O‘zbekiston | 00:25 / 28.12.2018
15601
10 daqiqa o‘qiladi

Bu yo‘llar, yo‘llar... Forish tumanidagi abgor yo‘llar qachon ta'mirlanadi?

O‘zbek pul topsa — to‘y qiladi, uy quradi, va albatta, mashina xarid qiladi. Transport allaqachon hashamat belgisidan harakatlanish vositasiga aylanib ulgurgan. Biroq monopolist avtosanoatimiz ishlab chiqarayotgan yap-yangi mashinaga otning kallasidek pul to‘lasang-u, uni olib borib qishlog‘ingning tosh yoki loy yo‘llarida, yozda changga qorishtirib, qishda esa loyga botib haydasang... Alam qiladi... Shunaqa paytda qimmat mashina minadiganlarga achinib ketasan.

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlarining birida ham ana shunday xarob ahvolda qolayotgan va ancha yillardan beri ta'mirlanmagan yo‘llar haqida kuyinib yozilgan. Jizzax viloyati, Forish tumani, “Qorabdol” QFYga qarashli Bolg‘ali qishlog‘idan yuborilgan maktubda murojaatchilar tuman markazini qishloq bilan bog‘lovchi 30 kilometrlik yo‘lning o‘ta abgor holatdaligi, yo‘llarning asfalti buzilib o‘nqir-cho‘nqir tosh yo‘lga aylanib qolgani, uni ta'mirlash esa bir qancha murojaatlarga qaramay hech kimning xayoliga kelmasligi bitilgan.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida purviqor tog‘lari va betakror tabiati bilan kishini o‘ziga rom etuvchi Forish dovoni orqali tumanga yo‘l olamiz.

Dovondan o‘tar ekanmiz, bir muddat avval tabiatga maftun bo‘lgan ko‘nglimizdagi go‘zal hislar, haydovchiga achinish hissi bilan almashdi. Forish dovonidan Bolg‘ali qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘l taxminan 20 km uzunlikka ega. Dovonni Hasanota, Ko‘sa, Oytamg‘ali va Bolg‘ali qishloqlari bilan bog‘lab turuvchi yo‘llarda yillar davomida, qor va yomg‘ir natijasida asfalt qoplamalardan asar ham qolmagan, yo‘llar juda ayanchli ahvolda.

Necha yillardan buyon ta'mirlashga muhtoj bu yo‘llarda o‘n besh daqiqalik manzilga eng kamida 40 daqiqa vaqtda yetib borish mumkin. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. “...Mana shunaqa yo‘lda yana ikki marta qatnasam, haydovchilikdan ham voz kechvoraman, mashinani ta'mirlayverib ado bo‘laman... agar shunaqa joyga kelishimni bilganimda ikki baravar to‘lasangizam kelmasdim...” deya afsus bilan gapirgan haydovchining so‘zlariga javob bera olmadik. U haq edi. Haydovchining qovog‘idan “yog‘ayotgan qorga” qarab, ishqilib yarim yo‘lda tashlab qochmasa edi, degan hadigimiz ham yo‘q emasdi.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan Bolg‘ali qishlog‘i ahli tashrifimiz maqsadini bilgach, muammo bo‘yicha bir necha marotaba yuqori tashkilotlarga murojaat qilishganini, ammo natija bo‘lmaganini aytishdi.

“...Qishlog‘imiz G‘allaorol tumani bilan chegaradosh, sakkiz kilometr narida Gulchambar qishlog‘i bor. Bolg‘ali qishlog‘i Forish tumaniga qaraydi, ammo qishlog‘imizdagi sakkiz kilometrlik yo‘l G‘allaorol tumani avtoyo‘l boshqarmasining uchastkasi hisoblanadi. Eng qizig‘i — bu yo‘lni na Forish, na G‘allaorol tumani yo‘lsozlari ta'mirlaydi. Murojaat qilaverib o‘zimiz ham bezor bo‘ldik. Forish tumani yo‘lsozlari G‘allaorol tumani yo‘lni ta'mirlasin desa, G‘allaorolliklar Forish tumaniga yuklaydi. Shu qishloqda ko‘p yillar oqsoqol bo‘lib ishlaganman. Menga alam qilgani qayerga murojaat qilsang, hafta o‘tmay qog‘oz qalam ko‘tarib kirib kelishadi: “Murojaat qilganmidingiz?.. Kelib ketishdi, deb imzo qo‘yib bering”, deb. Imzo qo‘ymadim hech biriga, lekin foydasini ko‘rmadik.

Alam qiladigani —o‘tgan yili “O‘zbekiston 24” kanalidan aynan mana shu siz ko‘rib turgan yo‘lni ta'mirdan chiqdi, deb xabar qilib tayyorlab berishdi. Insof sayin baraka. Televideniyeda shunday yolg‘on ma'lumot chiqib tursa, dodingni kimga aytasan?! Bizga shu yo‘l masalasini hal qilib berishsin. Qishloqdoshlarim shu yo‘ldan har hafta G‘allaorol tumanidagi Payshanba bozoriga borishadi. Sizga yolg‘on, menga chin — mana shu sakkiz kilometrlik yo‘lga sakkiz ming azobda borib kelamiz. Shu yomon yo‘llarga o‘zimiz o‘rganib ham qolib qoldik. Mana, siz keldingiz, sizga o‘xshash mehmonlar kelsa nima deymiz? Muammo ko‘p, aytaman desam. Maktabimizda sportzal yo‘q, isitish tizimlari ishlamaydi. Biz bularga ko‘nikib ham qoldik. Aytganimiz bilan hal bo‘lmaydi, lekin umid qilamiz baribir, — deydi biz bilan suhbatda qishloq oqsoqoli Pardaboy ota.

“Elchilik, to‘y-ma'rakalarimiz bor, rosti, qishlog‘imizga uzoqroqdan mehmon kelsa yuragimiz zirillab turadi. Mehmonning birinchi gapi esa “yo‘llaringiz buncha xarob, ta'mirlatsalaring bo‘lmaydimi?” bo‘ladi. Uyat va alamdan so‘z ham topolmaymiz. Yo‘lsozlarimizga insof bersin. Bir-biriga tashlamay shu yo‘limizni ta'mirlab berishsa savobga qolishardi. Chiqmagan jondan umid, mana, sizlarga murojaat qildik, zora ohu zorlarimiz mutasaddilarga yetib borsa”, — deydi Ruslan ismli yigit biz bilan suhbatda.

Tasvirlanayotgan yo‘lning holati chindan ham juda ayanchli ekanligiga guvoh bo‘ldik. Tasvirlarda ko‘rganingizdek, mana bu suv to‘la handaqlarda bemalol o‘rdak boqish mumkin. Ortga qaytarkanmiz yo‘l chetlarini ta'mirlayotgan yo‘lsozlarga ko‘zimiz tushdi. Ularni suhbatga tortamiz.

“Bahorda sel kelib juda ko‘p joylarni yuvib ketdi, ayni damda biz yo‘l chetlarini tekislab hosil bo‘lgan kichik o‘ra, handaqlarni to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Siz aytayotgan Bolg‘ali qishlog‘idagi sakkiz kilometrlik yo‘l bizning uchastkamiz emas... U yergacha bormaymiz. G‘allaorol tuman avtoyo‘l boshqarmasi bilan gaplashib olasiz”, dedi Forish tumani yo‘lsozlari.

Vaziyatga oydinlik kiritish, G‘allaorol va Forish tumanlari o‘rtasida “sarson ilik” bo‘layotgan yo‘lning haqiqiy egasini topish maqsadida Jizzax viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga boramiz. Savollarimizga bo‘lim boshlig‘i Alisher Sa'dullayev javob beradi:

— Aholi tomonidan bildirilayotgan e'tirozlar to‘g‘ri. Haqiqatdan ham yo‘llarimiz ancha ta'mirtalab, siz aytayotgan sakkiz kilometrlik yo‘l ancha yillardan beri ta'mirlanmagan. Muammoni bosh sababi — mablag‘ yo‘qligi. Joriy yilda respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan 30 milliard so‘m pul mablag‘i ajratilgan, ammo bu yetarli emas. Uzoq qishloqlarimizga yeta olmayapmiz. Lekin biz harakat qilyapmiz. Forish tumanida ishlar boshlab yuborilgan yo‘llarga qum shag‘al to‘kib tekislanmoqda. Ayni kunlarda mana shunday ancha ta'mirtalab yo‘llarni ta'mirlatish to‘g‘risida tegishli tashkilotlarga dasturga kiritish bo‘yicha takliflar kirityapmiz. Ijobiy javob kutyapmiz. 

Biz Alisher Sa'dullayevning so‘zlariga ishondik. Yo‘llarni ta'mirlanishiga umid bog‘ladik. Bolg‘ali qishlog‘idagi bu yo‘l qurilganidan beri ta'mirlanmagan. Bunday “va'dalar”dan keyin ham ta'mirlanishi noma'lum. Ishqilib, buyog‘i “xo‘p, xo‘p dedim qutuldim”dan bo‘lmasin-da...

Bolg‘alilik yurtdoshlarimiz endi muxbirlarga  ishonmaydi. Oddiy va samimiy qishloq ahli teleefirda o‘sha qurilganidan beri sira ta'mirlanmagan yo‘lni ta'mirlandi, deb berishganidan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan. Qishloqdagilarning ta'kidlashicha o‘sha kuni qishloqqa viloyat hokimi kelish kerak bo‘lgan. Shosha-pisha tezlik bilan ta'mirlanishni boshlagan yo‘l hokim kelmasligi aniq bo‘lgach, o‘z holicha qolib ketavergan.

“Viloyat hokimi bahonasida ta'mirlanishi kerak bo‘lgan yo‘l o‘sha-o‘sha o‘rdak boqadigan hovuzlari bilan qoldi-ketdi. To‘g‘ri-da, kim bilib o‘tiribdi qilindimi-qilindi. Hokim qachon Bolg‘ali qishlog‘iga yana keladi-yu yo‘lni ko‘radi. Televizorda esa qilindi, deb berishdi bo‘ldi-da hokim kelganida yo‘limiz ta'mirlanarmidi?! Biz murojaat qilmagan idora qolmadi hisob”, deydi oqsoqol Pardaboy ota biroz ranjib.

Savollar ko‘p, javoblar esa... Xulosa shuki, malakali yo‘l sohasini yaxshi tushunadigan, ma'lumot yig‘ish bilan emas tashabbus ko‘rsatishdan charchamaydigan yo‘lsozlarimiz ko‘paysin. Davlat idoralari vakillari faqat “hokim kelganda emas”, balki har doim xalqqa xizmat qilsin. Forish tumanidagi “shudgorlangan yo‘llar” ta'mirlanib, zamon talablari darajasiga kelsin. Yo‘llarimiz ravon bo‘lsin.

Kun.uz tahririyati bu mavzuga yana qaytadi.

Gulchehra Sharipova.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid