O‘zbekiston | 18:44 / 15.01.2021
13733
3 daqiqa o‘qiladi

Kozim To‘laganov: 700ta noqonuniy qurilishni tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tkazmayapti

2020 yilda respublika bo‘ylab 2000dan ortiq noqonuniy qurilishlar bo‘layotgani aniqlangan bo‘lsa, turli ma'muriy bosimlar vositasida ularning 1300tasi qurilishni ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Qolgan 700tasini har qanaqasiga ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni bo‘lmayapti.

«1500 dan ortiq bajarish majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Agar ular o‘z muddatida bajarilmasa, obekt (qurilishi)ni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq yuboriladi. Shu asosda sudga shikoyat kiritiladi. 2020 yilda 1022ta tartibbuzarliklar masalasi bo‘yicha hujjatlar sudga oshirilgan.

Investitsiya dasturlari bo‘yicha jami 80,0 mlrd.so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmi vaqtinchalik qayta bajarilgunga qadar buyurtmachi hisobotidan chegirib qolindi. Bu ishlar amalga oshirilgunga qadar ularning hisobraqamlari muzlatib qo‘yildi. Ular ishni bajargach, hisobraqamlari ochildi», - deya ma'lumot berdi Kozim To‘laganov.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, 2020 yilda respublikaning barcha tumanlariga noqonuniy qurilishlar bo‘yicha so‘rovnomalar yuborilgan. Dastlab 300tadan boshlangan raqamlar nihoyaga borganda 2000tani tashkil etgan.

Kozim To‘laganov

«Bultur barcha tumanlarni tekshirtirganimizda noqonuniy qurilishlar soni 2000ga yaqin edi. Ularning barchasi tadbirkorlarning obektlari edi. Aslida, ular bizlarga (Qurilish vazirligiga-tahr.) chiqishi kerak, qurilish boshlaganini ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab.

Aksincha, har biriga biz xat chiqardik, obektni qurishni boshlabsan, ro‘yxatdan o‘tkaz, mazmunida. 300ga yaqin xat prokuratura orqali chiqarildi. 300dan ziyodini hokimiyatlar orqali chiqarishga majbur bo‘ldik. Shu ishlar natijasida o‘sha 2000tadan 1300tasi ro‘yxatdan o‘tdi. 700tasining masalasini oxiriga yetkaza olmayapmiz», - dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari.

Umuman, vazirlik Axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida nazorat inspeksiyalari tomonidan 2020 yil yakuni bo‘yicha jami 59 861ta obektda (shundan Davlat dasturlari asosida qurilayotgan 49 747ta va 10 114ta tadbirkorlik obektlarida) qurilish-montaj ishlari nazoratga olingan va 12 oy davomida 46 766tasi ro‘yxatdan o‘tgan.

Hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan mazkur obektlarda jami 58 613 marotaba nazorat ishlari amalga oshirilgan. Obektlar qurilishida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan jami 14 893ta yozma ko‘rsatmalar (shundan, 7915 ta pudratchiga, 5070 ta buyurtmachiga va 1908 ta loyiha tashkilotlariga) berilgan.

“Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 99-moddasi bo‘yicha 1022 ta (shundan: 457 ta pudratchi, 472 ta buyurtmachi va 93 ta loyiha tashkilotlari) mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy hujjatlar to‘plami tayyorlanib, tegishliligi bo‘yicha ma'muriy sudlarga yuborilgan. 

Mavzuga oid