23:51 / 03.05.2023
20542

Xerson o‘qqa tutilishi. 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralangan

Rossiya armiyasi fuqarolik infratuzilmalariga zarba berdi. Rossiyalik harbiylar hududga «tartibsiz» ravishda zarba bergan, fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, mahalliy ATB supermarketi va vokzal o‘qqa tutilgan. 

Foto: TCH UA

Rossiya armiyasi 3 may tongida Xerson oblastini yoppasiga o‘qqa tutishi oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra 21 kishi halok bo‘lib, 48 kishi yaralangan, bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xabar berdi.

Barcha halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar tinch aholi vakillari.

«Temiryo‘l vokzali va chorraha, uy, qurilish mahsulotlari do‘koni, oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan supermarket, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi — bilasizmi, bu joylarni nima birlashtiradi? Rossiya o‘z snaryadlari bilan tinch aholi vakillarini o‘ldirib qoldirgan qonli izlar», — degan Zelenskiy.

Ukraina bosh prokurori ofisi 3 may tongida Rossiya qo‘shinlari Xerson shahri va oblastni yoppasiga o‘qqa tuta boshlagani, tartibsiz o‘qqa tutish va snaryadlar oblast markazidagi fuqarolik infratuzilmalariga kelib tushishi oqibatida odamlar halok bo‘lgani, o‘nlab kishilar turli darajadagi tan jarohatlari olgani haqida xabar bergandi.

Xerson markazida ishlab turgan yagona ATB supermarketi o‘qqa tutilganida uning ichida xaridorlar ham bo‘lgan. Foto: UNIAN

Shuningdek, Darevskaya qishlog‘i rossiyaliklar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida ham bir kishi halok bo‘lgan.

Kunduzi Stepanovka va Muzikovka qishloqlari oralig‘ida elektr tarmoqlarini tuzatish bilan mashg‘ul bo‘lgan energetiklar brigadasi rossiyaliklar o‘qlari ostida qolgan. Xabar qilinishicha, bu hujum oqibatida energetika korxonasining uch xodimi halok bo‘lgan.

Ukraina Bosh prokuraturasi urush qonunlari va urf-odatlarini buzish moddasi bo‘yicha sudgacha tergov boshlagan. 

Ukraina hukumati chorshanba kuni Xersonda 58 soat muddatga har qanday harakat to‘xtatilishi haqida e’lon qilgandi. Hudud rahbari Oleksandr Prokudinning ma’lum qilishicha, komendantlik soati 5 may kuni kechqurundan 8 may tongiga qadar amal qiladi.

«Bu 58 soat mobaynida shahar ko‘chalarida bo‘lish va harakatlanish taqiqlanadi. Shuningdek, shaharga kirish va chiqish yo‘llari yopiladi», deya e’lon qilgan Prokudin. Oblast ma’muriyati rahbari bu huquq-tartibot organlari faoliyatiga yordam berish uchun ko‘rilayotgan chora ekanini ma’lum qilgan.

  • Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning boshida Xersonni egallab olgan edi. 2022 yil noyabr oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu rus qo‘shinlariga shahardan Dniproning chap sohiliga chekinishni buyurdi. Chekinishdan ko‘p o‘tmay, rossiyaliklar shaharni muntazam ravishda o‘qqa tuta boshladi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top