Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Meksika va Filippinda yirik namoyishlar, Falastinga qarshi Netanyahu va Yaponiyaning “yadroviy” da’volari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Netanyahu Falastin davlatiga qarshi
Isroilning muhim ittifoqchisi bo‘lgan AQSh hamda ko‘plab musulmon davlatlar G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlagan BMT rezolyutsiyasi loyihasini ma’qulladi. Unga ko‘ra, tinchlik jarayonlari oxir-oqibat Falastin davlatiga eltuvchi yo‘lni taklif qiladi.
AQSh prezidentining 20 banddan iborat rejasida buning uchun Falastin ma’muriyati ichida islohotlar amalga oshirilishi shartligi belgilangan.
Lekin aynan shu band — Falastin davlatiga qarshi bo‘lgan isroillik radikal, o‘ta o‘ng yetakchilarni g‘azablantirdi. Ular Tramp vositachiligidagi G‘azo culhiga ham qarshi bo‘lishgan edi.
Netanyahu sentabrda Oq uyga qilgan tashrifida Trampning rejasini qo‘llab-quvvatlagan, biroq yakshanbagacha Falastin davlati masalasida yangi bayonot bermagan.
Shanba kuni o‘ta o‘ng vazirlar Itamar Ben-Gvir va Bezalel Smotrich Netanyahuni Falastin davlati g‘oyasini qoralashga chaqirdi.
Shundan so‘ng, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu yakshanba kuni bayonot berib, «har qanday hududda Falastin davlatiga qarshiligi, Hamas – oson yoki qiyin yo‘l bilan qurolsizlantirilishi»ni aytdi. «Menga hech kimning tasdiqlari, tvitlari yoki ma’ruzalari kerak emas», dedi u.
G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish joriy yil 10 oktyabr kuni kuchga kirgan. Biroq shundan buyon Isroil bir necha bor sulhni buzib, yuzlab insonlarni o‘ldirdi.
Yaponiya o‘z hududiga Amerika yadro qurolini joylashtirmoqchi
Yaponiya bosh vaziri Sanaye Takaichi 1967 yilda qabul qilingan, yadro quroliga ega bo‘lmaslikka doir davlat siyosatining uchta tamoyilini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Xususan, bosh vazir Yaponiyaga yadro qurolini olib kirishni taqiqlashdan voz kechishni taklif qilmoqda. Chunki bu AQShning mintaqada tiyib turuvchi salohiyatini zaiflashtiradi. Hozir Vashington yadroviy qurollarni Yaponiyadagi harbiy bazalarida va uning portlariga kiradigan kemalarida joylashtira olmaydi.
Muhokamalar, dastlab Yaponiyadagi hukmron Liberal-demokratik partiya ichida boshlanishi kutilmoqda.
Avgust oyida bosh vazirning partiyadoshi Rui Matsukava ham Yaponiya yadro quroliga egalik qilishi haqida gapirgan edi. «Hozir Yaponiya uchta yadroviy davlat — Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya qurshovida qoldi. Bu kuchga tayanish zaruratini oshiradi», degandi Matsukava.
Yaponiya so‘nggi marta milliy xavfsizlik strategiyasi 2022 yil 16 dekabrda yangilangan. Unda mamlakatning ehtimoliy dushman hududidagi nishonlarga qarshi zarba berish huquqi haqida so‘z boradi.
Ukraina Fransiyadan qiruvchilar olmoqchi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 noyabr kuni Fransiya bilan havo mudofaasi imkoniyatlari, harbiy samolyotlar va raketalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarni imzolashi kutilmoqda.
«Fransiya bilan ham tarixiy kelishuv tayyorlandi — jangovar aviatsiyamiz, havo mudofaamiz va boshqa mudofaa imkoniyatlarimiz sezilarli darajada kuchayadi. Tashrif jadvaliga ko‘ra, bu dushanba kuni sodir bo‘ladi», dedi Zelenskiy.
Reutersʼning ikki manbasiga ko‘ra, dushanba kungi tashrif Kiyevga yanada ko‘proq natijalar beradi. U Ukrainaga ko‘p funksiyali «Rafale» jangovar samolyotlarini taqdim etilishini bildiruvchi aviatsiya kelishuvini o‘z ichiga olishi mumkin.
Ularning ba’zilari bevosita Fransiya zaxiralaridan berilishi mumkin. Ammo asosiy qismi uzoq muddatli bo‘lib, Ukrainaning 10 yillikda 250 ta qiruvchi samolyotdan iborat havo floti yaratish rejasiga kiradi.
Shuningdek, Fransiya Ukrainaga raketalar va dronlarga qarshi tizimlar ham berishi mumkin. Manbalar bu kelishuvlar qanday moliyalashtirilishi noma’lumligini aytishdi.
Shu vaqtda esa Ukrainadagi urush tinmayapti. Xarkiv viloyati harbiy rasmiyiga ko‘ra, dushanbaga o‘tar kechasi Balakliya shahriga Rossiya tomonidan raketa zarbalari uyushtirilgan. Natijada uch kishi halok bo‘ldi. 10 kishi yaralandi, ular orasida uch nafar bola ham bor.
Meksikada yirik namoyishlar
15 noyabr kuni minglab namoyishchilar Meksika poytaxtidagi jinoyatchilik va prezident Klaudia Sheynbaum hukumatiga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ildi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Mexiko shahridagi namoyishlarda 100 nafar politsiya xodimlari va kamida 120 kishi jarohatlandi. Namoyishchilar prezident yashaydigan Milliy saroyni himoya qiluvchi to‘siqning ayrim qismlarini buzib tashladi. Majmuani qo‘riqlayotgan politsiya namoyishchilarga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
Shahar xavfsizlik boshlig‘iga ko‘ra, talonchilik va hujum kabi jinoyatlar uchun 20 kishi hibsga olingan.
Prezident Sheynbaum xonim bu namoyishlar uning hukumatiga qarshi bo‘lgan o‘ng qanot siyosatchilari tomonidan moliyalashtirilganini aytdi.
BBC'ning yozishicha, namoyishlar «Z avlod» yoshlari tomonidan tashkil etilgan. Ularga yaqinda Uruapan shahri merining o‘ldirilishiga qarshi norozilik bildirayotgan fuqarolar qo‘shilgan. Avvalroq festivalda otib o‘ldirilgan mer, Karlos Manzo — narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi kartellarga keskin choralar ko‘rishni talab qilgandi.
Prezident Sheynbaum esa o‘zining birinchi yili davomida fentanil savdosiga qarshi kurashda sezilarli natijalarga erishgan. Ammo u mamlakatdagi jinoyatchi kartellar zo‘ravonligini to‘xtata olmagani uchun tanqid qilinmoqda.
Flippinda ham namoyishlar
Meksika ortidan dunyoning boshqa chekkasi — Flippinda ham yakshanba kuni yuz minglab odamlar uch kunlik mitingga to‘plandi. Ular yirik davlat amaldorlari va qonunchilardan suv toshqinlarini nazorat qilish bo‘yicha korrupsiya mojarosi uchun javobgarlik talab qilishmoqda.
Korrupsiya mojarosi markazida — davlat tomonidan moliyalashtirilgan suv toshqinlaridan himoya loyihalari bo‘lib, yaqinda ular sifatsiz yoki hatto mavjud emasligi haqida ma’lum bo‘lgandi.
Xususiy pudratchilar «soxta loyihalar» orqali mablag‘ni o‘zlashtirganlikda hamda suv toshqinlaridan jiddiy zarar ko‘rayotgan hududlarda sifatsiz infratuzilma taqdim etganlikda ayblanmoqda.
Ayblovlarda ayrim qonunchilarning nomlarini tilga olib, ular qurilish kompaniyalaridan pora olganini da’vo qilgan.
Suv toshqinlarini nazorat qilish filippinliklar uchun juda sezgir masala, chunki ular iqlim inqirozidan eng ko‘p jabrlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Bu namoyish ham yaqinda sodir bo‘lgan ikki to‘fon ortidan yuz bermoqda. Ushbu to‘fonlarda 250 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Filippin prezidenti Ferdinand Markos avvalroq namoyishlarini tinchlantirish maqsadida, ushbu ishga aloqador bo‘lgan ko‘plab senatorlar, kongressmenlar va biznesmenlar yangi yilgacha qamoqqa tushishini aytgandi.
Xitoyda yirik oltin koni topildi
Xitoy hukumati bir necha kun oldin — mamlakatda 1949 yildan beri eng yirik oltin koni topilganini e’lon qildi.
Tabiiy resurslar vazirligiga ko‘ra, shimoli-sharqda joylashgan Dadonggou oltin konida qariyb 1,5 ming tonna tasdiqlangan oltin zaxiralari mavjud.
Davlatga qarashli Global Times nashrining xabar berishicha, kon allaqachon iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik bo‘yicha baholashdan o‘tgan. Bu uni rivojlantirishga yo‘l ochadi.
Hudud — «ulkan, ochiq usulda qaziladigan» kon sifatida tasniflangan. Rasmiylarning aytishicha, 720 metr balandlikdan yuqoridagi hududda taxminan 2,586 milliard tonna rudalar mavjud bo‘lib, har bir tonnada o‘rtacha 0,56 gramm oltin bor.
Xabarda aytilishicha, kon odatdagidan ancha tez — 15 oylik qidiruv jarayonidan so‘ng aniqlangan. Kelajakda «qisqa siklli, yuqori sifatli» mineral tadqiqotlari uchun namuna bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
14:02
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026
Yaqin Sharqqa kelgan AQSh desantchilari, Kubaga kelayotgan Rossiya tankeri va Trampga qarshi namoyishlar – kun dayjesti
15:21 / 28.03.2026