Jahon | 12:26 / 12.08.2025
12501
10 daqiqa o‘qiladi

Alyaskadagi muzokaralar: Putin nima talab qiladi va Trampga nima kerak?

Ukraina qanday shartlarni ilgari surmoqda? Yevropa qanday pozitsiyada?

Foto: Fermin Torrano / Anadolu / Getty Images

15 avgust, juma kuni Alyaskada AQSh prezidenti Donald Tramp RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. Ular Rossiya-Ukraina urushini yakunlash to‘g‘risida gaplashadi. Quyida ularning muzokaralardagi dastlabki pozitsiyalari, shuningdek, Ukraina va Yevropa davlatlari nimani talab qilayotgani haqida.

Putin nima talab qilmoqda?

G‘arbdagi nashrlarga sizdirilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti quyidagi talablarni ilgari surmoqda.

  • Ukraina Donetsk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi;
  • Shundan so‘ng, Ukrainaning qolgan hududlarida front chizig‘i hozirgi holatida muzlatiladi;
  • Keyin Putin va Tramp yakuniy tinchlik rejasini kelishib oladi;
  • Oxirgi bosqichda reja Zelenskiy bilan muhokama qilinadi.

Shu tariqa, Putin butun Donetsk oblasti evaziga o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishdan boshqa hech qanday majburiyat olmoqchi emas.

Financial Times’ning yozishicha, Putinning Tramp bilan Vladimir Zelenskiy ishtirokisiz uchrashuvining o‘zini Kremlning diplomatik g‘alabasi deb hisoblash mumkin. Nashr bilan suhbatlashgan tahlilchilar fikricha, Putin uchun eng muhimi – Tramp bilan shaxsiy muloqotni davom ettirish. Rossiya prezidenti uning e’tiborini ushlab turishi va sanksiyalar kuchaytirilgan taqdirda Rossiyaga iqtisodiy jihatdan qimmatga tushishi mumkin bo‘lgan noroziligiga yo‘l qo‘ymasligi muhim.

O‘tgan hafta u bunga muvaffaq bo‘ldi – Trampning ultimatumi muddati tugashidan oldin Putin uning elchisi Stiven Uitkoff bilan muzokaralar o‘tkazdi va «yangi muammolar o‘rniga AQSh prezidenti bilan uchrashish uchun Amerikaga 2007 yildan beri birinchi taklifni oldi», deb ta’kidlaydi FT.

Moskva tomoni Putin muzokaralarga qanday shartlar bilan borishi haqida rasman hech qanday izoh bermagan. Rossiya prezidenti bir necha kun oldin jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida o‘z talablari o‘zgarishsiz qolishini takrorlagandi. Ular orasida Rossiyaning Ukrainaning beshta regioni ustidan suverenitetini xalqaro miqyosda tan olish (bular ma’muriy chegaralaridagi Qrim, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari), shuningdek, Ukrainaning NATOga qo‘shilishdan voz kechishi masalalari bor.

Trampga nima kerak?

AQSh prezidentining asosiy maqsadi – o‘zining saylovoldi va’dalarini bajarish uchun har qanday yo‘l bilan o‘t ochishni to‘xtatishga erishishdir va u Putin bilan shaxsiy uchrashuv bunga yordam beradi, deb hisoblaydi.

The Washington Post kolonkasida ta’kidlaganidek, an’anaga ko‘ra, har qanday sammitdan oldin aksariyat detallar quyi darajada ishlab chiqiladi, davlat rahbarlari uchrashuvi esa barcha sa’y-harakatlar natijasidir. Biroq, Tramp boshqacha yo‘l tutmoqda, chunki faqat uning o‘zi muzokaralarda muvaffaqiyat qozonishga qodir deb hisoblaydi.

Nashrdagilar fikricha, Alyaskada Tramp Rossiyani harbiy harakatlar to‘xtatilgandan keyin ham Ukraina ehtimoliy yangi hujumni qaytarish uchun yaxshi qurollangan holatda bo‘lishi kerakligiga ko‘ndirishi mumkin.

Moskvaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi mualliflaridan biri, senator Lindsi Grem ham xuddi shunday pozitsiyani bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning kelajakdagi har qanday kelishuvdagi asosiy maqsadi Rossiya endi hech qachon Ukrainaga hujum qila olmasligiga kafolat olish bo‘ladi.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens yakshanba kuni Trampning asosiy vazifasi Putin va Zelenskiyni «bir joyga olib kelish» va oxir-oqibat tinchlikka erishish ekanini aytdi. Vensning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning maqsadi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun pul sarflashni to‘xtatish va urushni hozirgi front chizig‘ida to‘xtatishdir. Shu bilan birga, Tramp sammit muvaffaqiyatiga shubha qilmoqda – biroq «muzokaralarga imkoniyat berish kerak deb hisoblamoqda», dedi Vens.

Oq uydagi manbalar Trampning uchrashuvga rozilik berishining o‘zi Rossiya va AQSh o‘rtasida allaqachon qandaydir kelishuvga erishilganini anglatmasligini ta’kidlaydi. Politico nashri yozishicha, Tramp jamoasi Ukraina va Yevropa bilan o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bo‘yicha parda ortidagi maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.

Ukraina qanday shartlarni ilgari surmoqda?

Kiyevdagilar mojaroni hal qilish bo‘yicha har qanday qarorni Ukraina ishtirokisiz qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda.

«Ukrainasiz qabul qilingan har qanday qaror – bu bir vaqtning o‘zida tinchlikka qarshi qaror hamdir. Bunday qarorlar hech narsa berishmaydi. Bu o‘lik qarorlar, ular hech qachon ishlamaydi», – dedi shanba kuni prezident Volodimir Zelenskiy.

Amerika nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiyning Alyaskadagi muzokaralarda ishtiroki hozircha istisno qilinmayapti, Oq uydagi rasmiylar buni variantlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Vashington Putinning iltimosiga binoan, birinchi navbatda ikkitomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda, ammo Ukraina prezidenti ham Alyaskaga uchishi va «ayrim uchrashuvlar»da ishtirok etishi mumkin. Bu holda Zelenskiy Putin bilan ham yuzma-yuz o‘tirishi imkoniyati ham ko‘rib chiqilayotgani aniq emas.

Sammit o‘tkazilishi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina o‘zining yevropalik ittifoqchilari bilan birgalikda Oq uyga ehtimoliy kelishuv variantini taqdim etdi. The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, u quyidagicha:

  • Birinchi navbatda, o‘t ochishni butunlay to‘xtatish;
  • Hududlarni ayirboshlash faqat o‘zaro asosda (o‘ringa o‘rin) amalga oshirilishi kerak;
  • Agar Ukraina qandaydir hududiy yon berishlarga rozi bo‘lsa, qat’iy xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi, jumladan, NATOga a’zo bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Zelenskiy rasman Ukraina tinchlik kelishuvi evaziga o‘z hududlarini Rossiyaga bermasligini ta’kidlashda davom etmoqda. Shanba kuni u «hududiy masalaga javob» allaqachon Ukraina Konstitutsiyasida qayd etilganini eslatdi, unda hududlarni bo‘lish istisno etilgan. «Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi», – dedi u.

Yevropa mamlakatlari qanday pozitsiyada?

Ular 15 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda qatnasha olmaydi. Hozirda Yevropa Ittifoqi ommaviy bayonotlar orqali Trampga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda va yevropaliklar hech bo‘lmaganda hududiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishini talab qilmoqda.

«Biz har qanday holatda hududiy masalalarni yevropaliklar va ukrainlarni aylanib o‘tgan holda muhokama qilish yoki hal qilishga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Va Amerika hukumati ham buni shunday ko‘radi deb o‘ylayman», – dedi yakshanba kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi: «AQSh va Rossiya o‘rtasidagi har qanday kelishuvga Ukraina va Yevropa Ittifoqi jalb etilishi kerak, chunki bu Ukraina va butun Yevropa xavfsizligi masalasidir».

Yevropa uchun yana bir asosiy masala – kelgusida Ukraina xavfsizligi kafolatlari. «Ukraina armiyasi soniga cheklovlar yo‘qligi va uchinchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi eng ishonchli kafolat bo‘lardi», – dedi Yevropa Ittifoqi rahbariyatidagi ismi oshkor etilmagan manba Financial Times nashriga.

Yakshanba kuni Yevropaning eng yirik davlatlari rahbarlari «Ukrainada tinchlikka yo‘l Ukrainasiz ochilmaydi» degan rasmiy bayonot bilan chiqishdi. Unda aytilishicha, Yevroittifoq Trampning tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ham diplomatik vositalar bilan, ham Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Bu bayonot, tahlilchilarning ta’kidlashicha, Yevropa pozitsiyasining o‘zgarishidan dalolat berishi mumkin. Unda, xususan, birinchi marta «hozirgi to‘qnashuv chizig‘i muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerakligi» haqidagi mazmunni ko‘rish mumkin. Xususan, hududiy o‘zgarishlar ehtimoli istisno etilmaydi. Yevropadagilar tinchlik o‘rnatish shartlari bo‘yicha pozitsiyani ham o‘zgartirgan: agar ilgari Yevropa Ittifoqi o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishni talab qilgan bo‘lsa, endi ular harbiy harakatlar intensivligini «qisqartirish»ning o‘zi yetarli deb hisoblaydi.

Yaqin vaqtlar ichida Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining favqulodda sammiti o‘tkaziladi, unda Yevropa Ittifoqining tinchlik muzokaralaridagi ishtiroki bo‘yicha qo‘shma strategiya ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bloomberg nashri yozishicha, Yevropa davlatlari yetakchilari Tramp Putin bilan uchrashishidan oldin u bilan muzokaralar o‘tkazishga umid qilmoqda.

Mavzuga oid