18:08 / 23.02.2023
7960

Kun.uz – O‘zbekistondagi eng ommabop onlayn nashr - “Yuksalish”

“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistondagi internet OAVlarini tahlil qilib, eng ommabop nashrlar va ayrim tendensiyalarga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, Kun.uz nashri – saytga kiruvchi o‘quvchilari soni, Telegram, Facebook, Instagram va Youtube'dagi obunachilari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda ekani qayd etilgan.

Foto: Kun.uz / Nuriddin Nursaidov

“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonning internet OAVlarini tahlil qilib, auditoriyaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatuvchi va jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi eng ommabop nashrlarni aniqladi.

Ma’lum qilinishicha, internet-nashrlari orasida Kun.uz yetakchilik qilmoqda. SimilarWeb ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda saytga 7,4 mln kishi kirgan. Bu 2020 yilga nisbatan ikki baravarga kam bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi yangilik saytlari orasida yetakchi ko‘rsatkich.

Kun.uz Telegram (1,17 milliondan oshiq obunachi) messenjeri va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekcha kanallarida obunachilari ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda qayd etilgan. Saytning Facebook (567 ming) va Instagram (4,7 million) ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va Youtube (1,7 million) kanalida auditoriyaning kamida 1,5 baravarga o‘sishi kuzatilmoqda, deyiladi tadqiqot mualliflarining axborotida.

Mahalliy internet OAVning rus tilidagi segmentida Gazeta.uz va Podrobno.uz eng ommabop. SimilarWeb'ga ko‘ra, Gazeta.uz saytiga har oy 4,7 mln kishi kirmoqda (2020 yilda 3,2 mln edi), Podrobno.uz saytidan esa 1,5 mln kishi foydalanyapti (2020 yilda 1,7 mln edi).

Telegram'da havola berilishi bo‘yicha TOP-3 kanallar:

  • Kun.uz (2939,44);
  • Daryo.uz (971,75);
  • Uza.uz (924,4).

Youtube'da obunachilar soni bo‘yicha TOP-3 kanal:

  • Kun.uz (1,7 mln);
  • AzonTV (1,12 mln);
  • Qalampir.uz (593 ming).

Instagram'da obunachilar soni bo‘yicha TOP-3:

  • Kun.uz (4,7 mln);
  • Qalampir.uz (3 mln);
  • Uznews.uz (884,4 ming).

“Yuksalish” tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston media maydoni o‘zgarib bormoqda, ko‘proq audio (podkastlar) va video formatdagi materiallar (qisqa lavha, storis, katta intervyu, hujjatli film) ommalashmoqda.

“Foydalanuvchilar kattaroq hajmdagi matnlarni o‘qishni istashmayapti. Ular matnga berilgan havolani ochib o‘qishlari uchun mualliflar barcha usullarni qo‘llashiga – sarlavha, vizual ko‘rinishi ustida ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Yana bir “layv” formati ham keng ommalashdi, bunda muhim voqea, hodisalar mazmuni ikki-uchta gap bilan qisqa va lo‘nda tarzda yoki ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir tarzida berilmoqda.

Texnologiyalar o‘zgarib bormoqda. Uyali aloqa, internet, yangi gadjetlar, qurilmalar jadal rivojlanayotgani odamlarga axborotni hozir va o‘zlariga qulay ko‘rinishda olish imkonini bermoqda. Formatlar va vositalar yangilanmoqda. Ommaviy axborot vositalari “oqim bo‘ylab suzishi” uchun yangi voqeliklarga moslashishi kerak”, – deyiladi harakat hisobotida.

Top