O‘zbekiston | 19:28 / 08.08.2024
6041
3 daqiqa o‘qiladi

«Omonqo‘ton» milliy bog‘ida noqonuniy xatti-harakatlar bilan tabiatga zarar yetkazildi

Ekologiya vazirligi tasarrufidagi «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘ida ekskavator va buldozerlar kiritilib, yo‘llar va inshootlar qurilishi oqibatida daraxtlar va o‘simliklarga zarar yetkazilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi matbuot xizmati

Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva o‘z Telegram-kanalida ma’lum qilgan.

U Urgut tumaniga qilgan safari chog‘ida mahalliy mutaxassislardan holatga izoh so‘raganida, Milliy bog‘ hududiga noqonuniy kirilgani, bir nechta daraxt va o‘simliklarga jiddiy shikast yetkazilganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 nafar fuqaro Milliy bog‘ga «Yo‘lsoy» bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan. Bog‘ rahbariyati tabiat bog‘i muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekani, bu yerga ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan.

Shunga qaramasdan, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxtlar hamda o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazishgan.

2 avgust kuni kech soat 18:00 larda Milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holati to‘liq to‘xtatilgan.

L.Rahmonboyevning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yo‘llandi.

Bugun, 8 avgust kuni Samarqand viloyat prokuraturasi va kadastrlar palatasi viloyat bo‘limi xodimlari borib vaziyatni joyida o‘rgangani, Milliy bog‘ hududida noqonuniy qurilgan inshootlar ham borligini aniqlashgan.

Ta’kidlash lozimki, «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘i tabiatni asrash, bioxilmaxillikni saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda eng muhim ahamiyatga ega obektlardan biri hisoblanadi.

Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi. O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj hisoblanadi. Noyob hayvonlar va qushlarning 9 turi esa Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Mavzuga oid