Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biometrik pasport qanday tartibda rasmiylashtirib beriladi?
Hozirgi kunda biometrik pasport biz uchun tanish bo‘lgan asosiy vositaga aylandi. Uning qulayliklari ko‘plab muammolarning oldini olmoqda. Ma'lumotlar tizimlashtirilishi yangi qulayliklarni taqdim etmoqda. Bunga misol tariqasida yaqinda o‘tkazilgan davlat test imtihonlarini aytish mumkin.
Avvalo, biometrik pasport tushunchasiga ta'rif berib o‘tsak:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti - O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini va egasining shaxsini tasdiqlovchi, pasport egasining shaxsiy biografik ma'lumotlari va biometrik parametrlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat.
Shuningdek, ko‘pchilik uchun qiziq hisoblangan va biometrik pasport bilan deyarli bir xil o‘rinda ishlatiladigan harakatlanish hujjatiga ham izoh berib o‘tsak:
«Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjati - O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijda shaxsini tasdiqlovchi, harakatlanish hujjati egasining shaxsiy biografik ma'lumotlari va biometrik parametrlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat».
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 iyuldagi 200-sonli «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi Qarorida biometrik pasport va harakatlanish hujjatini qaysi hollarda olish mumkinligi belgilab o‘tilgan.
Demak, qaysi hollarda biz pasport yoki harakatlanish hujjatini rasmiylashtirishimiz va olishimiz mumkin?
Nizomda mazkur savolga tegishli tartibda asoslar keltirilgan:
- O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketilayotganda;
- bola chet elda tug‘ilganda;
- pasport yoki harakatlanish hujjatining amal qilish muddati tugaganda;
- shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganda;
- yozuvlarda noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganda;
- ro‘yxatdan o‘tkazish (ro‘yxatdan chiqarish), alohida ma'lumotlar yoki vizalar uchun mo‘ljallangan sahifalari ishlatib bo‘linganda;
- pasport yoki harakatlanish hujjati blankasi yaroqsiz bo‘lib qolganda;
- pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qotib qo‘yilganda.
Bu hujjatlarni olishda asosan qanday talablar belgilangan?
Pasport yoki harakatlanish hujjatini olish uchun ma'lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) pasport yoki harakatlanish hujjatini berish uchun belgilangan shakldagi ariza;
b) ushbu muassasa yoki tashkilot orqali chet elga chiqilgan taqdirda muassasa yoki tashkilotning belgilangan namunadagi buyurtmanomasi;
v) tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
g) 35x45 mm o‘lchamli fotosurat;
d) pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlangan hollarda fuqaro va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs qonuniy vakillarining yozma arizasi;
ye) pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qolganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (chet elda yo‘qolganda);
j) davlat boji yoki konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar to‘langanligi haqida kvitansiya.
Pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qotib qo‘yilganda nima qilish kerak?
Pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bu haqda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joydagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga yoki konsullik hisobiga qo‘yilgan joyga darhol xabar berishi shart.
Ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar bajarilgandan keyin, tegishli tartibda ularga yangi pasport yoki harakatlanish hujjatini beradi. Yangi pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qotib qo‘yilganlik to‘g‘risida ariza berilgan kundan boshlab bir oy mobaynida berilishi kerak.
Xususan, vaqtincha chet elda bo‘lgan va konsullik hisobida turmagan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar biometrik pasporti yoki harakatlanish hujjatini yo‘qotgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra almashtirishga ehtiyoj bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasiga qaytishga sertifikat olish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga murojaat qiladilar.
Javohir Shamsutdinov Huquqshunos
Mavzuga oid
10:22 / 02.10.2025
Readmissiya qilinganlarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi belgilandi
19:13 / 23.05.2025
Litva 1 iyundan Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportini tan olmaydi
18:53 / 13.05.2025
Deportatsiya qilinganlarga 2 yil davomida xorijga chiqish pasporti berilmaydi
17:38 / 05.11.2024