O‘zbekiston | 11:20 / 30.10.2019
16686
17 daqiqa o‘qiladi

«Qadimiy Zarmon shahri vayron etilmoqda» - Arxeolog bilan suhbat

Kun.uz tahririyati ilm-fan yo‘lida xizmat qilayotgan olimlar bilan suhbatlar loyihasi doirasida tarix fanlari doktori Abdisobir A'zamovich Raimqulov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbatda arxeologik yodgorliklar, ularni bugungi kunda saqlash, ularga bo‘lgan munosabat, shuningdek, arxeologik ekspeditsiyalarning tashkiliy yo‘lga qo‘yilganligi va boshqa qiziqarli ma'lumotlar olish mumkin.

Abdisobir Raimqulov O‘zR Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, «Qadimgi davr arxeologiyasi» bo‘limi boshlig‘i hisoblanadi

— O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borish salohiyati va yaratilayotgan sharoit, ekspeditsiyalar qilish qanday yo‘lga qo‘yilgan?

— O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borish salohiyati yuqori darajada desam xato bo‘lmaydi. O‘tgan asrning 70-80 yillaridan boshlab arxeologiya fanining turli yo‘nalishlari, ya'ni tosh davri arxeologiyasi, bronza va ilk temir davri arxeologiyasi, antik va o‘rta asrlar davri arxeologiyasi, arxeologik yodgorliklarni ta'mirlash va tiklash yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab maktablar shakllandi va bu maktablar salohiyati hozir ham juda yaxshi.

Arxeologik tadqiqotlarga yaratilayotgan sharoit masalasiga kelsak, bu hozir bizni og‘riqli nuqtamiz. Yaratilayotgan, yaratilishi lozim bo‘lgan sharoit bevosita mablag‘ masalasi bilan bog‘liq. Afsuski, arxeologik tadqiqotlarga nihoyatda kam mablag‘ ajratilmoqda va biz mana shu kam mablag‘ hisobidan ko‘proq natija olish uchun uni arxeologik qazishmalarga emas, balki arxeologik qidiruvlarga, ya'ni arxeologik yodgorliklarni hisobga olish, viloyatlar va tumanlar hududlari yodgorliklarini o‘zida jamlagan «Arxeologik yodgorliklar katalogi» kabi tadqiqotlarga yo‘naltirmoqdamiz.

Hozir institutimizda o‘ndan ortiq xalqaro qo‘shma ekspeditsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda va arxeologik qazish ishlari esa aksariyat hollarda mana chet ellik hamkorlarimiz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 792-sonli «Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mana shu qaror yurtimizda arxeologik tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ladi, deb umid bildiraman.

— Siz haqingizdagi ma'lumotlarni o‘qiganimda sizning arxeologik izlanishlaringiz asosan Qashqadaryo va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelar ekan. Ushbu hududlarda hali fanga ma'lum bo‘lmagan arxeologik obektlar mavjudmi?

— Mening asosiy ilmiy tadqiqotlarim Qashqadaryo vohasida joylashgan arxeologik yodgorliklar ustida olib borilgan. Xususan, nomzodlik dissertatsiyam Naxshabning ilk o‘rta asrlar davri qishloqlari madaniyati haqida edi. Naxshab – hozirgi Qarshi vohasining qadimiy nomi bo‘lgan. Qashqadaryoning yuqori qismida esa Kesh vohasi. Ushbu vohalar birlashib Janubiy Sug‘dni tashkil etadi.

Arxeologiya fanida Sug‘d — Sug‘diyona shartli ravishda bir necha vohalarga bo‘linadi. Samarqand viloyati hududi — Markaziy Sug‘d, Qashqadaryo vohasi — Janubiy Sug‘d, Buxoro vohasi esa G‘arbiy Sug‘d deb yuritiladi. Men Qarshi va Kesh vohalarining o‘ndan ortiq yodgorliklarida arxeologik qazishma ishlari olib borganman.

Doktorlik dissertatsiyam esa Janubiy Sug‘dning o‘rta asrlar davri tarixiy topografiyasi, o‘rta asrlar davri shaharlarining joylashuvi, voha hududidan o‘tgan xalqaro va mahalliy yo‘llarning yo‘nalishlari, vohaning qadimiy sug‘orilishi tarixi, markaziy shaharlarning moddiy madaniyati va san'ati masalalariga bag‘ishlangan.

Samarqandning arxeologik yodgorliklari ustida hamkasblarim tomonidan olib borilgan tadqiqotlardan doimiy ravishda xabardor bo‘lib kelganman hamda doimiy ravishda ma'lumotlar to‘plab borganman.

Shu ma'lumotlar asosida 2017 yilda «Katta Sug‘d – Sug‘diyona» deb nomlangan, ilmiy-ommabop kitob nashr etdim. Bu kitobda hozirgi Payariq va Qo‘shrabot tumanlari hududini o‘z ichiga olgan va o‘rta asrlar davri manbalarida Sug‘udi Kalon, ya'ni Katta Sug‘d nomi bilan tilga olingan tuman tarixini yoritishga harakat qildim.

Kitobda yunon tarixchilari tomonidan tilga olingan Basileya shahri hozirgi Chelak shahri yaqinidagi Ko‘ktepa yodgorligi o‘rnida bo‘lganligi, Basileyaning inqirozi va uning Chelak shahri o‘rnida qayta shakllanishi masalalari va o‘rta asrlarda bu shahar Vidor deb atalgani, yuqorida aytilgan «Sug‘dning Shimoliy temir darvozasi»ning kashf etilishi, Samarqanddan Temir darvozagacha bo‘lgan yo‘l ustida joylashgan qadimiy sug‘diy shaharlar xususida qiziqarli tadqiqotlar jamlangan.

Ikkinchi savolingizga kelsak, yaqinda, 4 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining № 846 sonli «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Men bu qarordagi Qashqadaryo viloyatida mavjud arxeologik yodgorliklar ro‘yxatini mufassal qarab chiqdim. Ro‘yxatda G‘uzor tumanida 104 ta yodgorlik nomi keltirilgan, holbuki, men 2015 yilda bu tuman hududida 119 ta yodgorlikni hisobga olganman va ushbu ro‘yxatga yodgorliklar nomlarini taqdim etgan Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Bosh boshqarmasiga (hozirgi Madaniy meros departamenti) 119 ta yodgorlik bo‘yicha hisobot taqdim etganman. Lekin nima uchundir milliy ro‘yxatda o‘tgan asrning saksoninchi yillarida hisobga olingan 104 ta yodgorlik nomi keltirilgan.

Xuddi shu kabi holatni Chiroqchi tumani arxeologik yodgorliklari soni misolida ham ko‘rish mumkin. Bu tuman yodgorliklari Qashqadaryo viloyati Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish inspeksiyasi tomonidan ham ro‘yxatga olingan va 57 ta  yodgorlik qayd etilgan. Bizni ro‘yxatda esa ularning soni 68 ta. Bu hisob kitoblar ham tugal emas, hali tumanning tog‘li hududlarida arxeologlarning qadami yetmagan joylar juda ko‘p.

Bu holat, shubhasiz, viloyatning Dehqonobod, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz va Kitob tumanlarining tog‘li hududlari uchun ham xos. Bitta misol. Men mahalliy kishilardan Yakkabog‘ tumanidagi tog‘li Ishkent qishlog‘idan yuqorida, Tirnasoy bo‘yida kattakon tepalik borligini eshitdim va o‘sha joyga borib maydoni kamida 20 ga bo‘lgan shaharcha qoldiqlarini topdim.

Tog‘li hududda bu kabi katta maydonga ega shaharlar yurtimizda juda kam va hozir biz Karnaytepa deb nomlangan ushbu yodgorlikni Muqannaning oxirgi qarorgohi xarobalari ekanligini taxmin qilmoqdamiz. Xullas, bunaqa misollar juda ko‘p, yurtimizda hali arxeologlarga noma'lum bo‘lgan bir necha o‘nlab noyob yodgorliklar borligiga ishonaman.

— Biror hududda, deylik, qadimiy qabristonlarda qazilma ishlari olib borilganda mahalliy aholi bunga qanday munosabat bildiradi, noqulayliklar tug‘ilishi holati ham bo‘lganmi?

— Biz hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan qabristonlarda qazish ishlari olib bormaymiz, hisobi, lekin yurtimizdagi juda ko‘plab qabristonlar qadimiy arxeologik yodgorliklar bo‘lgan tepaliklarda joylashgan. Ko‘pincha mana shunday tepaliklarda arxeologik qazish ishlari olib borishga to‘g‘ri keladi.

Biz iloji boricha tepalikning qabristonga aylanmagan hududlarida qazish ishlari olib borishga, zamonaviy qabrlarga tegmaslikka harakat qilamiz. Lekin hozirgacha biron-bir joyda mahalliy aholi bizning tadqiqotlarga salbiy munosabatda bo‘lgani yoki qazishmalarimizga qarshilik qilganligini eslay olmayman.

— Hozirda qaysi arxeologik obekt ustida ishlamoqdasiz?

— Bizga ma'lumki, arab tarixchisi Ibn Arabshoh sohibqiron Amir Temur Kesh viloyatidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan, degan ma'lumot qoldirgan va bu ma'lumot olimlarimiz tomonidan e'tirof etilgan. Prezidentimiz o‘tgan yilning dekabr oyida Qashqadaryoga qilgan tashriflari davrida Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida Amir Temurning yoshlik yillariga bag‘ishlangan muzey, mehmonxona va diqqatga sazovor turistik obektlar qurishga topshiriq bergan edilar. Mana shu topshiriqning ijrosi uchun biz shu kunlarda Amir Temur hazratlarining tavallud maskani bo‘lmish Xo‘ja Ilg‘orda sohibqiron yashagan davrga oid madaniy qatlamlarni hamda Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ining qadimiy o‘rnini topish maqsadida arxeologik qazishmalar olib bormoqdamiz.

— Bugungi kunda O‘zbekistonda arxeologiya merosi obektlarini saqlash masalasi qay darajada?

— Bir so‘z bilan aytganda, ayanchli ahvolda!

Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy meros departamentining viloyatlardagi boshqarmalari madaniy meros obektlari, aniqrog‘i, arxeologiya merosi obektlarini saqlab qola olmayaptilar. 

Madaniy meros va arxeologiya obektlarini muhofaza qilish borasida 2001 yil 30 avgustda qabul qilingan «Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida», 2009 yil 13 oktyabrida qabul qilingan «Arxeologiya merosi obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida» kabi qonunlar mavjudligiga qaramasdan arxeologiya obektlarini buzish keng masshtabda davom etmoqda. 

Tadbirkorlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan hozirgi kunlarda arxeologiya obektlarini buzish yanada kuchaydi. Tumanlar hokimlari arxeologik yodgorliklar mavjud bo‘lgan hududlarda ishlab chiqarish korxonalari qurish uchun Madaniy meros departamentining viloyatlardagi inspeksiyalarini yoki arxeologiya mutaxassislarini xabardor qilmasdan, ularning ishtirokisiz, ruxsatisiz tadbirkorlarga qarorlar chiqarib bermoqdalar. Holbuki, bunday qarorlar chiqarish yuqoridagi qonunlarga zid ekanligi o‘sha qonunlarda to‘la aks ettirilgan. 

Aynan shu kunlarda katta qamrovda buzilishi davom etayotgan ikkita noyob arxeologik yodgorlik to‘g‘risida ma'lumotni keltiraman.

Birinchisi — Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani hokimi 2015 yilda tumanning Chimboy qishlog‘idan 1 km shimolda, Qoradaryoning chap sohilida joylashgan, maydoni qariyb 20 ga bo‘lgan, manbalarda keltirilgan Zarmon shahri xarobalari bo‘lgan yodgorlik hududida g‘isht ishlab chiqarish korxonasi qurilishi va bog‘ tashkil etish uchun qaror chiqarib bergan. Hozirgi kunda yodgorlikning g‘arb tomonida joylashgan raboti o‘rni (6-7 ga) tamoman tekislangan va uning o‘rnida g‘isht pishirish xumdoni qurilgan.

Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV
Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV

Yodgorlik markaziy shahristonining uchdan ikki qismi bo‘lgan 5-6 ga maydon ham tekislanib uning o‘rnida bog‘ tashkil etilgan. Undan tashqari, yodgorlik arkining anchagina qismi buzilgan va ushbu buzilgan joyida tuproqni loyga, keyin g‘ishtga aylantiruvchi qurilma o‘rnatilgan. Men bu haqda o‘z feysbuk sahifamda ma'lumot berganimda, bor-yo‘g‘i 4 kishi izoh yozib munosabat bildirdi, xolos. Mana sizga yurtdoshlarimizning loqaydligi!

Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV
Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV

Prezidentimiz turizmni rivojlantirish borasida kecha-yu kunduz, yil o‘n ikki oy gapirayotgan pallada, 1-1.5 ming yillik shahar xarobasi bo‘lgan yodgorlikni tekislash millatga, uning o‘tmishiga qarshi jinoyat emasmi? Nahotki, tadbirkorga yer ajratayotgan, qaror chiqargan Past Darg‘om tumani hokimligidagi mutasaddilar yoki tadbirkorning o‘zi hamma tomonida sopol buyumlar parchalari sochilib yotgan hududni qadimiy arxeologik yodgorlik ekanligini bilishmagan bo‘lsa, yoki ular uchun tarixning, madaniy yodgorlikning ahamiyati «sariq chaqami?!»

Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV
Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV
Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV

Keyin bu fojia haqida Samarqand viloyati Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish inspeksiyasiga rasmiy xat ham jo‘natdik, ular voqea joyiga borib buzish ishlarini to‘xtatishga harakat qilishdi, balki, prokuratura organlariga xabar ham berishgandir. Kechagina Google Earth dasturi orqali qadimiy Zarmon shahri xarobalarini buzish hamon davom etayotganligiga amin bo‘ldim. Nahotki, Samarqand viloyatida noyob bir yodgorlikni buzayotgan tadbirkorni to‘xtata oladigan idora bo‘lmasa?!

Foto: Shuhrat ShOKIRJONOV

Ikkinchi misol, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining sobiq hokimi Jahongir Boboyev tumandagi Qatag‘on qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Shodmon Muhammadiyevga qishloqdan Qayrag‘och qishlog‘i tomonga chiqishda joylashgan yirik arxeologik yodgorlik hududida g‘isht ishlab chiqarish korxonasi qurish to‘g‘risida qaror chiqarib bergan va hozirgi kunlarda yodgorlikning pastki pog‘onasi bo‘lgan tepalik shiddat bilan buzilmoqda. Men ikki haftacha muqaddam tadbirkorga bu joy arxeologik yodgorlik ekanligi, uni buzish mumkin emasligini tushuntira olmadim, to‘g‘risi, tushunishni istamadi.

Hozirda arxeologik yodgorliklarning katta qismi aholi tomonidan ham buzilmoqda, chunki yurtimizdagi yuzlab qabristonlar arxeologik yodgorliklar bo‘lgan tepaliklarda joylashgan. Qabr kavlash hozirda yodgorliklarni buzishning eng keng tarqalgan hodisasi bo‘lib qolmoqda. Bitta Qashqadaryo viloyatida yuzdan ortiq qabriston bevosita arxeologik yodgorliklar ustida faoliyat ko‘rsatadi. Farg‘ona vodiysining har uchala viloyatida yer tanqisligi sabab, sovet tuzumi yillarida yerlarning o‘zlashtirilishi, kanallar, yo‘llar, shaharlar qurilishi oqibatida mingga yaqin yodgorlik buzilib ketgan bo‘lsa, saqlanib qolgan yodgorliklarning qariyb 90 foizi qabristonlarga aylanib ketgan.

— Arxeologiyada qanday yangi ilmiy yo‘nalishlar dolzarb hisoblanadi? Zamonaviy arxeologik yo‘nalishlarning O‘zbekistonda ham rivojlanishini qanday baholaysiz?

— Hozirgi davrda jahonda arxeologiya fanining tabiiy va aniq fanlar bilan integratsiyasi kuchayib bormoqda, xohlaymizmi, yo‘qmi — klassik arxeoloya fani tobora yangi texnologiyalar biln «qurollangan» zamonaviy arxeologiyaga o‘z mavqeini berib qo‘ymoqda. Ayni kunlarda laboratoriya arxeologiyasi ham kuchaymoqda. Bu tabiiy hol.

Hozirgi kunlarda tezlik bilan rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan biri uchuvchili yoki uchuvchisiz uchish apparatlariga o‘rnatilgan lazerli radar – lidar qurilmasi vositasida arxeologik yodgorliklarni lazerli skaner qilish orqali uni kavlamasdan, ya'ni buzmasdan, uning bag‘rida mavjud bo‘lgan qadimiy me'moriy inshootning xususiyatlarini o‘rganish, tarxini chizish mumkin. Onda-sonda shu usul vositasida dunyoning ayrim mintaqalarida butun boshli katta shaharlar, hatto qadimgi megapolislar topilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni eshitib qolamiz. Shunga yaqin lazerli skaner vositasida zanglab ketgan tanga yoki medalondagi tasvirlarni suratga tushirish mumkin.

Undan tashqari hozirda radiouglerod, radiokarbon usullari yordamida arxeologik topilmalar va madaniy qatlamlar yoshini aniqlash amaliyoti juda keng tarqalmoqda.

Zamonaviy arxeologik yo‘nalishlar O‘zbekistonga endigina kirib kela boshladi. Bu yo‘lda biz uchun eng katta to‘siq bu yo‘nalishlarda ishlay oladigan mutaxassislarning yo‘qligi va birinchi galdagi vazifa shu sohalarning kadrlarini tayyorlashdir. Meni fikrimcha, arxeologiya fani yangi texnologiyalar vositasida qanchalik rivojlanmasin, baribir, arxeologiya yodgorliklarini to‘laligicha ochish, undagi har bir topilmani suratga olish, formasini chizish, ilmiy talqin qilish kabi usullarga asoslangan klassik arxeologiya o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Chunki faqat mana shu usul orqaligina yodgorlikni to‘la ochib uni «Ochiq osmon ostidagi muzey»larga va turistik maskanlarga aylantirish, shu yo‘sinda sayyohlarga bizning xalqimiz yuksak darajada rivojlangan qadimiy madaniyat merosxo‘rlari ekanligini namoyon etishi mumkin.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov

Kun.uz muxbirining Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi qadimiy Zarmon shahri xarobalari bo‘yicha surishtiruvi tez orada e'lon qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid