O‘zbekiston | 17:41 / 25.04.2026
8700
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada Gulnora Karimova ustidan sud boshlanmoqda

27 aprel, dushanba kuni Shveytsariya Federal jinoyat sudida O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova va boshqalar ustidan sud boshlanadi. Bu jinoyat ishi bundan 14 yil oldin, 2012 yilda qo‘zg‘atilgan edi.

Foto: instagram.com/real.googoosha

Sudlanuvchilar qatorida jismoniy shaxslardan tashqari, Shveytsariya banklari ham korporativ javobgar sifatida qatnashadi. Bu haqda finews xabar bermoqda.

Shveytsariyada Gulnora Karimova va uning biznes hamkoriga nisbatan jinoyat ishi 2012 yilda ochilgan. Ular korrupsiya, jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etish va pul yuvishda ayblanmoqda. Ko‘p o‘tmay, 2013 yilda Karimova O‘zbekistonda ham tergovga tortilgan.

Shveytsariya Bosh prokuraturasi ayblovida nazarda tutilgan jinoiy tuzilma “Ofis” deb ataladi. Ayblovga ko‘ra, Karimova “Ofis” orqali O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora undirgan.

Karimovadan tashqari ikkinchi asosiy sudlanuvchining shaxsi ochiqlanmagan. Shunisi ma’lumki, u muqaddam Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘basiga rahbarlik qilgan.

2015 yilda Jyenevadagi Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi ham mazkur jinoyat ishi doirasida tergovga tortilgan. U 2008–2012 yillarda “Ofis”ga aloqador shaxslarning bank xizmatlariga oid talablarini qondirib, mablag‘lar manbayini yashirishga ko‘maklashganlikda ayblanmoqda.

Prokurorlar Lombard Odier'ni pul yuvishda ayblayotgani yo‘q, lekin bank pul yuvish zanjirida ishtirokchiga aylanib qolishdan saqlanish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rganmi? Bu savol bankni “korporativ jinoiy mas’uliyat” tushunchasi doirasida sud jarayonida javobgarlar qatoriga kirishiga sabab bo‘lgan.

E’tiborlisi, Shveytsariya Federal jinoyat sudi ayni shu ish doirasida o‘z tarixida ilk marta mamlakatdan tashqariga chiqib so‘roq o‘tkazgan. 2026 yil boshida Toshkentda Karimova bilan ikkinchi marta sud so‘rog‘i bo‘lib o‘tgan (u hozir O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha jazo muddatini o‘tamoqda).

Ko‘rsatma olish jarayoniga O‘zbekiston tomoni cheklovlar joriy etgani aytilyapti: Shveytsariya sudyalari savollarni faqat O‘zbekiston Bosh prokuraturasi orqali yo‘llagan, ularning o‘zi sudlanuvchiga bevosita savol berishiga imkon berilmagan. Qolaversa, O‘zbekiston tomonining maxfiylik talablari va bu talablarga rioya etilmagan taqdirda jinoiy sanksiyalar qo‘llanishi haqidagi ogohlantirishi tufayli, himoyachilar ko‘rsatma olish jarayonida qatnashishdan bosh tortgan. Natijada mazkur ko‘rsatmalar Shveytsariyaning dalil to‘plash standartlariga javob berishi va sudda qanchalik kuchga ega bo‘lishi savol ostida qolmoqda.

Asosiy sudlanuvchilar sud majlislarida bevosita ishtirok etishi ehtimoli kam: 53 yoshli Gulnora Karimova Toshkentda qamoqda, biznes hamkori qayerdaligi esa noma’lum. Shu sababli sudyalar sudlovni sirtdan olib borish yoki ishni qismlarga bo‘lish zaruratini ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid