Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Maduro mutlaqo yolg‘iz qoldi». Venesuelani eng kuchli ittifoqchilari tashlab ketdimi?
Bugungi kunda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro atrofiga qarab, o‘zining haqiqiy do‘stlarini topa olmaydi. Uning ikki asosiy ittifoqchisi – Xitoy va Rossiyaning qo‘llab-quvvatlovi bir paytlar qanchalik mustahkam bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, endi tobora zaiflashib bormoqda.
Foto: Getty Images
Ko‘p yillar mobaynida bu ikki mamlakat Venesueladagi sotsialistik hukumatni siyosiy, moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keldi. Bunday munosabatlar sobiq prezident Ugo Chaves davrida boshlangan va uning shogirdi Maduro davrida davom ettirilgandi.
Ammo ekspertlar fikricha, endi bu qo‘llov asosan ramziy xarakterga ega hamda muayyan harbiy yoki moliyaviy yordam bilan emas, balki quruq bayonotlar bilan ifodalanmoqda.
Bu o‘zgarish AQSh Karib havzasida harbiy-havo va dengiz kuchlarini, jumladan, atom suvosti kemasi, razvedka samolyotlari va 15 mingga yaqin askarini joylashtirishi va AQSh prezidenti Donald Tramp bir tomonlama ravishda Venesuela havo hududini «to‘liq yopiq» deb e’lon qilishidan keyin sodir bo‘ldi.
Tramp bu narkotrafikka qarshi operatsiya ekanini ta’kidlamoqda, biroq ko‘plab ekspertlar, xuddi Maduroning o‘zi kabi, Vashingtonning asl maqsadi rejimni o‘zgartirish deb hisoblaydi.
Venesuela prezidenti uchun bu qiyin davrda nimalar o‘zgardi?
Kuchli ittifoqchilar
Chaves 1999 yilda hokimiyatga kelgach, ko‘p qutbli dunyo yaratish va AQSh ta’siriga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlari doirasida Xitoy va Rossiya bilan strategik ittifoq tuzishni boshlagandi.
Bu aloqalar 2019 yilda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi, chunki o‘shanda soxtalashtirish ayblovlari bilan buzilgan saylovlardan so‘ng Maduroning legitimligi xavf ostida qolgandi. Pekin ham, Moskva ham o‘zini muvaqqat prezident deb e’lon qilgan muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoni tan olishdan bosh tortdi va rejimni iqtisodiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirdi.
Hozirda, Maduro yangi va undan ham jiddiyroq inqirozga duch kelganida esa, Xitoy ham, Rossiya ham unga muayyan yordam ko‘rsatmayapti.
Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyi oxirida Venesuela rahbari ikkala davlatga ham harbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Jurnalistlar AQSh hukumatining ichki hujjatlariga tayanib ma’lum qilishicha, Venesuela Rossiyadan qiruvchi samolyotlarni ta’mirlash, radar tizimlarini modernizatsiya qilish va raketalar sotib olishda yordam so‘ragan.
Ammo shu paytgacha Moskva hech qanday moddiy yordam ko‘rsatmadi, faqat bayonot berish bilan cheklandi.
Rossiyadagi TASS davlat agentligi yozishicha, noyabr oyi boshida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Venesuela bilan «doimiy ishchi aloqalar»ni qo‘llab-quvvatlashini aytgan, biroq boshqa izoh berishdan bosh tortgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa matbuot brifingida «har qanday keskinlashuv yanada kattaroq muammolarga olib kelishi»haqida gapirdi.
Keyinroq TASS agentligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkovning Rossiya Venesuela bilan «yelkama-yelka» turganini aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirildi.
«Biz Venesuelani ko‘plab sohalarda qo‘llab-quvvatlaymiz, xuddi u bizni qo‘llab-quvvatlagandek», – dedi u va Tramp ma’muriyatini inqirozning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Bu bayonotlar Moskvaning 2018 yildagi harakatlariga mos kelmaydi: o‘shanda AQSh Maduro hukumati nazorati ostidagi Milliy saylov kengashi tomonidan e’lon qilingan saylov natijalarini tan olmaganidan so‘ng, Rossiya o‘z kuchini namoyish etish uchun Venesuelaga 100 dan ortiq uchuvchi va harbiy xizmatchilarni, shuningdek, yadro quroliga ega bo‘lgan ikkita Tu-160 bombardimonchi samolyotini yuborgandi.
Xitoy-chi?
Washington Post nashri yozishicha, Maduro XXR raisi Si Jinpingga «AQSh va Venesuela o‘rtasidagi keskinlashuv»ga qarshi turish uchun «harbiy hamkorlikni kengaytirish» iltimosi bilan maktub yo‘llagan.
U Pekindan radiolokatsiya tizimlarini ishlab chiqarish va Venesuelaga yetkazib berishni tezlashtirishni so‘ragan.
Xitoy pullari bir paytlar Venesuela taraqqiyotida markaziy rol o‘ynagan: Xitoy-Lotin Amerikasi moliyaviy ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2005 yildan 2022 yilgacha ushbu mamlakat Lotin Amerikasining Xitoydan eng ko‘p kredit oluvchi davlati bo‘lgan.
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Amerika kengashi baholariga ko‘ra, bu davrda Karakas 60 milliard dollargacha mablag‘ olgan – bu Xitoyning mintaqaga bergan umumiy kreditlarining 40 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.
O‘z navbatida, Xitoy Venesuela neftining asosiy xaridoriga aylangan.
Ammo Moskva singari Pekin ham Venesuelani harbiy vositalar bilan himoya qilishga tayyorligini namoyish etmadi, buning o‘rniga, «tashqi aralashuv»ni qoraladi va Lotin Amerikasi «tinchlik zonasi» bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlab, vazminlikka chaqirdi.
Prioritetlarni o‘zgartirish
Chilidagi Andres Bello universiteti Xitoy tadqiqotlari markazi direktori, professor Fernando Reyyes Mattaning ta’kidlashicha, Venesuela Pekin va Moskvaning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatidan tushib qolgan, bu ayniqsa Tramp Oq uyga qaytganidan keyin yaqqol ko‘rinmoqda.
«Bugungi kunda o‘zlarining boshqa muammolari, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Xitoyning xalqaro maydonni Tramp bilan bo‘lishib turishga urinishlari hisobga olinsa, na Rossiyada va na Xitoyda Venesuela himoyasi uchun va-bankka borishga sabab yo‘q», –deydi u.
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Moskva bu mojaroga katta resurslarni yo‘naltirdi, bu esa moliyaviy va harbiy sohalarda sezilarli og‘irlik tushirdi. Bundan tashqari, mamlakat G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan.
Natijada ilgari Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ittifoqchilarda resurslar kam qoldi, deydi Kolumbiyadagi Isesi universiteti Siyosat va xalqaro munosabatlar laboratoriyasi direktori, professor Vladimir Ruvinski.
Oldinroq Moskvaning Yaqin Sharqdagi eski ittifoqchilari Suriya va Eron ham xuddi shunday muammoga duch kelgandi.
«Rossiya oldingidan ham kattaroq sanksiyalarga duchor bo‘lishdan, Xitoy esa Maduroni himoya qilgani uchun yangi tariflarga duchor bo‘lishdan cho‘chib, ortiq tavakkalchilik qilmaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Ekspertlar Xitoy uchun Maduroni himoya qilish qo‘shimcha xavf tug‘dirishini ham aytishmoqda, bu Pekin va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi diplomatik yutuqlarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin, shu bilan birga, mafkuraviy yaqinlashuvdan boshqa hech qanday foyda keltirmaydi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar Tramp bir necha mamlakat tovarlariga bojlar kiritganidan beri keskinligicha qolmoqda. Biroq oktyabr oyi oxirida Janubiy Koreyada Tramp va Si o‘rtasida bo‘lib o‘tgan va har ikki tomon ijobiy deb baholagan uchrashuv yangi kelishuvlarga yo‘l ochdi.
Jesus Vargas/Getty Images
Keyinchalik AQSh Xitoyning ba’zi mahsulotlariga bojlarni 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirishga rozi bo‘ldi, ammo boshqa bojlarning aksariyati hali ham o‘z kuchida qolmoqda.
Ekspertlar fikricha, Venesueladagi iqtisodiy kollaps va uning neft sanoati qulashi Xitoyning qo‘llab-quvvatlovini yanada zaiflashtirdi. So‘nggi yillarda Pekin yangi kreditlar hajmini kamaytirdi va hozirda asosan o‘tgan kreditlar uchun to‘lov undirish bilan band.
«Menimcha, Xitoy oxir-oqibat Maduro o‘rniga keladigan har qanday hukumat bilan muzokaralar olib borishga tayyor va hozirda Maduroni qizg‘in qo‘llab-quvvatlash rejim qulaganida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi», – dedi professor Ruvinski.
«Maduro yolg‘iz qoldi»
Ikkala ekspert ham yana bir omilga – Venesueladagi ichki vaziyatga ishora qilmoqda.
«O‘ylaymanki, bu ikki davlatdan birortasi ham ichki qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmagan rejimni qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas. Bundan tashqari, Rossiya ham, Xitoy ham so‘nggi prezidentlik saylovlari natijalari soxtalashtirilganidan xabardor», – deydi professor Reyyes Matta.
2024 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar soxtalashtirish bo‘yicha jiddiy ayblovlar bilan birga kechdi. Hukumat ittifoqchilari ustunlik qiladigan Milliy saylov kengashi Maduroni g‘olib deb e’lon qildi, ammo avvalgi saylovlardan farqli o‘laroq, batafsil natijalar taqdim etilmadi.
Nobel mukofoti sovrindori Mariya Korina Machado boshchiligidagi muxolifat aslida muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales g‘alaba qozonganini ko‘rsatuvchi saylov protokollarini e’lon qilgan.
«Bu safar Maduro butunlay yolg‘iz qoldi», – deydi professor Ruvinski. Uning fikricha, Maduroning vaqti tugayapti: «Rossiya va Xitoy AQShning aralashuvini tanqid qilishda davom etishi mumkin, ammo ular bundan nariga o‘tishga tayyor emas. Unda o‘tmishda bo‘lgan qo‘llab-quvvatlov endi ba’zi ritorik bayonotlarni hisobga olmaganda, amalda mavjud emas».
Mavzuga oid
19:42
Tayvan - Xitoy biqinidagi «porox bochkasi»
13:56
Xitoy Tayvan atrofida mashg‘ulot boshladi: harbiylar orolni blokada qilishni sinovdan o‘tkazadi
09:51
Tayvan bo‘g‘ozi atrofida keskinlik: Xitoy apreldan beri ilk yirik mashqni o‘tkazadi
19:11 / 28.12.2025