O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari: oxirgi 7 yilda o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga ko‘paydi
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yildagi 4,73 milliard dollardan 2023 yilda 9,88 milliard dollargacha oshdi. Rossiya O‘zbekiston uchun eng katta eksport bozori bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning dastlabki 4 oyida bu mamlakatga eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 foizga oshib, 1 mlrd dollarga yetdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishi kutilmoqda. Quyida, tashrif arafasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka doir muhim raqamlarga e’tibor qaratib o‘tamiz.
O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida Rossiya tomonidan 1992 yilning 20 martida tan olingan va o‘sha kundan e’tiboran ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Shundan keyin ikki tomonlama bir qator strategik bitimlar va kelishuvlar imzolandi.
Xususan, 2004 yil 16 iyunda Strategik hamkorlik, 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilgan. 2012 yil 4 iyunda esa O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan.
Ikki tomonlama munosabatlarda so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishildi. Buni quyidagi raqamlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Savdo aloqalari
O‘zbekistonning Rossiya bilan savdosi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama (MDH doirasidagi) kelishuvlarga muvofiq erkin savdo rejimida amalga oshiriladi. Oxirgi 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yildagi 4,73 milliard dollardan 2022 yilda 9,33 milliard dollargacha oshdi. Xususan, O‘zbekistonning eksporti 2 milliard dollardan 3,1 milliard dollarga (1,5 barobar o‘sish), importi 2,7 milliard dollardan 6,23 milliard dollarga( 2,3 barobar o‘sish) ko‘paydi.
2023 yilda tovar ayirboshlash hajmi 9,88 mlrd dollarga yetdi va Rossiya O‘zbekistonning ikkinchi eng yirik savdo sherigi bo‘ldi. O‘tgan yili umumiy tashqi savdo aylanmasida Rossiyaning ulushi 15,8 foizni tashkil etdi. Joriy yilda ham bu tendensiya davom etmoqda.
Rossiya – O‘zbekiston uchun eng katta eksport bozori. Jumladan, 2024 yil yanvar-aprel oylarida ushbu mamlakatga eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 foizga oshib, 811,5 mln dollardan 1 mlrd 21,4 dollargacha ko‘paydi. Tayyor qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarining asosiy qismi Rossiyaga sotiladi.
Investitsiyalar
Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sarmoyadorlaridan biri hamdir. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘plangan Rossiya investitsiyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshadi. Ayni paytda 150 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilyapti, ularning umumiy qiymati qariyb 14 mlrd dollarni tashkil etadi.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 107,1 trln so‘m bo‘lib, shundan 13,8 foiz qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
2023 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonda tashkil etilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi – 2854 korxona. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar umumiy sonining 21,9 foizini tashkil etadi.
Harbiy sohadagi hamkorlik
Ushbu sohadagi asosiy ikki tomonlama hujjat – Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik sohalarda har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lib, 1999 yil dekabr oyida imzolangan.
Bu kelishuv doirasida tomonlar tezkor va jangovar tayyorgarlik, ta’lim, harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, havo kemalari harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab tadbirlarni tashkil etib keladi.
Keyingi yillarda bu boradagi aloqalar ham mustahkamlandi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mudofaa aloqalari ikki mamlakatning 2021- 2025 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik sheriklik dasturi asosida amalga oshirilyapti.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston tovar ayirboshlash hajmining sezilarli qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning 4 oyida oltinsiz eksportning 20 foizdan ko‘proq qismi Rossiyaga amalga oshirilgan.
Qolaversa, 2024 yilning I choragi davomida O‘zbekistonga umumiy hisobda 2,5 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari yuborilgan. Shuning 68 foizi Rossiyadan amalga oshirilgan.
Mavzuga oid
09:40 / 22.11.2024
Oktyabrda O‘zbekiston 833 mln dollarlik oltin sotdi
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024