Jahon | 12:43
698
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya aholi soni chegarasi bo‘yicha referendum tayyorlamoqda

Shveytsariya Xalq partiyasi mamlakatga migrantlar oqimini cheklashni istayapti. Shu maqsadda 2050 yildan keyin Shveytsariya aholisi sonini 10 million kishi darajasida cheklash haqida referendum tashabbusi ilgari surildi.

Foto: picture alliance

Shveytsariyada 14 iyun kuni o‘ta o‘ng qarashlarga ega Shveytsariya Xalq partiyasi (ShXP)ning mamlakat aholisi sonini 10 million kishi bilan cheklash taklifi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Shveytsariya Federal kengashi (hukumati)ning tegishli qaroriga tayanib Swiss Info onlayn-nashri chorshanba, 11 fevral kuni xabar berdi.

ShXP tashabbusi mamlakatga migrantlar oqimini cheklashga qaratilgan. Aniqrog‘i, partiya 2050 yildan keyin Shveytsariyaning doimiy aholisi 10 million chegarasidan oshmasligiga erishmoqchi. Faqat bitta istisno ko‘zda tutilmoqda: agar bu daraja tug‘ilishlar soni sabab oshsa.

Agar 2050 yilga qadar Shveytsariya aholisi soni 9,5 million kishidan oshib ketsa, Federal kengash va parlament aholi sonini cheklash talabini bajarishga qaratilgan choralarni qabul qilishga majbur bo‘ladi — “ayniqsa boshpana berish sohasida va oila birlashishi maqsadida qarindoshlarni Shveytsariyaga ko‘chirib kelish masalasida”.

Swiss Info keltirgan tashabbus matniga ko‘ra, bunday vaziyatda Shveytsariya “aholi o‘sishiga ko‘maklashadigan xalqaro kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqishi” kerak bo‘ladi — ayniqsa istisnolar nazarda tutilgan va tanqidiy holatlarda ayrim majburiyatlarning amal qilishini to‘xtatib turish imkonini beradigan qoidalarni inobatga olgan holda.

Agar bu choralar ham aholi sonining 10 million bo‘yicha yuqori chegara talabini ta’minlash uchun yetarli bo‘lmasa, hujjatga ko‘ra, favqulodda chora sifatida Shveytsariya YeI bilan erkin harakatlanish haqidagi kelishuvni bekor qilishga majbur bo‘ladi.

Shveytsariya Federal yig‘ilishi va parlament deputatlarining ko‘pchiligi fikricha, ushbu tashabbus “hech qanday muammoni hal qilmaydi” va faqat yangi muammolarni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, referendum tarafdorlari bunday qaror migratsiyani nazorat qilish va uni cheklash uchun oqilona vosita bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda Shveytsariya aholisi soni taxminan 9 million kishini tashkil qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid