O‘zbekiston | 13:03 / 16.10.2021
6070
2 daqiqa o‘qiladi

15 ming talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universiteti tashkil etiladi 

Toshkent viloyati shaharlar soni bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

“Kelajakda ushbu shaharlar mamlakatimiz poytaxti bilan uzviy bog‘langan holda rivojlanadi. Avvalambor, Nurafshon shahri yaqin 10 yilda kamida 200 ming aholi yashaydigan, zamonaviy va aholi uchun qulay, ta'lim, tibbiyot va biznes markazi bo‘lgan shaharga aylantiriladi.

Buning uchun, shaharda 30 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivi barpo etilib, unda 5 ta maktab, 12 ta bog‘cha, 2 ta oilaviy poliklinika va jamoat parki quriladi. Shuningdek, 15 ming talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universiteti tashkil etiladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida 150 million dollarlik zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi barpo etiladi. 

Nurafshon shahridan poytaxtga olib boruvchi yo‘llar kengaytirilib, alohida yo‘lakda tezyurar elektrobuslar qatnovi tashkil etiladi. Bu orqali 2 ta shahar o‘rtasida ish va o‘qishga qatnaydigan aholi uchun qulay va muntazam transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlari hududi kengaytirilib, har birida “Yangi O‘zbekiston” uy-joy massivlari, ijtimoiy obektlar va “yashil maydonlar” barpo etiladi.

Bugungi kunda Chirchiq shahrining Iftixor mahallasida barcha zarur qulayliklar va ijtimoiy infratuzilmaga ega yangi turar joy mavzesi bunyod etilib, 2,5 ming xonadonli 39 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Keyingi bosqichda bu yerda yana 3,5 ming oilaga mo‘ljallangan, 56 ta zamonaviy uylar barpo etiladi. Ushbu tajribani viloyatning boshqa shaharlarida ham davom ettiramiz”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid