O‘zbekiston | 15:41 / 29.04.2022
108485
3 daqiqa o‘qiladi

1 maydan pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi

1 maydan pensiya va nafaqalar miqdori 12 foizga oshiriladi. Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga yoki 14 foizga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra:

2022 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 324 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 633 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 698 000 so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 698 000 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 500 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 500 000 so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 698 000 so‘mgacha, pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori – oyiga 698 000 so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 080 000 so‘m etib belgilandi.

9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladi.

Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 500 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 500 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 185 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilanadi.

Mavzuga oid