Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin transport vaziri lavozimidan bo‘shatgan Starovoyt o‘zini otib o‘ldirdi
OAV va telegram-kanallarga ko‘ra, unga Ukraina bilan chegarada istehkomlar qurishdagi firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Aleksandr Kryajyev / RIA Novosti / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
53 yoshli Starovoytning o‘qotar quroldan olingan jarohatlar bo‘lgan jasadi dushanba kuni Odinsovo shahar okrugi hududida topildi, deb xabar bermoqda Tergov qo‘mitasi.
«Rossiya Tergov qo‘mitasi Bosh tergov boshqarmasining Moskva oblasti bo‘yicha tergov organlari voqea joyida ishlamoqda, hodisa tafsilotlari aniqlanmoqda. Asosiy versiya – o‘z joniga qasd qilish», – deyiladi vazirlik bayonotida.
Avvalroq, dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Starovoytni Rossiya Transport vazirligi rahbari lavozimidan iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda amaldorning ishdan bo‘shatilishi sabablari haqida formulirovka yo‘q edi.
Starovoyt bir yildan sal ko‘proq vaqt – 2024 yil may oyidan beri vazir lavozimida ishlagan. Bungacha u besh yildan ortiq vaqt davomida Kursk oblasti gubernatori bo‘lgan.
Starovoytdan keyin gubernator vazifasini vaqtincha Aleksey Smirnov bajardi, u bungacha region hukumati raisi bo‘lib ishlagan. Gubernator lavozimida u bir yil ham ishlamadi – dekabr oyida iste’foga chiqdi va 2025 yil aprel oyida hibsga olindi.
Smirnov Ukraina bilan chegarada mudofaa inshootlari qurilishi uchun «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi»ga ajratilgan mablag‘lardan 1 mlrd rublni o‘g‘irlashda gumonlangan.
«Interfaks» 2022-2023 yillarda federal budjetdan Kursk oblasti hukumatiga «mamlakatni Ukraina harbiy tajovuzidan himoya qilish maqsadida himoya inshootlari (blindajlar, o‘t ochish nuqtalari, tayanch punktlari, tankka qarshi piramidalar va xandaqlar) qurish uchun» 19,4 milliard rubl ajratilgani haqida yozgan edi.
2024 yil avgust oyida, Smirnov Kursk oblastiga rahbarlik qilayotganida, regionning bir qismi, jumladan Sudja shahri (Sudja rayonining ma’muriy markazi) Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallab olingandi.
OAV va telegram-kanallar manbalarining ta’kidlashicha, Starovoytga nisbatan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, «Kommersant» Smirnov go‘yoki sobiq vazirga qarshi ko‘rsatma bergani haqida yozgan.
RBK nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Starovoytga nisbatan uning Kursk oblastidagi istehkomlar qurilishida o‘g‘irliklarga aloqadorligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgan.
Forbes nashri tergov organlariga aloqador bo‘lgan manbasiga tayanib, Starovoyt bir kundan ko‘proq vaqt oldinroq – shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan. RBK agentligining huquq-tartibot organlaridagi manbasi ham Starovoytning jasadi 5 iyul, shanba kuni topilgani to‘g‘risida xabar bergan.
Davlat dumasining mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov esa RTVI muxbiri bilan suhbatda Starovoytning o‘limi «ancha oldin» ro‘y bergani haqida gapirgan.
Starovoyt halok bo‘lgan joyda unga mukofot sifatida berilgan to‘pponcha topildi, deb yozadi RBK huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib. Mash telegram-kanali sobiq vazir 2023 yilda Ichki ishlar vazirligi rahbariyatidan olgan mukofot qurolidan o‘zini otib o‘ldirganini xabar qilgan. O‘shanda Starovoyt bu qurolni «vazifalarni bajarishda [IIVga] yordam ko‘rsatgani uchun» olgani aytilgandi.

Starovoytning karerasi qanday kechgan?
Starovoyt 1972 yilda Kurskda tug‘ilgan, ammo ko‘p o‘tmay uning oilasi Sankt-Peterburgga (o‘shanda – Leningrad deb nomlangan) ko‘chib o‘tgan. U o‘z siyosiy faoliyatini ham aynan shu shaharda boshlagan.
Starovoyt o‘z vaqtida Peterburgga gubernatorlik qilgan Valentina Matviyenkoning jamoasida edi – u Smolniyda investitsiyalar va strategik loyihalar qo‘mitasida ishlagan.
Avvaliga u Peterburgda avtomobil zavodlar (Toyota, Nissan, Suzuki) qurilishi bo‘yicha loyihaga mas’ul bo‘lgan, keyin esa qo‘mita raisi Maksim Sokolovga (hozirda – «AvtoVAZ»ning prezidenti va bosh direktori) birinchi o‘rinbosarga aylanib, shahardagi yirik qurilishlarni nazorat qilgan.
Sokolov ortidan Starovoyt o‘sha paytda Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya hukumati apparatining sanoat va infratuzilma departamentiga o‘tgan – u yerda Sochi Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rgan va bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Kozakning topshirig‘iga binoan Sankt-Peterburgning tarixiy markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha federal maqsadli dasturni ishlab chiqishni nazorat qilgan.
2012 yilda, Sokolov Rossiya transport vaziri etib tayinlanganida Starovoyt Rossiya avtoyo‘llariga rahbar bo‘lgan, 2018 yilda esa transport vaziriga o‘rinbosarlikka o‘tgan
2018 yil oktyabrda Starovoyt Kursk oblasti gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanadi, 2019 yil sentabrda gubernatorlik saylovlarida g‘olib chiqadi.
Mavzuga oid
20:02 / 05.11.2025
Shimoliy Koreya Rossiyaga yana besh ming askar yubordi
17:35 / 16.07.2025
NYT Kursk oblastida okkupatsiyadan keyingi hayot haqida reportaj tayyorladi
22:00 / 08.07.2025
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
21:16 / 08.07.2025