O‘zbekiston | 23:40 / 19.10.2023
46190
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi portlashdan so‘ng 4 kishi qamoqqa olindi - hukumat komissiyasi 

Yong‘in hududidagi omborxonada katta miqdordagi kimyoviy moddalar va qurilish materiallari noqonuniy saqlangani aniqlangan. Umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

28 sentabr kuni Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan Interlogistics MChJ hududidagi omborxonada sodir bo‘lgan yong‘in va portlash oqibatida ochilgan jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs qamoqqa olindi, 1 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda portlash oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan Hukumat komissiyasi ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va «sendvich» panellardan qurilgan omborda yuz bergan. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan. 

Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda, jumladan, vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gulqog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlangan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan. 

Hodisa sodir bo‘lgan omborxona hududida 12 ta ijarachi kompaniyaning katta miqdordagi turli xil nomenklaturadagi tovarlari saqlangan. 

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 4 nafar shaxs qamoqqa olingan, 1 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Qayd qilinishicha, favqulodda vaziyat oqibatida jabrlanganlar soni 163 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Hozir jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklangan. 

Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘pqavatli uydagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning, 1 maktab va 1 bog‘chaning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Hozir ushbu obektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 

Ta’kidlanishicha, kompleks sud ekspertiza, tergov va sud jarayonlari yakunlangach, aniqlangan zarar miqdori aybdor deb topilgan javobgardan qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq undirib olinadi. 

Holat yuzasidan kompleks sud ekspertiza xulosalari va tergov natijalariga ko‘ra yakuniy xulosa qilinadi. 

Mavzuga oid