Jahon | 20:02 / 05.11.2025
6226
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Rossiyaga yana besh ming askar yubordi

KCNA / KNS / AFP / Scanpix / LETA

2025 yil sentabridan buyon KXDR Rossiyaga besh mingga yaqin askar jo‘natgan. Bu haqda Yonhap agentligi Janubiy Koreya razvedkasi tomonidan mamlakat parlamentiga taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanib xabar bermoqda.

Rossiyaga yuborilgan askarlar katta ehtimol bilan «infratuzilmani tiklash» ishlariga jalb etilgan. Ularning mingga yaqini minalardan tozalashga ixtisoslashgan sapyorlardir.

Janubiy Koreya parlamenti deputati Li Son Gvongning ma’lum qilishicha, Koreya razvedkasi KXDRda Rossiyaga harbiylarni yuborish uchun «shaxsiy tarkibni o‘qitish va saralash»ning yangi belgilarini aniqlagan.

Umuman olganda, Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida 10 mingga yaqin shimoliy koreyalik harbiylar bor.

2024 yil kuzida KXDR harbiylari Kursk oblastidagi harbiy harakatlarda qatnasha boshlagandi – o‘sha vaqtda bu hududning bir qismi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ishg‘ol etilgandi. Bu haqda dastlab Ukraina va Janubiy Koreya razvedkasi xabar qildi, Moskvadagilar buni tasdiqlamagan – lekin rad ham etmagandi. Yanvar oyida Ukraina qurolli kuchlari Shimoliy Koreyaning ikki askarini asirga oldi. Asirlarning so‘zlariga ko‘ra, ular «Ukrainaga yordam berayotgan Janubiy Koreya askarlari» bilan jang qilyapmiz deb o‘ylashgan.

Rossiya birinchi marta KXDR askarlari o‘z tomonida jang qilayotganini faqat 2025 yil aprel oyiga kelib tan oladi. O‘shanda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga Kursk oblasti hududi to‘liq ozod qilingani haqida hisobot bergan va Shimoliy Koreya harbiylariga ko‘rsatilgan yordam uchun alohida minnatdorchilik bildirgandi.

Avgust oyida KXDR yetakchisi Kim Chen In Kursk oblastida jang qilgan qo‘mondonlarni shaxsan mukofotlagandi. Tahlilchilar qo‘mondonlarning vataniga qaytishi Shimoliy Koreya endi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarda ishtirok etmasligini anglatishini taxmin qilishgandi. Bunga Rossiya hududlarida janglar yakunlangani, KXDR harbiylari Ukraina hududidagi janglarda ishtirok etishini esa Moskva va Pxenyan o‘rtasida 2024 yil yozida tuzilgan mudofaa sohasida o‘zaro yordam pakti bilan izohlab bo‘lmasligi sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Janubiy Koreya va G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk oblastidagi harbiy harakatlarda Shimoliy Koreyaning 15 minggacha askari ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 dan bir yarim minggacha shimoliy koreyalik halok bo‘lgan.

Mavzuga oid