Jahon | 13:30 / 13.04.2026
7056
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh chekinsa, Isroil yadroviy variantni tanlaydimi?

Siyosatshunoslarga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasida kelishuvga erishilsa, mintaqadagi kuchlar muvozanati keskin o‘zgaradi. Bunday vaziyatda Isroil strategik jihatdan yolg‘iz qolib, Eron bilan qarama-qarshilikda ancha murakkab holatga tushadi. Aynan shunday sharoitda eng xavfli ssenariy — yadroviy quroldan foydalanish ehtimoli ham tilga olinmoqda. Mutaxassislar buni ehtimoldan xoli emas deb baholamoqda. Bu esa butun mintaqa uchun og‘ir va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritadi.

AQSh-Eron bilan kelishuvga erishsa, Isroil harbiy harakatlarni yolg‘iz amalga oshiradimi?

Shavkat Ikromov: Urush boshida ayrim davlatlar — jumladan, Turkiya, Pokiston, Ozarboyjon va Misr kabi davlatlar Eronga nisbatan e’tirozlar bildira boshladi. Ayrim arab davlatlari Eronning AQSh harbiy bazalariga bergan zarbalari o‘z hududlariga ham xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. Ekspertlar esa bu holatni Eronning agressiv siyosati sifatida baholadi.

Vaziyat rivojlanib borgani sari, ayniqsa so‘nggi voqealar fonida, muhim savol paydo bo‘ldi: Saudiya Arabistoni haqiqatan ham Eronga nisbatan samimiy munosabatdami?! U urush tugashini va mintaqada tinchlik o‘rnatilishini xohlayaptimi yoki Eron masalasini keskin tarzda hal qilish tarafdorimi?!

Bu savol bejiz paydo bo‘lgani yo‘q. 2025 yilda Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida mudofaa sohasida kelishuv imzolangan edi. Aslida, Pokiston uzoq yillardan beri Saudiya Arabistonini harbiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi: armiyani modernizatsiya qilishda ishtirok etadi, kadrlar tayyorlashda yordam beradi. Shunday sharoitda, muzokaralar uchun imkoniyat paydo bo‘layotgan bir paytda, Eronni norozi qilishi aniq bo‘lgan qadam tashlandi. Pokistondan Saudiya Arabistoniga qurol-yarog‘ yetkazib berildi.

Bu, ayniqsa, mudofaa tizimlari va raketa texnologiyalariga taalluqli bo‘lib, Eron tomonidan salbiy qabul qilinishi tabiiy edi. Yevropa nashrlari ham bu holatni savol ostiga qo‘ymoqda: bu harakat muzokaralarga xalaqit berish uchun qilindimi yoki oddiygina mavjud shartnomalar ijrosimi? Afsuski, ayrim signallar bu jarayonlarga to‘sqinlik qilish ehtimolini kuchaytiradi.

Bugungi kunda ko‘plab tahlillar shuni ko‘rsatadiki, AQSh yaqin kelajakda chekinishga majbur bo‘lishi mumkin. Chunki quruqlikdagi keng ko‘lamli operatsiya ehtimoli past, uning oqibatlari juda og‘ir bo‘lishi mumkin. Agar AQSh ichki siyosiy omillar, jumladan saylov jarayonlari sabab chekinsa va Isroilni yolg‘iz qoldirsa, Isroilning imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. U asosan ramziy yoki cheklangan harbiy amaliyotlar bilan kifoyalanishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim harbiy ekspertlar xavotirli prognozlarni ham ilgari surmoqda: Isroil o‘z xavfsizligini ta’minlash va mintaqadagi pozitsiyasini saqlab qolish uchun taktik yadro qurollaridan foydalanish ehtimoli istisno etilmayapti (Isroil o‘zida yadro quroliga ega ekanligini rasman tan olmagan). Albatta bu eng yomon ssenariy hisoblanadi.

Umuman olganda, hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, AQShsiz Isroilning harbiy salohiyati uzoq muddatli urush uchun yetarli emas. Bunday sharoitda Eron uchun kuchlar muvozanati nisbatan tenglashadi va Isroil jiddiy ustunlikka ega bo‘lmaydi. Shu sababli ekspertlar Isroilni keskin qarorlardan, xususan yadro qurollaridan foydalanishdan tiyish uchun xalqaro bosim zarurligini ta’kidlashmoqda.

Shuhrat Rasul: Bu mojaro qisqa muddatli bo‘lmaydi. Aksincha, u uzoqqa cho‘ziladigan va epizodik xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Tomonlar to‘liq kelishuvga erishmasdan, vaqti-vaqti bilan bir-biriga raketa zarbalari berib, qarama-qarshilikni davom ettirishi ehtimoli yuqori.

Eronning arab monarxiyalariga nisbatan harakatlari nafaqat ekspertlar, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham baholangan. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi va Ko‘rfaz hamda unga qo‘shni davlatlarning pozitsiyasi bu holatni ochiq agressiya sifatida baholagan. Pokiston va Misrni ham o‘z ichiga olgan 12 ta musulmon davlati bu harakatlarni sharsiz agressiya deb atagan.

Bu yerda gap faqat harbiy bazalar haqida ketmayapti.

Ommaviy axborot vositalarida ham ko‘rsatilayotganidek, zarbalar neft va gaz infratuzilmasiga ham yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, Eron tomoni agar hujumlar davom etsa, Ko‘rfaz hududidagi 12 ta ko‘prikka zarba berishi mumkinligini ochiq bayon qilgan. Mazkur ko‘priklar va boshqa obektlar, jumladan gaz omborlari va gazni suyultirish zavodlari fuqarolik infratuzilmasi hisoblanadi. Bu obektlar asosan arab monarxiyalariga tegishli bo‘lib, iqtisodiy tizim uchun muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli Eron zarbalari faqat harbiy emas, balki fuqarolik va iqtisodiy obektlarga ham qaratilayotgani ta’kidlanmoqda. Bu esa nafaqat qo‘shni davlatlar, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham alohida rezolyutsiya darajasida muhokama qilingan.

To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid