Jamiyat | 13:48 / 16.09.2025
32648
3 daqiqa o‘qiladi

«Uni borgan sari tanimay qolyapman» – Maryam Tillayeva onasi Lola Tillayeva bilan 5 yildan buyon gaplashmasligini aytdi

U onasining o‘zini tutishi unga g‘alati ko‘rinishi, u o‘zini «jabrdiyda» qilib ko‘rsatish orqali diqqat markazida turishni xohlashi, u bilan munosabatlarida «qandaydir nosog‘lom raqobat his qilishi» haqida gapirgan.

Foto: Instagram / mashatilly

Bloger Maryam Tillayeva instagramdagi storislar orqali onasi Lola Karimova bilan munosabatlari haqidagi savolga javob berarkan, u bilan besh yildan buyon gaplashmasligini tan olgan. 

U dastlab onasi bilan yarashish haqidagi savolga javob qaytargan.

Yo‘q, u bilan gaplashmayapman. U aloqani butunlay uzgan yagona qarindoshim.

Men uning o‘zini tutishini maksimal darajada g‘alati deb hisoblayman: u doim o‘zini hammaga yaxshi va jabrdiyda qilib ko‘rsatishi kerak, lekin shu bilan birga, O‘zbekistonda bo‘lganida onasining uyiga kelmagan va o‘zini juda g‘alati tutadi.

Bir paytlar buni og‘riqli qabul qilardim, lekin hozir bunga ko‘nikkanman va shunchaki onam shunaqaligi faktini qabul qilganman. Ukam va singlimga esa achinaman.

– Onangiz bilan ziddiyat sababini bilsak bo‘ladimi? Va bu qanchadan buyon davom etmoqda?

– Biz 5 yildan beri gaplashmayotgan bo‘lsak-da, ichki sezgim yaxshi rivojlangan va u bilan aloqada bo‘lmasam ham, qandaydir tarzda uning hayotida nimalar bo‘layotganini bilib turaman.

Vaqt o‘tishi bilan tobora ko‘proq narsalar yig‘ilib ketadi. Qachon yarashib ketishimizni bilmayman, chunki uni borgan sari tanimay qolyapman... eshitganlarimga ko‘ra, u o‘zidan qochadigan va omma e’tiborini qozonish uchun ko‘p narsaga qo‘l uradigan odamdek ko‘rinmoqda. Umuman olganda, oilamiz tarixi murakkab, ba’zi voqealarni esa buvim va boshqa qarindoshlarimga hurmat yuzasidan aytib bera olmayman.

Shu bilan birga, uning menga bo‘lgan munosabatida qandaydir nosog‘lom raqobatni his qilyapman. Menimcha, men bilan raqobatlashish bema’nilik, chunki meni u tuqqan, meni u dunyoga keltirdi va men unga raqobatchi bo‘la olmayman, chunki men 50 foizga u va 50 foizga otamman.

U o‘zining oilaviy hayotiga havas qilmasligi haqidagi fikrga qo‘shilib, faqat o‘zi uchun yashashga qaror qilganini aytgan:

«Men o‘zim uchun qaror qilganman: buyog‘iga hayotdan rohatlanib yashayman, ko‘nglimga nima yoqsa, shuni qilaman, kim nima deyishining menga farqi yo‘q. Men yaqinlarimning xatti-harakatlari uchun javob bermayman va aniqki hammani qutqaruvchi yoki yarashtiruvchi Tereza ona emasman. Men shunchaki o‘z hayotimni yashayman va o‘z oilamni quraman».

Mavzuga oid