«Tez tibbiy yordamning xonadonlarga bir marta borib-kelishi o‘rtacha 150 ming so‘mga tushadi» - vazir o‘rinbosari
Abdulla Azizovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlarida tez tibbiy yordam chaqirgan bemor to‘g‘ridan to‘g‘ri gospitalizatsiya qilinadi.
“Tez tibbiy yordam mashinasining bitta xonadonga borib-kelish xarajati hozirgi kunda 150 ming so‘mga tushyapti”, - dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
“Tez tibbiy yordamga bo‘ladigan ko‘p murojaatlarda bemorlar qon bosimini, haroratini o‘lchab qo‘yishni so‘rashadi. Ular murojaat joyiga borib-kelish xarajatini e'tiborga olishmaydi. Lekin bu, albatta, budjetga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.
Tez tibbiy yordam mashinasining bitta xonadonga borib-kelish xarajati hozirgi kunda 150 ming so‘mga tushyapti va bu, albatta, davlat budjetiga qo‘shimcha yuklamadir”, dedi Abdulla Azizov.
Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Yevropa davlatlarida tez tibbiy yordam chaqirgan bemor to‘g‘ridan to‘g‘ri gospitalizatsiya qilinadi va bu uning o‘ta og‘ir holatda ekanligidan dalolat beradi. O‘zbekistonda bu tizim biroz boshqacha ishlaydi, ya'ni murojaat qilgan ayrim bemorlarga joyida xizmat ko‘rsatiladi. Chunki murojaatchilarning aksariyat qismi - surunkali kasalligi bor bemorlar oilaviy shifokoriga murojaat qilmasdan tez tibbiy yordamni chaqirishadi. Bunday toifadagi bemorlar shifoxonaga yotqizilmasdan ularga joyida tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Yevropa davlatlarida surunkali kasalligi bor bemorlar oilaviy shifokorlariga murojaat qilishadi.
O‘zbekistonda butun chaqiruvlarning 40 foizi surunkali kasalligi bor bemorlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
15:41 / 02.04.2022
Sog‘liqni saqlash vazirligi Chiroqchida sayyor qabul o‘tkazmoqda
07:27 / 02.04.2022
Chet el fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi
08:01 / 29.03.2022
Aprelda olis hududlarda maxsus konteynerli 1 700 ta tibbiyot punkti tashkil etiladi
15:38 / 24.03.2022