09:51 / 02.03.2023
7360

Avtomobildan qutulgan shaharlar – pandemiya shaharlarni insonlarga qaytarib berdi

Koronavirus pandemiyasi shaharlarda odamlar uchun toza havo va avtomobillardan xoli bo‘lgan tinch jamoat joylari, ochiq maydonlar qanchalik muhim ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Odamlarning salomat bo‘lishi va ularni ko‘proq piyoda yoki velosipeddan foydalanishga undash, umuman shaharlarning qulayligini oshirish bosh planga ko‘tarildi.

Foto: Kun.uz

Bloomberg nashri ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 3 yilda bir qancha mamlakatlarda mahalliy ko‘chalar va avtoturargohlarni avtomobillardan «tortib olib», uning o‘rniga ovqatlanish yoki dam olish maskanlari qurish, velosiped yo‘laklariga aylantirish holatlari ko‘paygan.

Quyida shahar ko‘chalarini insonlar uchun jamoat joylariga aylantirgan muvaffaqiyatli loyihalar bilan tanishish mumkin. Ularning ba’zilari pandemiya vaqtida, ba’zilari esa umuman undan ham oldin yo‘lga qo‘yilgan.

«Jon F. Kennedy Drive» — San-Fransisko, Kaliforniya

2020 yilda Amerika rasmiylari San-Fransiskodagi «Golden Gate» bog‘iga olib boruvchi asosiy ko‘cha bo‘lgan «Jon F. Kennedy Drive»ga avtomobillarning kirishini taqiqlab qo‘ygan. O‘shandan beri bu ko‘cha to‘liq piyodalar sayrgohiga aylangan, unda turli «street art»larni, san’at inshootlarini, xususan, shahardan yo‘q bo‘lib ketgan afsonaviy «Doggie Diner»ni eslatuvchi yetti futlik 3 ta haykalni ham uchratish mumkin.

2016 yilda «Jon F. Kennedi Drive» ko‘chasiga tushirishdan oldin suratga olingan «Doggie Diner» haykallari / Foto: Karlos Avila Gonsalez / The San Fransisco Chronicle via Getty Images

Shuningdek, u yerda o‘yin maydonchalari, oilalar uchun mo‘ljallangan turli dasturlar ham bor. Fuqarolar kelib, bemalol ularda ishtirok etishi, hordiq olishi mumkin.

O‘sha vaqtda rasmiylardan biri San-Fransisko gazetasiga aholini qo‘llab-quvvatlab, bu ko‘cha doimiy ravishda avtomobillardan xoli bo‘lishi uchun ovoz bergan. Pandemiyada jamoat maydonlarini avtomobilsizlashtirish bo‘yicha boshlangan mazkur vaqtinchalik loyiha qanchalik manfaatli ekani namoyon bo‘lgan. Zaruratga aylanib qolgan bu kabi loyihalarni amalga oshirish odamlar orasida «madaniy urush»ni ham keltirib chiqarmoqda desak ham bo‘ladi.

Chunki jarayonda yuzlab qo‘llab-quvvatlovchilar bo‘lgani kabi, unga qarshi chiqqanlari ham bo‘ladi. «Jon F. Kennedy Drive» ko‘chasi misolida aytadigan bo‘lsak, oxir-oqibat 10 mingdan ortiq yashovchilar shahar meriga ko‘chani avtomobillar uchun doimiy ravishda yopib qo‘yishni talab qilib chiqishgan. Bunga erishilgan ham.

34-avenyu Jyekson Heyts — Nyu-York shahri, Nyu-York

2020 yildan beri Nyu-Yorkning gavjum ko‘chalaridan biri – Jyekson Heyts avenyusidan piyodalar yo‘lagi hamda jamoat markazi sifatida foydalanib kelinadi. Masalan, avenyuda joylashgan 2 km (1,3 milya) uzunlikdagi Kvins ko‘chasi har kuni ertalab soat 7:00 dan kechki 20:00 ga qadar transport harakati uchun yopib qo‘yiladi.

Nyu York shahri meri Erik Adams bu hududni shahardagi ochiq ko‘chalar tashabbusining «oltin standarti», ya’ni eng yaxshisi sifatida baholagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, keyinroq mazkur ko‘cha atrofidagi 33 ta mahallaning 27 km (17 milya) uzunlikdagi yo‘llarida ham avtomobillar qatnovi taqiqlangan. Boisi, pandemiya vaqtida bu hudud eng ko‘p zarar ko‘rganlardan bo‘lgan. 

Kvins aholisi 34-avenyuda yoga bilan shug‘ullanmoqda / Foto: 34th Ave Open Streets Coalition 

Kvins ko‘chasida barcha odamlar sayr qilishi, velosipedda yurishi, bolalar esa o‘ynashi mumkin. Shuningdek, u yerda bir qancha ko‘ngillilar tomonidan oziq-ovqat va kiyim-kechak tarqatiladi, fuqarolar jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi, ingliz tilini o‘rganadi. «Bunday jamoat markazi shu vaqtgacha bo‘lmagandi», – deydi mahallada yashovchilardan biri Nuala O’Doherti-Naranjo.

«Bundan tashqari, o‘g‘limizning maktabga borib kelishi uchun ham ko‘cha xavfsiz qilingan, bu ota-onalarni xotirjam qiladi»,– deydi yana bir fuqarolardan biri, ikki nafar farzandning otasi Stiven Makintosh.

Qayd etilishicha, ko‘chalarga avtomobillarning kirishi ma’lum vaqtlar uchun cheklangach hududda piyodalar ishtirokidagi avtohalokatlar soni 41 foizga kamaygan.

«Street Moves» loyihasi – Stokholm, Shvetsiya

Shvetsiyaning «Street Moves» loyihasi asosida ko‘chalarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish emas, balki xuddi suratda aks etganidek qulaylashtirishga e’tibor qaratiladi. Unga ko‘ra, Stokholm markazidan boshlab velosiped va piyodalar uchun moslashtirilgan parklet (yirik shaharlarda tashkil qilinadigan uncha katta bo‘lmagan dam olish zonasi) uslubidagi jamoat joylarini, velosiped turargohlari va bolalar uchun o‘yin maydonchalarini qurish rejalashtirilgan.

Shvetsiyaning «Street Moves» loyihasi bir suratda. Loyiha asosida 2030 yilgacha mamlakatdagi har bir ko‘chaga skuter-to‘xtash joyi va o‘rindiqlar o‘rnatish reja qilingan / Foto: ArkDes

«Vinnova» milliy innovatsion tashkiloti va «ArkDes» dizayn tahliliy markazi hamkorligida ishlab chiqilgan bu loyiha boshqa ambitsiyalarga ham ega. Bunda munitsipal vakolatga ega tashkilotlar va jamoalar bilan yaqindan hamkorlikda ishlash orqali shahar ko‘chalariga mos keladigan, hech kimnikiga o‘xshamagan jihozlarni joylashtirish, ya’ni ko‘plab odamlarni jalb qilish bilan loyihani yanada mukammallashtirish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, hozirda «Vinnova»ning strategik dizayn bo‘yicha sobiq direktori Den Xill odamlar uyidan chiqishi bilanoq ular uchun moslashgan ko‘chalar – «Bir daqiqada shahar» deb nomlangan loyiha ustida ishlamoqda. Bu loyiha butun mamlakat bo‘ylab avtomobillardan foydalanish kamayayotganda, piyodalar uchun qulay dizaynni yaratishga qaratilgan.

«Rue de Rivoli» – Parij, Fransiya

So‘nggi yillarda Fransiyada ham velosipeddan foydalanish madaniyati aytarli darajada rivojlanib bormoqda desak bo‘ladi. Ayniqsa mamlakat poytaxtida joylashgan «Rue de Rivoli» ko‘chasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Rue de Rivoli ko‘chasida harakatlanib ketayotgan velosipedchilar / Foto: Google

Konkord maydonini Parij meriyasi bilan bog‘laydigan bu ko‘cha pandemiya vaqtida velosiped yo‘lagiga aylantirilgandi. Keyinroq, 2021 yilda yo‘lning bir qismi avtobus, taksi va avtotransportlarning muntazam qatnashi uchun ajratildi. Qolgan joylarda esa hanuzgacha velosipedchilar bemalol harakatlanib kelyapti. 

Velosipedchilar bilan to‘lgan jonli, yashil, tarixiy xiyobon… Parijda qo‘llangan bu amaliyot doimiy ravishda sayohat qiluvchilarning orzusi bo‘lib kelgan.  Infratuzilmani shu tarzda o‘zgartirish bilan insonlarni ko‘proq velosiped haydashga samarali targ‘ib qilib kelishmoqda.

Ammo yangi loyiha ko‘chalarda tirbandlikni yuzaga keltirishi bilan katta noroziliklarga, odamlarning bir-biriga qo‘pol munosabatda bo‘lishiga olib kelgan. Qizig‘i shundaki, bu noxushliklar loyihaning muvaffaqiyatsizligiga sabab bo‘lmagan. Aksincha, odamlar bunga moslashib, velosipeddan foydalanuvchilar soni ortgan. Rivoli ko‘chasi esa ayni vaqtda Parijdagi eng ko‘zga ko‘ringan ko‘chalardan biri bo‘lib qolgan.

«Piazze Aperte»(«Ochiq maydonlar») loyiha – Milan, Italiya

O‘n besh yil oldin Italiya poytaxti Milan Yevropadagi eng ko‘p avtomobillarga ega shahar hisoblangan. Bu esa turli oqibatlarga olib kelgan: shahar havosi changga to‘lib ketgan, chiroyli maydon bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlar esa avtomobillar karuseliga aylantirilgan. Hozirga kelib, ko‘p narsa o‘zgardi.

2012 yilda tirbandlik solig‘i joriy etildi, 2018 yilda esa tirbandlikni kamaytirish, shahar maydonlarini avtomobilsizlashtirishga qaratilgan 40 ta chora-tadbirdan iborat katta sxema ishlab chiqildi. Shuningdek, «Bloomberg Associates» bilan hamkorlikda «Piazze Aperte» («Ochiq maydonlar») loyihasi ham ishlab chiqildi. Loyihada 2030 yilgacha har bir hududda piyodalarga mo‘ljallangan maydonlar tashkil qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, dastlab bu jarayonda yo‘llar shaharsozlikning klassik uslublaridan foydalangan holda to‘siqlar yoki bo‘yoqlar orqali ajratiladigan bo‘ldi.

Milandagi «Piazze Aperte» ko‘chasida jamoat joylarini ko‘paytirishga qaratilgan ishlar / Foto: Karlo Kotszoli / Bloomberg Philantropies

Natijada besh yildan kamroq vaqt ichida shaharda 22 ming kvadrat metr uzunlikdagi piyodalar uchun maydon yaratildi, avtoturargohlar esa rang-barang qilib bo‘yalib, u yerga o‘rindiq va butalar o‘rnatildi. Hozirda bu hududlar odamlar uchun sokin joyga aylanib qolgan.

Sxema shunchalik muvaffaqiyatli o‘tayotganidan Milanda kundan kunga ochiq maydonlar soni ko‘payib bormoqda. Pandemiya vaqtida yopilgan ko‘chalar ham hozirda odamlar uchun qulay zona sifatida foydalanilyapti.

Butun shahar velosiped tarmog‘i – Bogota, Kolumbiya

2020 yil mart oyida Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida 84 kilometrli vaqtinchalik velosiped yo‘laklari qurilgan. Hozirga kelib bu yo‘laklarning kamida 28 kilometri doimiy bo‘lib qoldi, undan hali ham velosipedchilar foydalanib keladi. Kolumbiya hukumati shaharlar uchun bu kabi yo‘laklarning ahamiyatini tushunib yetgach, 2024 yilgacha jami 830 kilometr velosiped yo‘laklarini barpo qilishni rejalashtirmoqda. Bu orqali shahar mikromobilligini oshirish ko‘zda tutilgan.

2022 yil 9 aprel, Bogotadagi Karrera Septima ko‘chasi bo‘ylab tashkil etilgan velosipedchilar va avtomobillar yo‘lagi / Foto: Nataliya Angarita / Global Designing Cities Initiative

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha shaharda 560 kilometrdan ortiq velosiped yo‘laklari qurib bo‘lingan, ba’zilari markazdan tashqarida, boshqalari esa to‘g‘ridan to‘g‘ri tirband bo‘ladigan ko‘chalarda tashkil qilingan. Yo‘laklar plastik va beton to‘siqlar bilan himoyalangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bogotada «Vision zero» (Yo‘llarda o‘lim va jarohatlanish sonini nolga tenglashtirishga qaratilgan loyiha) tashabbusi doirasida avtomobillarning harakatlanish tezligi ham pasaytirilgan.

Shuni ham aytish joizki, Bogotada velosipedchilar uchun qulay sharoit yaratish pandemiyadan oldin ham yo‘lga qo‘yilgan. 1974 yildan beri har yakshanba shaharning taxminan 122,3 km (76 milya) masofadagi ko‘chalari velosipedchilar, konkida uchuvchilar hamda shunchaki sayr qilishni istagan yoki mashq qilmoqchi bo‘lgan piyodalar uchun yopiladi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Top