10:50 / 22.03.2023
7526

Shtaynmayyer va Pavel: NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash muhim

Petr Pavelning Berlinga ilk tashrifi doirasidagi asosiy mavzulardan biri Yevropada xavfsizlikni mustahkamlash bo‘ldi. Chexiya prezidenti Germaniyani Yevropa Ittifoqining mudofaa siyosatida yetakchi rol o‘ynashga chaqirdi.

Foto: AP

Chexiyaning yangi prezidenti Petr Pavel Berlinni Yevropa mudofaa va xavfsizlik siyosatida yetakchilik rolini o‘z zimmasiga olishga chaqirdi. «Germaniya o‘z yetakchiligini ko‘p jihatdan ko‘rsatishiga ishonaman», dedi u 21 mart, seshanba kuni Berlinga o‘zining ilk tashrifi chog‘ida. Boshqa narsalar qatorida, Germaniya urushdan keyin Ukrainani tiklash bo‘yicha yetakchi davlatga aylanishi kerak, deydi Pavel.

Germaniya va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlar «juda yuqori darajada va biz uni yanada yuqoriga ko‘tarishni xohlaymiz», dedi Pavel Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan Berlindagi Belvyu saroyida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida, U «strategik muloqot» doirasida Germaniya-Chexiya hukumati uchrashuvlarini muntazam o‘tkazishni taklif qildi.

O‘z navbatida, Shtaynmayyer Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi bilan Yevropadagi tinch tartibni buzganini aytdi. Hozirgi vaziyatda Yevropa Ittifoqi va NATO doirasida birlikni saqlash muhim vazifadir, dedi u. «Germaniya-Chexiya munosabatlari hech qachon hozirgidek yaxshi bo‘lmagan», dedi Shtaynmayyer. U kelgusi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga va’da berdi.

Har ikki siyosatchi ham bir ovozdan YeI va NATOning Rossiyaga nisbatan mushtarak pozitsiyasini va Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga ko‘proq yordam berilishini bildirdi. Ular, shuningdek, sharqiy qanotda NATO askarlarining bo‘lishi muhimligini ta’kidladilar. 

Mavzuga oid
Top