Qiziq fakt: to‘lov-kontrakt qimmatlashgani ayrim talabalar uchun foydali bo‘ldi
To‘lov-kontrakt qachondan oshadi?
Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-son bayonining 12-ilovasi bilan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab OTMlarda bitta talabani to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish miqdorlari tasdiqlangan edi. Ilk marta to‘lov-kontraktlar eng kam ish haqi miqdoriga bog‘lab qo‘yilgandi.
Demak, eng kam ish haqi oshsa, kontrakt ham xuddi shuncha foizga oshadi.
Faqat ko‘pchilik bir qoidadan bexabar. Xuddi shu hujjatning ilovasida izoh sifatida aytilganki, respublikada eng kam oylik ish haqi miqdorlari oshirilganda mos ravishda to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari navbatdagi semestr boshidan oshirib boriladi.
Bu nima degani?
Bu shuni anglatadiki, kontraktlar bahorgi semestrdan, ya'ni mart oyidan oshadi, kuzgi semestrga to‘langan kontrakt uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lash shart emas.
Agar kimdir kontraktini oldindan 1 yillik to‘lab qo‘ygan bo‘lsa ham, baribir 2-semestr uchun yuzaga kelgan farqni qo‘shimcha to‘lov qilishiga to‘g‘ri keladi.
Hisob-kitob qanday bo‘ladi?
Hisob-kitob qanday bo‘lishiga quyida bir misol keltiramiz.
Aytaylik, OTMda to‘lov-kontrakt EKIHning 45 barobari, ya'ni bugungi kunda 8 mln 293 ming 500 so‘m. Keyingi semestrdan xuddi shu kontrakt 9 mln 122 ming 850 so‘m bo‘ladi.
Demak, talaba 1-semestrda 8.293.500 so‘mning yarmini, ya'ni 4.146.750 so‘m to‘laydi. 2-semestrda esa 9.122.850 so‘mning yarmini, ya'ni 4.561.425 so‘m to‘laydi. Natijada ushbu talaba uchun 1 yillik kontrakt miqdori 8 mln 708 ming 175 so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu degani kontrakt miqdorlari 10 foizga emas, balki 5 foizga oshadi.
OTMlarda to‘lov-kontrakt qiymatining semestrlar kesimida miqdori (bakalavr, kunduzgi misolida):
Kimgadir foyda, kimgadir ziyon
Bir qarashda kontrakt miqdorining oshishi barcha uchun moddiy zarar keltiradigandek ko‘rinadi. Axir kontrakt oshadi-yu, cho‘ntakka ziyon bo‘lmaydimi?
Biroq matematik hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, stipendiya va kontraktlar oshishi talabalarning 4 yoki 5 baho oladigan qatlami uchun foydali bo‘lgan.
Hozir tushuntirishga harakat qilaman.
Stipendiyalar noyabr oyidan oshadi, kontrakt esa keyingi semestrdan (mart oyidan). Demak, talabalar o‘rtada bir necha oy oshirilgan stipendiya olib, eski narxdagi kontrakt bilan o‘qishadi. Bunday vaziyat yuqori qiymatdagi stipendiya oladigan talabalar uchun ayni muddao. Ular yillik kontrakt miqdoridan 5 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha foyda qilishadi (kontrakt narxi va stipendiya qiymatiga bog‘liq).
Lekin garchi stipendiya va kontrakt bir xil – 10 foizga oshga bo‘lsa ham, talabalarning aksariyat qismi zarar ko‘rgani ham rost. Ular avvalgidan ko‘proq kontrakt to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Chunki 500 ming so‘mlik stipendiya 50 ming so‘m oshsa, 10 mln. so‘mlik kontrakt 1 mln so‘m oshadi.
Kontraktlar oshishidan eng ko‘p zarar ko‘radigan qatlam, bu sirtqi va kechki ta'limdagi talabalardir. Chunki ular stipendiya olishmaydi, lekin kontrakti stipendiya oladigan bakalavr bosqichi talabalariniki bilan bir xil. Ushbu masalani avvalroq Telegram kanalimda ko‘tarib chiqqan edim, lekin hozircha rasmiylardan bu holatga munosabat bildirilmadi.
Quyidagi jadvalda stipendiya va kontrakt miqdorlarining oshishi yillik hisobda qaysi talabalarga foyda, qaysilariga ziyon keltirgani haqida ma'lumotni ko‘rishingiz mumkin (bakalavr, kunduzgi misolida):
Xullas, 2-semestrdan kontrakt miqdorlari quyidagicha bo‘ladi (agar mart oyigacha yana EKIH oshib qolmasa):
BAKALAVR (kunduzgi, sirtqi va kechki)
1-toifa: 45 barobar – 9 mln 122 ming 850 so‘m
2-toifa: 46 barobar – 9 mln 325 ming 580 so‘m
3-toifa: 50 barobar - 10 mln 136 ming 500 so‘m
4-toifa: 55 barobar - 11 mln 150 ming 150 so‘m
5-toifa: 60 barobar - 12 mln 163 ming 800 so‘m
MAGISTRATURA
1-toifa: 49 barobar – 9 mln 933 ming 770 so‘m
2-toifa: 51 barobar – 10 mln 339 ming 230 so‘m
3-toifa: 55 barobar – 11 mln 150 ming 150 so‘m
4-toifa: 61 barobar – 12 mln 366 ming 530 so‘m
5-toifa: 66 barobar – 13 mln 380 ming 180 so‘m
Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos
Mavzuga oid
14:18 / 04.01.2021
To‘lov-kontrakt miqdorlari oshmaydi – vazirlik
10:14 / 03.01.2021
BHM oshishi talabalarning kontrakt to‘lovi bo‘yicha savollarni tug‘dirmoqda
15:12 / 18.12.2020
«Vazirlik birorta OTMga forma bo‘yicha talab qo‘ymagan» - Farhod Babashev
18:09 / 15.12.2020