21:10 / 29.03.2023
33278

FIFA Indoneziyani yoshlar o‘rtasidagi JCh-2023 mezbonligidan mahrum etdi

Indoneziyada o‘tkazilishi belgilangan yoshlar o‘rtasidagi (U20) JCh-2023 turniri siyosiy sabablar tufayli mamlakatdan tortib olindi.

Foto: AP

FIFA rasmiy sayti xabariga ko‘ra, musobaqaning yangi mezboni tez orada e’lon qilinadi. Tashkilot JCh-2023 o‘tkazilish muddatini o‘zgartirmoqchi emas. Turnir 20 maydan 11 iyunga qadar o‘tkazilishi belgilangandi.

Qayd etilishicha, tez orada Indoneziya futbol assotsiatsiyasiga nisbatan jazo choralari e’lon qilinadi.

Avvalroq, turnirga qur’a tashlash marosimi 31 mart kuni o‘tishi belgilangani, ammo Indoneziya futbol assotsiatsiyasi marosim keyinroq muddatga qoldirilganini e’lon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2023ga ilk marta Isroil yoshlar jamoasi ham yo‘llanma olgani, ammo bu mamlakat jamoasining Indoneziyaga kelishi mahalliy aholining turli norozilik namoyishlariga sabab bo‘layotgandi. Indoneziya Isroilning Falastin bilan nizolari va bu mamlakatga nisbatan zo‘ravonliklari sababli uni tan olmagan. Bungacha Bali oroli gubernatori Isroil yoshlar jamoasini o‘z hududiga kiritmasligini ma’lum qilgan bo‘lsa, mamlakat poytaxti Jakartada minglab odamlar Isroil yoshlar jamoasining Indoneziyaga kelishiga qarshi namoyishlar o‘tkazgandi.

FIFA 2016 yil Indoneziyani xalqaro o‘yinlardan chetlatgan edi. Bunga mamlakat hukumatining futbolga aralashuvi sabab bo‘lgan. Keyinchalik sanksiya bekor qilingandi.

Avvalroq, Iroq yoshlar jamoasi ham JCh-2023da Isroilga ro‘baro‘ kelsa, bu jamoaga qarshi maydonga tushmasligi yoki umuman turnirda qatnashmasligi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Top