Buxoro shahridagi «Hazrati imom» qabristoni eng katta va qadimiy qabristonlardan biri bo‘lib, hududi 17 gektarni tashkil qiladi. Ayni vaqtda ushbu qabristonda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qabristondagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta'lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Buxoro shahridagi ushbu qabristonga bordi va mavjud vaziyatni joyida o‘rgandi.

Qabristonda haqiqatan ham keng ko‘lamda obodonlashtirish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Turli yumushlar bilan band bo‘lgan fuqarolar bilan suhbatlashdik.

«Biz obodonlashtirish boshqarmasida ishlaymiz. Bu yerda ishlar boshlanganiga bir oyga yaqin vaqt bo‘ldi. To‘g‘ri, bu yerda bizdan tashqari, turli tashkilotlar xodimlari, o‘qituvchilar ham, shifokorlar ham kelib ishlashmoqda. Bugun ham ertalabdan tush vaqtigacha ishlab ketishdi», — deydi Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasining ismini ochiqlashni istamagan ishchisi.

Albatta, qabristonlar obodligiga obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari mas'ul. Ammo qolgan tashkilotlar xodimlari-chi?

Shundan so‘ng, qabristonda bo‘yoqlash ishlarini olib borayotgan yana bir fuqaro bilan suhbatlashdik.

«O‘zim bog‘chada ishlayman. Bizga shu yerga kelib yordam berishimizni aytishgan. Bir necha kundan buyon ishlayapmiz. Shahardagi hamma bog‘chadan kelishyapti», — deydi u biz bilan suhbatda. U ham ismi sir qolishini bizdan qattiq iltimos qildi.

O‘rganishimiz davomida fuqarolik kiyimida jazirama issiqda ishlayotgan Buxoro shahridagi harbiy qism askarlarini uchratdik.

«Bizni bu yerga bugun olib kelishdi. Ishlayapmiz, yordam beryapmiz», — deydi askar.