Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tintuvdan so‘ng yo‘qolgan tillalar – qidiruvdagi sobiq tergovchi ishida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi
Ayni paytda qidiruvda bo‘lgan Buxoro shahar IIB sobiq tergovchisi Lochinbek Toshpo‘latov nimalarda ayblanmoqda? Uning sheriklari kimlar edi? Qanday dalillar soxtalashtirilgan? Bosh prokuratura Kun.uz’ga ishga aloqador ma’lumot berdi.
Lochinbek Toshpo‘latov kim?
Lochinbek Toshpo‘latov 2020 yildan 2025 yil 19 iyulga qadar Buxoro shahar IIB tergovchisi, 2025 yil 19 iyuldan 9 sentbyargacha Peshku tumani IIB profilaktika inspektori, 9 sentabrdan 30 dekabrga qadar esa Romitan tumani IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. Buxoro viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruviga ko‘ra ichki ishlar xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlar sodir etgani sababi bilan 2025 yil 30 dekabrda xizmatdan bo‘shatilgan.
U ayni paytda “yo‘qolib qolgan”: unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan. Kun.uz avvalroq Lochinbek Toshpo‘latov Buxoro shahrida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurib sotuvchi qurilish firmasiga nisbatan olib borilgan tergovda dalillarni soxtalashtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Lochinbek Toshpo‘latov o‘ziga nisbatan nohaqlik bo‘layotgani, bu ishlar ortida viloyat prokurorining o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov va viloyat prokuraturasi tergov bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarov turganini aytgan.
Lochinbek Toshpo‘latovning qidiruvga berilgani Kun.uz’ning “Best building company” MChJ bilan bog‘liq surishtiruvidan so‘ng aniq bo‘lgandi. Ushbu MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev aynan Lochinbek Toshpo‘latovning g‘ayriqonuniy tergovi natijasida nohaq ayblanganini aytgan.
Yo‘qolgan taqinchoqlar
Bosh prokuratura Kun.uz’ga Lochinbek Toshpo‘latov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilib, hozirda tergovi davom etayotgan jinoyat ishi tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Lochinbek Toshpo‘latovga nisbatan 2025 yil 29 dekabrda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro Bobur Raupov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-kismi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Lochinbek Toshpo‘latov ish yurituvida bo‘lgan. 2024 yil 24 aprelda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha fuqaro R.Sh.ning Buxoro shahridagi uyida tintuv o‘tkazilgan. Lochinbek Toshpo‘latov tintuv jarayonida bayonnomaga asosan olingan 1 juft tilla sirg‘a, 1 dona tilla uzuk, 5 dona bank plastik kartalari, 3 dona fleshka xotirasini belgilangan tartibda saqlash uchun topshirmagan. Oqibatda ularning yo‘qolishiga sababchi bo‘lgan.
Shuningdek, Lochinbek Toshpo‘latov fuqaro U.N.ning Buxoro shahridagi yashash uyida o‘tkazilgan tintuvda bayonnomaga asosan olingan, U.N.ning keliniga tegishli jami qiymati 10 ming dollarlik 2 dona tilla zanjir, 3 dona tilla
kulon, 1 dona tilla braslet, 7 dona ayollar tilla uzuklari, 1 dona ayollar kumush uzugini belgilangan tartibda saqlash uchun topshirmagan. Oqibatda bu tilla taqinchoqlar ham yo‘qolgan.
Tergovchining uyida tintuv
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 2025 yil 30 dekabrda Lochinbek Toshpo‘latovning Vobkent tumanidagi xonadonida tintuv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaro R.Sh. va I.M.ga tegishli bank plastik kartalari topilgan. Bu bank kartalari B.R. va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Lochinbek Toshpo‘latov tomonidan o‘tkazilgan tintuvda daliliy ashyo sifati olingan bo‘lgan.
“Delo” shahardan viloyatga o‘tgan
Jinoyat ishi dastlab Buxoro shahar, 2026 yil 27 yanvarda viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan ish yurituvga olingan.
2026 yil 30 martda Buxoro shahar IIB sobiq tergovchisi Lochinbek Toshpo‘latov va 1 aprelda tergov bo‘linmasi sobiq boshlig‘i X. Yaxshiyev ishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Uka o‘rniga aka
Dastlabki tergovda “delo”ga Lochinbek Toshpo‘latovning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida 2025 yil 20 fevraldagi qarori bekor qilingan holda qo‘shilgan. Bu qanday qaror edi?
Ish hujjatlariga ko‘ra, fuqaro B.B. 2025 yil 10 fevral kuni tunda “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Buxoro shahri, S.Ayniy ko‘chasidagi xonadonda “odam pichoqlaganini”ni bildirgan.
Aniqlanishicha, Vobkent tuman IIB profilaktika inspektori Sh.Izzatulloyev o‘zining oldindan tanishi bo‘lgan G.B. bilan ishqiy munosabatlarga kirishib, u bilan 2025 yil 10 fevral kuni tunda yashash uyida ko‘rishgan. Shu paytda G.B.ning turmush o‘rtog‘i B.B. ushbu holatni sezib qolib, Sh.Izzatulloyev bilan o‘zaro janjallashgan hamda oshxona pichog‘i bilan uning chap tomon ko‘krak qafasiga bir marta urgan. So‘ng holat haqida “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bergan.
Biroq, Sh.Izzatulloyev o‘z harakati fosh bo‘lsa, ichki ishlar organlari xodimi sifatidagi obro‘siga putur yetib, intizomiy jazo qo‘llanishining oldini olish maqsadida Lochinbek Toshpo‘latov bilan kelishgan. Ya’ni, Sh.Izzatulloyev akasi D.I.ni jalb qilib, go‘yoki bo‘lib o‘tgan ishlar o‘zi emas, akasi bilan sodir bo‘lgani haqida hujjatlar qilishgan.
Lochinbek Toshpo‘latov sheriklari Sh.Izzatulloyev, uning akasi D.I., hudud profilaktika inspektori A.Akramov va qarindoshi O.H. bilan o‘zaro til biriktirib, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasiga aniqlangan qon dog‘lari, qonga o‘xshash dog‘lari bo‘lgan kiyimlar va pichoqni qayd etmagan. Shuningdek, G.B. va D.I.ni sud tibbiy ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazmasdan, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan.
Sobiq tergovchi qidiruvda
2026 yil 29 aprelda Lochinbek Toshpo‘latov, Vobkent tuman IIB XPB profilaktika inspektori Sh.Izzatulloyev, Buxoro shahar IIO FMB 2-sonli IIB XPB profilaktika katta inspektori A.Akramov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 230-1-moddasi (Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan holda alohida ish yurituviga ajratilgan.
2026 yil 29 aprelda Lochinbek Toshpo‘latovga sirtdan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan holda u qidiruvga berilgan. 30 aprel kuni esa Sh.Izzatulloyevga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qolganlar jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilinib, so‘roq qilingan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
17:22 / 25.05.2026
Buxoro shahar IIB sobiq tergovchisi qidiruvga berildi: kalavaning uchi qayerda?
08:20 / 25.05.2026
Buxoroda sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsion sxema fosh etildi
21:35 / 21.05.2026
“Ikkita mehmonxona qurilishini bilaman” - Turizm qo‘mitasi raisi Buxoro turizm markazi haqida
08:32 / 21.05.2026