 milliard dollarga yaqin (112 milliard yevro) harbiy, gumanitar va moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Bunday ma’lumotlarni 8 fevral, chorshanba kuni Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Yyens Stoltenberg Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Translatsiya AQSh Davlat departamenti tomonidan Twitter'da e’lon qilindi.

Deyarli bir yil avval Rossiya urushi boshlanganidan beri NATO bo‘yicha jami 30 ittifoqchi Ukrainaga misli ko‘rilmagan yordam ko‘rsatdi, dedi Stoltenberg, Qo‘shma Shtatlar eng yirik ittifoqchi sifatida «ajralmas rol» o‘ynamoqda. Yevropadagi ittifoqchilar va Kanada ham yordamni kuchaytirdi - ular birgalikda tanklar, ilg‘or havo mudofaa tizimlari va boshqa harbiy texnika bilan ta’minlab, barcha yordamning yarmidan ko‘pini ko‘rsatdilar, dedi u.

Bundan tashqari, Yevropa davlatlari qariyb 5 million ukrainalik qochqinni qabul qildi, misli ko‘rilmagan sanksiyalar kiritdi va Rossiya gazi va neftidan bosh tortmoqda, deya davom etdi Stoltenberg. Uning fikricha, bunday harakatlar Yevropa va Shimoliy Amerika «yelkama-yelka» turganda «qanchalik ko‘p ish qila olishini» namoyish etadi.

NATO bosh kotibining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «agar Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqib, muzokaralar stoliga o‘tirsa, bugun bu urushni tugatishi mumkin». «Ammo, afsuski, biz Rossiya tinchlikka tayyorlanayotgani alomatlarini ko‘rmayapmiz. Aksincha, Moskva yangi harbiy hujumlarga tayyorlanmoqda. Shuning uchun Ukrainani hududni qaytarib olishi va suveren mustaqil davlat sifatida g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘lar bilan ta’minlashda davom etishimiz kerak», - dedi Yyens Stoltenberg.

U Rossiyaning g‘alabasi «Ukraina uchun fojia bo‘lishi», shuningdek, butun Shimoliy Atlantika ittifoqi uchun ham xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top