Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil: Trampning G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashini Nikolay Mladenov boshqaradi
Bolgariyalik siyosatchi va BMTning sobiq diplomati arab dunyosi bilan ham, Isroil bilan ham ijobiy aloqalarga ega. U allaqachon Ramallohda Falastin ma’muriyati bilan, Tel-Avivda esa Netanyahu bilan uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi.
Nikolay Mladenov Foto: AP Photo
Bolgariyalik siyosatchi va BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq elchisi Nikolay Mladenov AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi bosh direktori lavozimiga tanlandi.
Ushbu tayinlov 8 yanvar kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan e’lon qilindi. Associated Press nashrining yozishicha, tayinlov AQSh rasmiysi tomonidan ham tasdiqlangan.
Mladenov AQSh vositachiligida sulhning keyingi bosqichida G‘azo sektorini boshqarish vazifasi yuklatilgan, lekin hali sinovdan o‘tmagan xalqaro tuzilmaning eng yuqori lavozimli rasmiysiga aylandi.
Sulh bitimiga ko‘ra, Tramp raislik qiladigan bu organ – yangi texnokratik falastinliklar hukumati ustidan nazoratni, Hamasni qurolsizlantirishni, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirishni, Isroil qo‘shinlarining qo‘shimcha chekinishini va sektorni qayta qurishni nazorat qilishi kerak.
Reutersʼning yozishicha, 9 yanvar kuni Nikolay Mladenov bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Ramallahda Falastin ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysi Husayn ash-Shayx bilan ham uchrashdi.
Ikki tomon «G‘azo sektoridagi vaziyat, ikkinchi bosqichga o‘tish yo‘llari va (Tramp) rejasini amalga oshirish mexanizmlari»ni muhokama qilgan. Tramp rejasiga ko‘ra, oxir-oqibat G‘azo ustidan nazorat Tinchlik kengashidan Falastin ma’muriyatiga o‘tadi.
«Mo‘’tadil va kutilgan shaxs»
53 yoshli Mladenov uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharq siyosati bilan shug‘ullanib keladi va mintaqadagi jarayonlar bo‘yicha mustahkam tajribaga ega.
U Bolgariyaning sobiq mudofaa va tashqi ishlar vaziri bo‘lib, keyinchalik 2013–2015 yillarda BMTning Iroq bo‘yicha maxsus vakili, 2015–2020 yillarda esa BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha tinchlik elchisi bo‘lib ishlagan. U bu lavozimda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi chegaradosh zo‘ravonlikni yumshatishga va muzokaralar g‘oyasini saqlab qolishga yordam bergan.
Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha ekspert va sobiq diplomat Milen Keremedchiyevning AP nashriga aytishicha, Mladenovning tayinlanishi uning tinchlik yo‘lidagi katta hissasi natijasi: u Isroil hamda falastinliklarning ishonchini qozongan.
«Bolgariya uzoq vaqtdan beri mo‘’tadil davlat sifatida qabul qilinadi va ayniqsa keskin bo‘lgan bu mojaroda haddan oshishdan tiyilib kelgan,» dedi Keremedchiyev. U Mladenov tashqi ishlar vaziri bo‘lgan paytda Yaqin Sharq masalasida doimo muvozanatli yondashuvni saqlaganini qo‘shimcha qildi.
«Bu yondashuv arab dunyosi tomonidan ham, Isroil davlati tomonidan ham ijobiy qabul qilingan. Bolgariyaning pozitsiyasi an’anaviy ravishda muvozanatli bo‘lib kelgan va u bu pozitsiyani qat’iy himoya qilgan,» dedi tahlilchi.
Mladenov bilan ishlagan isroillik sobiq diplomat Alon Bar ham u bilan ishlash «alohida zavq» bo‘lganini aytdi. Barning aytishicha, Isroilning BMT bilan murakkab munosabatlari fonida bu lavozim juda qiyin, biroq Mladenov Isroil ishonchini qozona olgan.
Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi tinchlik sa’y-harakatlari uchun 2021 yil fevralida Mladenov Falastin prezidenti tomonidan beriladigan Quddus ordenining Katta yulduzi bilan taqdirlangan.
Hozirda Mladenov BAAda yashaydi va «Anvar Gargash» diplomatik akademiyasiga rahbarlik qiladi.
Mavzuga oid
09:25 / 02.04.2026
Isroil “Hizbulloh”ning “Janubiy front” qo‘mondonini o‘ldirdi
08:33 / 01.04.2026
Tramp: AQSh Eron bo‘yicha maqsadiga yetdi, hujumlar tez orada to‘xtaydi
17:00 / 31.03.2026
Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi
08:37 / 30.03.2026