11:53 / 16.02.2023
3993

Tojikistonda ham Yandex.Go ishga tushgani aytilmoqda

16 fevraldan Rossiyaning gigant IT-kompaniyasiga tegishli Yandex.Go servis xizmati Dushanbeda ham ishlay boshladi. Bu haqda Sputnikʼning Tojikistondagi muxbirlari ma’lum qildi.

 

Sputnik Tadjikistan Telegram-kanalida e’lon qilingan videoga ko‘ra, jurnalistlarning shaxsan o‘zi bu xizmatdan foydalanib ko‘rgan. Unga ko‘ra, Yandex.Go ilovasi orqali buyurtma berilgach, avtomobil 3-4 daqiqada yetib kelgan.

«102-mikrorayondan matbuot uyigacha bo‘lgan yo‘nalishda 21 somoniy (22 ming 883 so‘m), shahar markazidan aeroportgacha esa 20 somoniy (21 ming 787 so‘m) bo‘ldi», deyiladi xabarda.

Yandex.Go xizmati Tojikistonga kirib kelayotgani haqidagi mish-mishlar 2022 yilning 3-choragida tarqalib, dekabr oyida qisman o‘z tasdig‘ini topgandi.

Asia.plus nashrining Yandex.Go reklama agenti Elmaz Barxonovaga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha vaqtda mazkur servis xizmati Tojikistonda sinovdan o‘tkazilayotgan bo‘lgan va tez orada rasmiy ma’lumot berilishi aytilgan.

«Ular ikki oy avval Tojikistonda ish boshlagan. Biz ularning targeti, marketingi, anonslari va boshqa ma’lumotlarini kuzatyapmiz. Ishga xodim ham olishmoqda. Aytishlaricha, istalgan odam ularga murojaat qilib, ishga kirishi mumkin. Hozircha kompaniya ofisi qayerda joylashgani va ular bilan qanday bog‘lanishni bilmayman», degan Asia.plus muxbiriga Dushanbedagi taksi kompaniya xodimlaridan biri.

Googleʼdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yandex.Go xizmati 12 ta davlatda ishlaydi va ular qatorida hozircha Tojikiston yo‘q. Bu davlatdagi taksi servis xizmatlari orasida ham Yandex.Go nomi qayd etilmagan.

Top