O‘zbekiston | 22:50 / 31.05.2024
8954
3 daqiqa o‘qiladi

600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan - Senat

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida «Yashil makon» umummilliy loyihasi ijrosi muhokama qilindi. 

Bahor mavsumida 600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan. Ayrim vazirlik, idora va tarmoqlar ko‘chat ekish tadbirlariga yetarlicha e’tibor qaratmagan. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi. 

31 may kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ekish va parvarish qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axboroti eshitildi. 

Qayd etilganidek, loyiha doirasida bahor mavsumida 125 mln tup ko‘chat ekilishi belgilangan bo‘lib, 138,1 mln tup (110,5 foiz) ekilgan. Ko‘chatlarni sug‘orish uchun 253 ta suv chiqarish quduqlari va 2906 km uzunlikda sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan. Sug‘orish manbasi mavjud bo‘lmagan hududlarga sug‘orish uchun 991 ta maxsus texnika biriktirilgan. 

Shu bilan birga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bahor mavsumida 600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan. Ko‘chatlarni parvarish qilish, sug‘orish, payhon qilinishining oldini olish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan. 

Hududlarda ekilgan daraxtlarning kasallik va zararkunandalarga qarshi mexanik, biologik, kimyoviy kurash tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablag‘lari hamda vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu masala hal etilmasdan qolgan.

Hokimliklar, vazirliklar, idora va tashkilotlar tomonidan avvalgi mavsumlarda ekilgan, tabiiy va boshqa omillar hisobiga qurib qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, ko‘karmasdan qurib qolganlari o‘rniga yangi ko‘chatlarni ekib o‘rnini to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga qator taklif va tavsiyalar berilgan.

Mavzuga oid