O‘zbekiston | 07:55 / 22.02.2019
33803
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi: tanlovda g‘olib chiqqan kadrlar davlat tashkilotlarida rahbarlikka tayinlanadi 

Foto: Viktor Tolochko

“Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, o‘zgartirishlarga muvofiq:

tanlov g‘oliblari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi va rivojlangan mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida 3 oy stajirovka o‘taydi;

final bosqichining boshqa ishtirokchilari boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi, shuningdek, ish bilan ta'minlanganidan so‘ng ular ham rivojlangan mamlakatlarda kamida 1 oy stajirovka o‘taydi.

Stajirovka o‘tagan tanlov g‘oliblari va final bosqichining ishtirokchilari zimmasiga, ularni stajirovka o‘tash uchun yuborgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan muddatda ushbu tashkilotda ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Tanlov g‘oliblarini rahbarlik lavozimiga tayinlash, g‘oliblar va final bosqichining ishtirokchilarini rivojlangan mamlakatlarga stajirovka yuborish ularni rahbar lavozimlarga tayinlash ishlarini monitoring qilish prezident Administratsiyasining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid