10:05 / 14.03.2023
9150

Davlat dumasi harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 30 gacha oshirishni taklif qildi

Rossiya Davlat dumasiga taqdim etilgan qonun loyihasiga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirilish yoshi uch bosqichda 18 yoshdan 21 yoshgacha oshiriladi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilishning cheklangan yoshi 27 yoshdan 30 yoshgacha oshiriladi.

Foto: TASS

13 mart, dushanba kuni Dumaning Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov boshchiligidagi bir guruh Davlat dumasi deputatlari Rossiya parlamentiga Rossiya armiyasida harbiy xizmatga chaqirilish yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Qonun loyihasida «Harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirilish yoshi uch bosqichda 18 yoshdan 21 yoshgacha oshiriladi. 2024 yilda 19 yoshdan oshgan, 2025 yilda 20 yoshdan, 2026 yildan 21 yoshdan oshgan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilishning cheklangan yoshi 27 yoshdan 30 yoshgacha oshiriladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatni o‘tash istagida bo‘lgan fuqarolar chaqirilish yoshi oshganiga qaramay, 18 yoshdan boshlab harbiy xizmatga kirishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, deputatlar «Muqobil davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritishni taklif qilishdi. Ularga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar muqobil xizmat turini tanlashi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, quyi yosh chegarasini oshirish haqida hech qanday gap yo‘q.

Ta’kidlanishicha, hujjat kuchga kirgunga qadar muddatli harbiy xizmatni o‘tashni kechiktirish huquqini olgan shaxslar «muddati tugagunga qadar yoki ularning asosi yo‘qolgunga qadar» bundan foydalanishi mumkin.

Agar qonun qabul qilinsa, u 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top