15:18 / 19.02.2023
20328

Bosqinga bir yil to‘lishi arafasida Ukraina-Rossiya muzokaralari qanday holatda?

Roman Abramovich jamoasi Ukraina bilan qanday kelishuvlarga erishgan va bunda Sergey Kapkov qanday rol o‘ynaydi?

Foto: Cem Ozdel / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi bir yildan beri davom etmoqda. Deyarli shuncha paytdan buyon Moskva va Kiyev o‘rtasida mojaroni hal qilish bo‘yicha jiddiy muzokaralar o‘tkazilgani haqida hech qanday ma’lumot chiqqani yo‘q. Ikki davlat delegatsiyasining so‘nggi rasmiy uchrashuvi 2022 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgandi. «Meduza» nashri xabar berishicha, shundan so‘ng to‘laqonli muzokaralar asirlar almashinuvi va kamdan kam norasmiy aloqalarga aylangan. Biroq bu aloqalarda yangi, kutilmagan insonlar ishtirok etgan. Ulardan biri «Sobyanin Moskvasi» asoschilari qatorida bo‘lgan Sergey Kapkov.

«OAV uchun bir nechta sahnalar bo‘ldi, qolgan paytda esa ular suhbatlashib, hazillashib o‘tirishdi»

Rossiya-Ukraina rasmiy muzokaralari amalda 2022 yil mart oyi oxiridan muzlatilgan. «Meduza» nashrining muzokaralar jarayonida ishtirok etgan uch nafar suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, dastlab ikki delegatsiya ham muzokaralar vaziyatni o‘zgartirishi va keng ko‘lamli urushni to‘xtatishi mumkinligiga chindan ham umid qilgan. Ammo tez orada bu umid havoga sovurilgan.

«Rossiya delegatsiyasida faqat bitta o‘zi nima qilayotganini tushunmaydigan (muzokara olib bora olmaydigan) delegat bor edi. Bu mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin edi. U «denatsifikatsiya» haqidagi propaganda yolg‘onini muntazam takrorlagan va chindan ham bunga ishongan. Qolganlarning hammasi, masalan, Rossiya delegatsiyasi rahbari, Rossiya Federatsiyasining sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy ozmi-ko‘pmi normal va ratsional edi», deya gapirgan nashr manbasi muzokaralar jarayoni haqida.

Ukraina rasmiy delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Zelenskiy devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham mart oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va undagi optimizm haqida so‘zlab bergan. Masalan, «Meduza» nashriga bergan intervyusida u Medinskiyni «konstruktiv muzokarachi» deb atagan va Kiyev Rossiyada kelishuvlardan qandaydir murosasiz loyihalar orqali chiqish istagini ko‘rayotganini ta’kidlagan.

Sobiq madaniyat vazirining yaqin tanishi Rossiya rasmiy delegatsiyasi atayin «sovuq kalxatlar»dan tanlanmaganini aytgan. Medinskiyning delegatsiyaga kiritilishi Putin go‘yoki «uning tarix bo‘yicha ma’ruzalarini tinglashni yaxshi ko‘rgani» bog‘liq, deb tushuntirgan manba.

Urush boshlanganidan bir oy o‘tgach, 2022 yil 29 mart kuni Medinskiy «Rossiyaning tinchlik yo‘lida tashlayotgan ikkita ulkan qadami»ni e’lon qildi, ya’ni rus armiyasi Kiyev va Chernihiv yo‘nalishlarida chekinishi ma’lum qilindi.

Biroq sobiq madaniyat vaziri darhol o‘sha «kalxatlar»ning qattiq tanqidiga uchradi. Masalan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov «Biz hech qanday chekinishni amalga oshirmaymiz, janob Medinskiy nimadadir adashdi» deya uni tanqid qildi. Putinning o‘zi esa Ukraina hukumati Rossiya armiyasining chekinishi evaziga bajarilishi kerak bo‘lgan ayrim kelishuvlarni bajarishdan bosh tortganini aytib o‘tdi.

«Ommaviy axborot vositalari uchun delegatsiyalar a’zolarining qog‘ozlarni stol bo‘ylab uzatish sahnalari bo‘lgandi. Qolgan vaqtda ular shunchaki o‘tirishdi, suhbatlashishdi, tarixiy latifalar aytib hazillashishdi», degan Medinskiyning tanishi.

O‘shanda, rus armiyasi Kiyevdan chekinganidan so‘ng, butun dunyo Ukrainada rus harbiylari tomonidan sodir etilgan qirg‘inlar, shu jumladan Bucha voqealaridan xabar topdi. Bu hodisalar Kiyev ritorikasini ancha keskinlashtirdi: Ukraina rasmiylari Putin bilan muzokaralar olib borishga tayyor emasliklarini bir necha bor ta’kidladi. Moskva esa «o‘z shartlariga ko‘ra» muloqotga ochiqligini da’vo qilishda davom etdi.

«Buchadan oldin, ya’ni ular (Rossiya qo‘shinlari) Kiyev oblastini tark etishidan oldin, hech kim Rossiya Ukrainada qanday urush olib borayotganini to‘liq tushunmadi. Ammo tez orada Rossiya bu yerga muzokaralar olib borish uchun kelmagani ma’lum bo‘ldi. Biz keyinroq tushundikki, bu rus diplomatiyasi uchun an’anaviy pozitsiya edi: sen kelasan, qandaydir gaplarni gapirasan, lekin aslida bu muzokaralar mazmuni umuman boshqa bo‘ladi. Va Buchadan keyin ma’lum bo‘ldiki, har qanday muzokaralar faqatgina Ukraina xalqini genotsid yo‘li bilan yo‘q qilishning sekinlashishigagina olib keladi. Bizning davlat sifatida mavjud bo‘lishimizga yo‘l qo‘yilmaydi», degan Podolyak «Meduza» nashri bilan suhbatda.

Muzokarachilardan birining yaqin tanishi 2022 yil bahoridagi Rossiya delegatsiyasiga mustaqil ravishda muloqot o‘tkazishga ruxsat berilmaganini tasdiqlagan.

«Rossiya delegatsiyasining barcha a’zolari muzokaralarga tayyor qog‘ozlar bilan kelgan, improvizatsiya yo‘q edi. Muhokama qilishni talab qiladigan mavzu paydo bo‘lishi bilanoq, sukunat boshlandi. Rossiya delegatsiyasi vaqtni cho‘zdi, birinchi shaxslarga yozdi, o‘zlari hech nimani hal qilmadi», deydi u.

«Meduza» suhbatdoshining aytishicha, rossiyalik muzokarachilarda «birinchi shaxslar» bu kelishuvlardan qanday aniq maqsad ko‘zlagani va frontdagi vaziyat haqida umuman tushuncha bo‘lmagan.

Mixaylo Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyalik delegatlar «Rossiya o‘z qo‘shinlarini yanada orqaroqqa olib ketishga tayyormi?» degan savolga «qo‘shinlar hozir qayerda bo‘lsa o‘sha yerda qoladi va hatto oldinga ham siljishi mumkin» deya javob bergan.

«Bu hayratlanarli edi. Ularning gapidan deyarli shunday ma’no chiqardi: Biz shaharlarni egallay olmaymiz, shuning uchun siz ularni bizga bering», deya vaziyatni ifodalaydi Podolyak.

Bularning barchasi, xususan, eng kichik savollarga ham mustaqil javob bera olmaslik Ukraina tomonini Rossiyada aslida hech qanday muzokaralar guruhi yo‘qligiga ishontirgan.

«Bu ajablanarli hol emas. Rossiya hukumatining butun tashkiliy tizimi turli darajadagi mustaqil qarorlar qabul qilishga imkon bermaydi. Shu sababli, muzokaralarga kelgan yigitlar (shuningdek, har qanday Rossiya delegatsiyasi) muzokaralar jarayonini mustaqil baholash, pozitsiyalarni o‘zgartirish, muloqot qilish huquqiga ega bo‘lgan odamlar emas, balki faqat propaganda vagonlaridir», deya xulosa qilgan Podolyak.

Natijada ikki davlat delegatsiyalarining rasmiy uchrashuvlari formati barbod bo‘ldi, urushni to‘laqonli tinch yo‘l bilan hal qilish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Faqat norasmiy aloqalar, shuningdek, asirlarni almashtirish va boshqa xususiy masalalarni muhokama qilish borasidagi kanallargina qolgan.

«Muzokaralar uni biznesdan ko‘ra ko‘proq qiziqtiradi»

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining dastlabki kunlaridanoq tinchlik muzokaralarining eng kutilmagan ishtirokchilaridan biri tadbirkor Roman Abramovich bo‘ldi. Keng miqyosli urush boshlanganidan keyin Abramovich Ukraina tomoni bilan munosabatlarda Putinning «ishongan odami»ga aylandi. Financial Times nashri xabariga ko‘ra, uning tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishini Rossiya prezidentining shaxsan o‘zi «qo‘llab-quvvatlagan». Rasmiy ravishda, Kremldagilar biznesmen rasmiy rossiyalik muzokarachilar orasida emasligini, lekin Moskva va Kiyev o‘rtasidagi aloqalarda (jumladan, asirlarni almashish bo‘yicha) ishtirok etganini aytgan.

«Meduza»ning Rossiya hukumatiga yaqin manbasi ta’kidlashicha, Abramovich muzokaralar jarayoniga o‘z tashabbusi bilan qo‘shilgan, biroq uning ishtiroki haqiqatan ham tadbirkorni uzoq vaqtdan beri taniydigan Putin tomonidan shaxsan ma’qullangan. Nashrning muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan Kiyevdagi suhbatdoshi ham Abramovichning o‘zi Ukraina tomoniga aloqaga chiqib, o‘z nomzodini vositachi sifatida «taklif qilgani»ni tasdiqlagan.

Ko‘pgina tahlilchilar Abramovichning bunday faolligini o‘ziga nisbatan joriy qilingan xalqaro sanksiyalarni bekor qilish istagi bilan bog‘lagan. 24 fevraldan keyin «Putin bilan uzoq va yaqin aloqalari» uchun biznesmenga nisbatan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar joriy etildi. Ukraina ham uni sanksiyalari ro‘yxatiga qo‘shdi (biroq bu cheklovlar asirlar almashinuvi tugaguniga qadar to‘xtatib qo‘yilgan). Hozirda Abramovich aktivlarining katta qismi xatlangan. Angliyaning «Chelsi» futbol klubi investorlar konsorsiumiga sotildi (London tadbirkor bu bitimdan naf ko‘rmasligi haqida huquqiy kafolatlar oldi: pullar Ukrainadagi urush qurbonlariga yordam berish fondiga o‘tkaziladi).

Biroq, «Meduza» bilan suhbatlashgan Abramovichning ikki yaqin tanishi so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilishga chin dildan umid qilgan. Suhbatdoshlardan birining aytishicha, so‘nggi oylarda Abramovich o‘z biznesidan ham ko‘ra, ushbu tinchlik jarayonlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

«Hozir u bilan biznes mavzusini gaplashish befoyda, u bir daqiqadayoq qiziqishni yo‘qotadi. Uning miyasi boshqa narsalar bilan band. U bilan gaplashmoqchi bo‘lsangiz, u sizga shunday javob beradi «Menga qara, sen kecha Zelenskiy e’lon qilgan bayonotni o‘qidingmi? Nima deb o‘ylaysan endi nima bo‘ladi? Nima qilish mumkin?» Uni mana shu savollar ko‘proq qiziqtiradi», degan Abramovichga yaqin manba.

Abramovichning Rossiya-Ukraina muzokaralari doirasidagi ko‘rsatmalari David Davidovich tomonidan bajarilgan, deya xabar bergan «Meduza»ga muzokaralardan xabardor bo‘lgan shaxslar. Davidovich Abramovichning uzoq yillik biznes sherigi bo‘lib, hozirda u Millhouse MChJ bosh direktorining o‘rinbosari hisoblanadi (Millhouse MChJ Roman Abramovichga tegishli bo‘lib, uning aktivlarini boshqaradi).

Shu bilan birga, nashrning vaziyatdan xabardor manbasi Davidovich yaqin orada Ukrainada bo‘lmaganini ta’kidladi. Nashr suhbatdoshlarining fikricha, bunga sanksiyalar sabab bo‘lgan. Davidovich ham Abramovich kabi 2022 yilning bahorida Britaniya sanksiyalariga uchragan ham Kiyevdagi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Nashr Davidovichning Ukraina sanksiyalari ostida ekanligini hujjatlar bilan tasdiqlay olmadi: Ukraina Adliya vazirligi mamlakatda joriy qilingan harbiy holat tufayli davlat reyestrini yopib qo‘ygan. Maqola nashr etilgan vaqtda Davidovich nashrning Millhouse matbuot xizmati orqali yuborilgan savollariga hali javob bermagan edi.

Urush boshida Abramovichning yana bir uzoq yillik tanishi muzokaralar jarayonida ishtirok etgan. Bu «Skolkovo» boshqaruv maktabi direktorlar kengashi raisi, Rossiya prezidenti administratsiyasining sobiq rahbari (1999-2003 yillarda) Aleksandr Voloshin edi. Bu haqda «Meduza»ga muzokaralarda qatnashgan ikki manba ma’lum qilgan va Voloshinning tanishi ham bu axborotni tasdiqlagan.

Voloshin Davidovichdan farqli o‘laroq, Ukrainaga umuman bormagan, lekin Ukraina rasmiylari bilan telefon orqali gaplashgan. Xususan, u Ukrainaning rasmiy muzokaralar guruhi tarkibiga kirgan «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya bilan aloqa o‘rnatgan.

«Voloshinning o‘zi (rasmiy) muzokaralarda qatnashmadi. Bu shunchaki ushbu vaziyatda nima qilish mumkinligi haqidagi munozara edi. O‘shanda (keng ko‘lamli urushning boshida) ikki tomon ham mojaroni (tinch yo‘l bilan hal qilish) mumkinligiga ishonardi», deb tushuntirgan Voloshinning tanishi. Voloshinning o‘zi izoh berishdan bosh tortgan.

Muzokaralar jarayonining yana bir ishtirokchisi Abramovich bilan uzoq yillik do‘stlik munosabatlariga ega bo‘lgan kinoprodyuser Aleksandr Rodnyanskiy. 2023 yil yanvar oyida rossiyalik jurnalist Irina Shixmanga bergan intervyusida Rodnyanskiy Rossiya bosqini boshlangan kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak unga qo‘ng‘iroq qilib, Abramovich bilan bog‘lashni taklif qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklar «qanday qilib bo‘lsa ham tezkorlik bilan tinchlik sulhiga yo‘l topmoqchi» bo‘lgan (Ukraina rahbariyatidagilar bu ma’lumot haqiqiyligini tasdiqlamagan).

Intervyuda Rodnyanskiy unga bu taklifning berilishini uning Zelenskiy jamoasi va prezidentning o‘zi bilan yaxshi tanish ekani bilan bog‘lagan. Zelenskiy 2000-yillar boshida televideniyedagi faoliyatini Rodnyanskiy asos solgan «1+1» kanalida boshlagan.

Film prodyuserining muzokaralardagi roli asirlar almashinuvini tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, deydi Rodnyanskiy bilan tanish bo‘lgan ikki manba.

Xususan, Rodnyanskiy va Abramovich go‘yoki 2022 yil sentabr oyidagi katta asirlar almashinuvida ishtirok etgan. O‘shanda «Azov» polkining «Azovstal» zavodini himoya qilgan jangchilari Ukrainaga qaytgan va buning evaziga Rossiyaga Putin qizining «cho‘qintirgan otasi» bo‘lmish Viktor Medvedchuk berilgan edi (bu voqea rossiyalik «vatanparvarlar»ning tanqidiga ham uchragandi).

Abramovichning vositachisi

Yaqinda muzokaralar jarayoniga Abramovichga bog‘liq yana bir shaxs qo‘shildi. Bu Moskva madaniyat departamentining sobiq rahbari Sergey Kapkov. Masalan, u yaqinda Roman Abramovich topshirig‘i bilan Kiyev va Istanbulga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Kapkov va Abramovichning ikki tanishi «Meduza» nashriga.

Abramovich va Kapkov uzoq yillik ish munosabatlariga ega. Xususan, Abramovich 2000-yillar boshida Chukotka okrugi gubernatori bo‘lib ishlaganda Kapkov uning o‘rinbosari bo‘lgan. Oradan o‘n yil o‘tib, Kapkov o‘zining Moskvadagi xizmati tufayli mashhur bo‘ldi. 2010-yillar boshlarida u moskvaliklar uchun juda mashhur dam olish maskani va «Sergey Sobyaninning go‘zal Moskvasi» ramzlaridan biriga aylangan Gorkiy bog‘ini rekonstruksiya qilishga rahbarlik qildi.

Abramovich Kapkovni muzokaralar jarayoniga qo‘shgan va uni o‘zining «ishonchli vositachisi»ga aylantirgan. David Davidovichdan farqli o‘laroq, Kapkovga hali ham Ukrainaga kirishga ruxsat berilgan. «Meduza» suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Kapkovning ikkinchi pasporti uning Ukrainaga kirishini osonlashtirishi mumkin, bir yilcha oldin Kapkov Rossiya fuqaroligidan tashqari Isroil fuqaroligini ham olgan.

Abramovich bu lavozimga aynan Kapkovni tanlashi sababi, Kapkov sanksiyalarga tushmagan va butun dunyo bo‘ylab erkin harakatlana oladi. Shuningdek, Abramovich uni «aqli raso odam» deb biladi.

Ukraina tomonidagi muzokaralar olib borish jarayoni bilan tanish bo‘lgan nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Kapkov nafaqat asirlar almashinuvida, balki «alohida sohaviy masalalarda»da ham ishtirok etadi. Misol uchun, Kapkov don bitimi deb atalgan sulh shartnomalarini muhokama qilishda ham qatnashgan.

«Kapkovning vazifasi aslida juda oddiy – Rossiya tomoni bilan muvofiqlashtirish. Qayerdadir Shoyguga qo‘ng‘iroq qilish kerak bo‘lsa, Abramovich qo‘ng‘iroq qiladi. Va allaqachon aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilgan, hamma barcha narsani biluvchi va qaysidir generalga qo‘ng‘iroq qilish kerak bo‘lgan vaziyatda bu ishni Kapkov qiladi. Chunki Ukraina va Rossiya harbiylari o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri kam muloqot qiladi», deydi manbalardan biri.

«Abramovich asosiy shaxslar — Putin va Shoygu bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashadi. Uning yordamchilari esa texnik ishlarni bajaradi. Ular keyinchalik muzokaralar davomida aytilishi uchun ba’zi hujjatlarini, tahliliy ma’lumotlarni tayyorlaydi», deydi Ukraina tomondagi manba.

Ukraina prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak nashr muxbirining Kapkov, Davidovich, Voloshin va Rodnyanskiyning muzokaralardagi o‘rni haqidagi savollariga javob berishdan bosh tortgan.

«Devon norasmiy muzokaralardagi aniq shaxslarga izoh bermaydi», degan Podolyak.

Sergey Kapkov va Roman Abramovich vakillari maqola nashr etilgan vaqtda ham nashr savollariga javob bermagan.

«Murosaga kelish mutlaqo imkonsiz»

Muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Abramovich ikki tomon vakillari bilan norasmiy aloqalarini saqlab qolmoqda va hozirda barcha e’tiborini asirlarni almashtirish masalalariga qaratyapti.

«Roman haqiqatan inson qayg‘usiga ham, baxtsizlikka ham hamdard. U bu ishni sanksiyalar tufayli qilmayapti, men buni aniq bilaman», degan biznesmenning do‘sti.

Shu bilan birga, Ukraina tomonidagi muzokaralar jarayoni bilan tanish manba ta’kidlashicha, Abramovich avvallari rostdan ham «Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘laqonli vositachi» bo‘lgan, ammo hozir uning sa’y-harakatlari mohiyatan ma’nosiz, chunki butun muzokaralar jarayoni faqat almashinuvlar va don bitimi kabi masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘lib qolgan.

Nashr suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, 2023 yildagi muzokaralar jarayonida «hech qanday siyosiy komponent» yo‘q va to‘liq tinchlik yo‘li bilan urushni yakunlash haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

«Bucha voqeasi ko‘plab g‘arbliklarni larzaga soldi. Va asosiysi Rossiyaga nisbatan so‘zsiz nafratni shakllantirdi… Gap shundaki, Ukrainada siyosiy qarorlar jamiyat manfaatlariga zid ravishda qabul qilinishi mumkin emas. Bugun (Rossiya shartlari asosida) murosaga kelish mutlaqo imkonsiz», deydi Ukraina prezidenti devoniga yaqin manba.

Mixaylo Podolyak buni tasdiqlagan.

«Rossiya Ukrainaga qo‘ygan talablaridan voz kechmaguncha, hech qanday jiddiy muzokaralar bo‘lishi mumkin emas», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Kremlning shartlarini qisqacha shunday gavdalantirish mumkin: «Sizlar suverenitetdan voz kechishingiz kerak» va «Sizning hududlaringizni bosib olishga haqli ekanligimizni tan olishingiz kerak».

«Kiyev uchun bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas shart», deydi Podolyak. Uning ta’kidlashicha, ushbu shartlardan birortasining bajarilishi «Ukraina davlatining sekin-asta o‘lishi»ni anglatadi. Bu esa muzokaralar olib borish imkoniyatini yo‘q qiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top