O‘zbekiston | 22:49 / 22.02.2024
16380
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida 1 martdan tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanadi 

Shuningdek, atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. 

Unda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish chora tadbirlari ham belgilangan. 

Jumladan, 2024 yil 1 martdan boshlab: 

- Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi; 

- hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi; 

- o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi. 

2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida «YeVRO–5» va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi. 

Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. 

Bunda, binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatadi.

Mavzuga oid