O‘zbekiston | 19:38 / 28.05.2021
7070
3 daqiqa o‘qiladi

Kommunal sohada korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytiriladi

Oxirgi 2 yilda kommunal xizmat sohasidagi 100 ga yaqin mansabdor korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. Surxondaryo Suv ta'minoti boshqarmasida 540 mln, Andijon uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida 240 mln, Namangan «Ta'mirlash tiklash xizmati»da 250 mln so‘m talon-toroj bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash mavzusida 28 may kuni bo‘lib o‘tgan selektorda sohadagi korrupsiya haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatish, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari ancha ko‘p, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kungi selektorda.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 2 yil davomida kommunal sohaning yuzga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan.

«Masalan, Andijon uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbarlari 240 million so‘m, Namangan «Ta'mirlash tiklash xizmati» korxonasi mansabdorlari 250 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Surxondaryo Suv ta'minoti boshqarmasi xodimlari 540 million so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan.

Shu bois, vazir Sherzod Hidoyatov, uning tizimi oldida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash, sohada korrupsiyani yo‘qotish vazifalari ustuvor etib belgilanadi.

Masalan, Yunusobodda 269 ta shirkatni (1 mingta ko‘p qavatli uy) 12 ta boshqaruv-servis kompaniyalariga biriktirish hisobiga, avariya holatlari 60 foizga, muddati o‘tgan qarzdorlik 25 foizga qisqargan, 1,4 milliard so‘m bank krediti qaytarilgan.

Ushbu tumanda 110 ta ko‘p qavatli uy-joyga 25 ta shirkat (194 ta ishchi) qilgan ishlarni, bugungi kunda 54 ta ishchisi bo‘lgan 1 ta boshqaruv kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, boshqaruv kompaniyasi qo‘shimcha 9 ta maktab va bog‘cha hamda 50 ta tadbirkorlik sub'yektlarini qamrab olgan.

Shirkatlarda uy-joylarni saqlash tarifining 35 foizi ish haqiga ketgan bo‘lsa, boshqaruv kompaniyasi ishchilariga oylikni 2 baravarga oshirganda ham, bu ko‘rsatkich 7-8 foizni tashkil qilmoqda. O‘tgan yilda ish haqidan 324 million so‘m iqtisod qilgan», – deya Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid