O‘yinlar ichidagi “Prezident sovg‘asi” - vazirlikning 13,5 mlrd so‘mga qimmat shubhali xaridi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Ta’minot va logistika xizmati” DUK o‘quv qurollari xaridi uchun 12 ta tender o‘tkazdi. Ularning 4 tasini yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma, bittasini faoliyat turi avtomashinalarni yuvish bo‘lgan firma yutib olgan. G‘olib firmalar bilan milliardlab so‘m qimmat narxlarda shartnoma imzolangan. Bu korrupsion sxema bo‘lishi mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Ta’minot va logistika xizmati” DUK yangi o‘quv yili uchun o‘quv qurollari xarid qilish maqsadida 12 ta tender o‘tkazdi.
Bu o‘quv qurollari katta ehtimol bilan “Prezident sovg‘asi” sifatida 1-sinf o‘quvchilariga taqdim etiladi.
Ochiq manbalardagi ayrim faktlar mazkur tenderlarning adolatli o‘tganini shubha ostiga qo‘yadi.
Jumladan, tenderlarning ba’zilarini belgilangan tovar uchun arzon narx taklif qilgan firma qolib, faoliyat turi mutlaqo boshqa bo‘lgan firma juda katta farqdagi qimmat narx bilan yutib ketgan.
1-holat. Qariyb 2,7 mlrd so‘m zarar
3 ta mahsulot – 796 224 dona ruchka, 748 776 dona kley hamda 1 481 672 dona o‘chirg‘ich uchun 5 mlrd 441 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tanlov e’lon qilingan. Tanlovda “Maishiy Xamroh” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan 5 mlrd 329 mln so‘mga shartnoma tuzilgan.
Ammo tanlovda qatnashgan “Deli Torg” firmasi bu mahsulotlarni 2 mlrd 638 mln so‘mga yetkazib berishni taklif qilgan. Jumladan, “Deli Torg” firmasi 1 dona o‘chirg‘ichni 550 so‘mdan (tenderdagi boshlang‘ich narx 1000 so‘m), kleyni 1850 so‘mdan (tenderdagi boshlang‘ich narx 4300 so‘m), ruchkani 550 so‘mdan (tenderdagi boshlang‘ich narx 930 so‘m) yetkazib berishini bildirgan.
1 dona o‘chirg‘ichni 980 so‘mdan, ruchkani 911 so‘mdan hamda kleyni 4210 so‘mdan taklif qilgan “Maishiy Xamroh” MChJ tender g‘olibi bo‘lgan. Summalar o‘rtasidagi farq qariyb 2,7 mlrd so‘m. Ya’ni buyurtmachi negadir tenderga qo‘yilgan tovarlarni 2,7 mlrd so‘m qimmat narxda xarid qilishga qaror qilgan.
Reyestrga ko‘ra, “Maishiy Xamroh” MChJ avtomobillarni yuvish, sayqallash va shu kabi faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Namangan shahrida ro‘yxatdan o‘tgan korxona rahbari va ta’sischisi – Ahmedov Nuriddin Rivojiddinovich.
2-holat. Qariyb 2 mlrd so‘m zarar
740 250 dona rangli va 1 497 506 dona qora qalam uchun 8 mlrd 159 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tanlov e’lon qilingan. Mazkur tanlovda “Promo Gifs” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan 8 mlrd 47 mln so‘mga shartnoma imzolangan.
Tanlovda “Deli Torg” firmasi bu mahsulotlarni 6 mlrd 49 mln so‘mga yetkazib berishni taklif qilgan. “Deli Torg” 1 dona oddiy qalamni 550 so‘mdan (g‘olib firma 950 so‘m), 1 to‘plam rangli qalamni esa 7050 so‘mdan (g‘olib firma 8950 so‘m) yetkazib berishini bildirgan.
O‘rtadagi farq qariyb 2 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Promo Gifs Toshkent shahri Shayxontohur tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, “boshqa maishiy tovarlar ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi. Asosiy ta’sischisi – Aliyev Nodirxon Bahodirovich.
3-holat. 850 mln so‘m zarar
748 776 dona akvarel bo‘yog‘i uchun 6 mlrd 786 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tanlov e’lon qilingan. Mazkur tanlovda “Gos Les” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan 6 mlrd 712 mln so‘mga shartnoma tuzilgan.
Tanlovda qatnashgan “Signum” MChJ bu miqdordagi akvarel bo‘yog‘ini 7825 so‘mdan, jami 5 mlrd 859 mln so‘mga yetkazib berishni taklif qilgan. O‘rtadagi farq 850 mln so‘mdan ortiq.
Reyestrga ko‘ra, Namangan shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Gos Les” MChJ yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Ta’sischisi va rahbari – Madrahimov Murodjon Zabihullo o‘g‘li.
4-holat. 6,2 mlrd so‘m zarar
740 250 dona plastilin uchun 11 mlrd 103 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tanlov e’lon qilingan. Mazkur tanlovda ham “Gos Les” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan 10 mlrd 848 mln so‘mga shartnoma imzolangan.
“Signum” MChJ esa 740 250 dona plastilinning donasini 6226 so‘mdan (g‘olib firma 14655 so‘m), jami 4 mlrd 608 mln so‘mga yetkazib berishini ma’lum qilgan.
O‘rtadagi farq 6 mlrd 240 ming so‘mni tashkil qiladi.
“Gos Les” MChJ bulardan tashqari 149 755 dona o‘quvchi sumkasi uchun 15 mlrd 200 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan e’lon qilingan 2 ta bir xil tenderda 14 mlrd 900 mln so‘m taklif bilan g‘olib bo‘lgan. Mazkur MChJ umumiy summasi 138 mlrd 489 mln so‘m bo‘lgan 12 lotning jami 48,2 mlrd so‘mlik 4 tasida yutgan.
Gap respublika budjetining milliardlab mablag‘i haqida borar ekan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yuqoridagi holatlarga jiddiy e’tibor qaratishi zarur. Chunki yuqoridagi 4 ta holatning o‘zida jami 13,5 mlrd so‘m qimmat narx taklif qilgan MChJlar g‘olib bo‘lgan va ular bilan shartnomalar tuzilganini ko‘rish mumkin.
Bu shubhali davlat xaridlariga oydinlik kiritishni so‘rab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yo‘llandi. Ammo barcha savollar javobsiz qoldirildi. Izoh berishdan qochish esa shubhalarni karrasiga oshiribgina qolmasdan, oldi-berdilarda korrupsiyaviy elementlar borligini ham tasdiqlamoqda, go‘yo.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
16:00 / 11.11.2024
Xavotir bilan boshlangan xayrli ish – Farg‘onadagi maktab olma bog‘idan yaxshigina daromad olyapti
15:42 / 28.10.2024
O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
19:45 / 09.10.2024