Jamiyat | 21:11 / 02.08.2019
39292
6 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi qabristonni obodonlashtirishga tashkilotlar xodimlari majburiy jalb qilinmoqda - Kun.uz surishtiruvi

Buxoro shahridagi «Hazrati imom» qabristoni eng katta va qadimiy qabristonlardan biri bo‘lib, hududi 17 gektarni tashkil qiladi. Ayni vaqtda ushbu qabristonda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qabristondagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta'lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Buxoro shahridagi ushbu qabristonga bordi va mavjud vaziyatni joyida o‘rgandi.

Qabristonda haqiqatan ham keng ko‘lamda obodonlashtirish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Turli yumushlar bilan band bo‘lgan fuqarolar bilan suhbatlashdik.

«Biz obodonlashtirish boshqarmasida ishlaymiz. Bu yerda ishlar boshlanganiga bir oyga yaqin vaqt bo‘ldi. To‘g‘ri, bu yerda bizdan tashqari, turli tashkilotlar xodimlari, o‘qituvchilar ham, shifokorlar ham kelib ishlashmoqda. Bugun ham ertalabdan tush vaqtigacha ishlab ketishdi», — deydi Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasining ismini ochiqlashni istamagan ishchisi.

Albatta, qabristonlar obodligiga obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari mas'ul. Ammo qolgan tashkilotlar xodimlari-chi?

Shundan so‘ng, qabristonda bo‘yoqlash ishlarini olib borayotgan yana bir fuqaro bilan suhbatlashdik.

«O‘zim bog‘chada ishlayman. Bizga shu yerga kelib yordam berishimizni aytishgan. Bir necha kundan buyon ishlayapmiz. Shahardagi hamma bog‘chadan kelishyapti», — deydi u biz bilan suhbatda. U ham ismi sir qolishini bizdan qattiq iltimos qildi.

O‘rganishimiz davomida fuqarolik kiyimida jazirama issiqda ishlayotgan Buxoro shahridagi harbiy qism askarlarini uchratdik.

«Bizni bu yerga bugun olib kelishdi. Ishlayapmiz, yordam beryapmiz», — deydi askar.

Ma'lum bo‘lishicha, tashkilotlarning aksariyati ertalabdan tush vaqtigacha ishlab ketishgan (biz qabristonga tushdan keyin bordik).

Buxoro shahar hokimligi

Mazkur holatga izoh olish uchun Buxoro shahar hokimligida bo‘ldik. Shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashishning imkoni bo‘lmadi. Hokimlikning qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi A.Mansurov «Hazrati Imom» qabristonida bo‘layotgan obodonlashtirish ishlariga shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Asror Hayitov mas'ul ekanligini bildirdi.

Biz bilan suhbatda A.Hayitov qabristonga tashkilotlar xodimlari majburiy jalb etilayotganini rad etdi.

«Xabaringiz bor, Islom hamkorligi tashkiloti tomonidan 2020 yilda Buxoro Islom madaniyati poytaxti sifatida e'tirof etilgan. Ayni vaqtda shaharda shunga katta tayyorgarlik ko‘rilyapti. Jumladan, «Hazrati Imom» qabristonida ham shu maqsadda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Chunki qabriston ichi va atrofi ancha abgor ahvolga kelib qolgandi. O‘t-o‘lanlardan tozalanyapti, qabr oralarida yo‘laklar qilinyapti. Bir oyga yaqin vaqt bo‘ldi ishlar boshlanganiga. Hech kim bu yerga majburiy jalb etilayotgani yo‘q. Ommaviy bir hashar tarzida ishlar tashkil etilyapti. Shu yerda ko‘pchilikning ota-onalari, yaqinlari yotibdi. Ixtiyoriy ravishda yaqinlarining qabrlari va ularning atrofini tozalab qo‘yishayotgan bo‘lishi mumkin. Bunga hech kimni majbur qilish shart emas», — deydi Hayitov.

Ammo qabriston hududida askarlar va maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari bilan suhbatlashganimizni, obodonlashtirish boshqarmasining ishchilari ertalabdan tush vaqtigacha barcha tashkilotlardan xodimlar kelib ishlayotganligini tasdiqlaganligini aytganimizda hokim o‘rinbosari bunday holatlarni qat'iy rad etib, hashar tarzida ishlar bo‘layotganligini ta'kidladi.

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hasharni o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iyan rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta'mirlash ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu masala yuzasidan Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Izom Qurbonov bilan ham suhbatlashdik.

«Qabristonlar bizning tasarrufimizda bo‘lganligi uchun boshqarmamiz ishchi-xodimlari doimiy ishlayapti. Boshqa tashkilotlardan ham kelib yordam qilishmoqda. Mahalla raislari aholini jalb qilyapti. Tashkilotlar bo‘yicha sizga aniq bir gap aytolmayman. Bu ishlarni hokimiyat tashkil qilyapti, tashkilotlar xodimlari kelishini ham ular tashkil qilyapti. Lekin kelib ishlashayotgani rost», — deydi biz bilan suhbatda Qurbonov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Buxoro shahrida budjet tashkilotlari xodimlarining obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilingani to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlagan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid