Jahon | 23:28 / 29.08.2025
5795
2 daqiqa o‘qiladi

USAID rasman yopiladi – Marko Rubio

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi tugatiladigan bo‘ldi.

Foto: Reuters

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio USAID (AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi) rasman yopilishini e’lon qildi. Tugatish jarayoniga prezident ma’muriyati huzuridagi Ma’muriy-budjet boshqarmasi direktori Rassel Vout boshchilik qilmoqda.

«Yanvar oyidan beri biz soliq to‘lovchilarning o‘nlab milliard dollarini tejadik. Endi USAID rasman yopilish arafasida. Rassel allaqachon nazoratdan chiqib ketgan agentlikni yopish jarayoniga boshchilik qilmoqda. Tabriklayman, Rass», dedi Rubio.

USAID 60 yildan ortiq faoliyat yuritib, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim va gumanitar sohalardagi loyihalarni moliyalashtirish orqali butun dunyo mamlakatlariga yordam berib kelayotgan edi.

2025 yil mart oyida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio USAID dasturining 83 foizi yopilishini e’lon qildi. Agentlikning Vashingtondagi bosh qarorgohi yopildi. AQSh yangi ma’muriyati bu qarorni mablag‘larning samarasiz sarflanishi va tashqi siyosat ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqish zarurati bilan izohladi.

Shu yil iyul oyida prezident Tramp AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlari va ommaviy eshittirishlar doirasida xorijiy yordam uchun ajratilgan 9 milliard dollarni budjetga qaytarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Mavzuga oid