O‘zbekiston | 16:58 / 30.10.2025
2604
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident YuNeSKO bosh direktori Odri Azuleni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi

Fan, ta’lim va madaniyat sohalarida O‘zbekiston–YuNeSKO aloqalarini rivojlantirishdagi katta xizmatlari va o‘zbek xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonim “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNeSKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

Suhbat avvalida Odri Azule O‘zbekiston rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor YuNeSKOning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotgani bilan tabrikladi.

O‘zbekiston konferensiyani yuqori saviyada tashkil etayotgani va uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitgani e’tirof etildi.

Sammit doirasida YuNeSKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlangani, birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazilgani, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlangani va buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etilgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan YuNeSKOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi obektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

YuNeSKO bilan sheriklikni yanada kengaytirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga O‘zbekiston tomoni tayyor ekani bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda O‘zbekiston xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Mavzuga oid